O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi tizimidagi “Mehribonlik” uylari hamda Bolalar shaharchalarida bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati o`rganildi.
Bugungi kunda Xalq ta`limi vazirligiga qarashli 17 ta “Mehribonlik” uylari va 4 ta Bolalar shaharchalarida 2047 nafar yetim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan voyaga yetmaganlar tarbiyalanmoqda. Аyni paytda Respublikadagi 2047 nafar tarbiyalanuvchidan chin yetimlari soni 316 (15,5%) nafarni tashkil etadi, 506 (24,7%) nafarining otasi yoki onasi bor, 770 (37,6%) nafar bola otalik va onalik huquqidan mahrum etilganlarning farzandlaridir. 235 nafar kam ta`minlangan oila farzandlari “Mehribonlik” uylarida yashamoqda. Ularning otasi ham, onasi ham bor. Bitta bolani “Mehribonlik” uyida tarbiyalash hozirda davlatga bir oyda 2,5 mln so`mga tushmoqda.
Ushbu holatni o`rganilgan barcha “Mehribonlik” va bolalar uylarida ko`rishimiz mumkin. Qashqadaryo viloyatidagi 5-sonli “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilari jami 83 nafar bo`lib, bor yo`g`i 15 nafari chin yetim, 27 nafar kam ta`minlangan oila farzandlari, 4-sonli “Mehribonlik” uyining jami tarbiyalanuvchilari 97 nafar, chin yetimlar 29 nafar, kam ta`minlangan oilaning farzandlari 34 nafar, Farg`ona viloyatidagi 1-sonli “Mehribonlik” uyida jami tarbiyalanuvchilari 153 nafar, chin yetimlar 14 nafar, kam ta`minlangan oilaning farzandlari 20 nafar, 12-sonli “Mehribonlik” uyida jami tarbiyalanuvchilari 139 nafar, chin yetimlar 15 nafar, kam ta`minlangan oilaning farzandlari 6 nafar, yolg`iz ona farzandi 44 nafar, Аndijon viloyat bolalar shaharchasida jami tarbiyalanuvchilari 90 nafar, chin yetimlar 23 nafar, kam ta`minlangan oilaning farzandlari 12 nafar. Buxoro viloyat 32-sonli “Mehribonlik” uylarida 103 nafar bolalar ta`lim tarbiya olishmoqda. Ularning 3 nafari chin yetim, 18 nafarining yo onasi yoki otasi borlar, 46 nafarining ota-onalari ota-onalik huquqidan mahrum qilinganlar, 13 nafari kam ta`minlangan oila bolalari, 6 nafarining ota-onasi ozodlikdan mahrum qilingan, 6 nafar nogiron oila farzandlari, 12 nafari ota-onasi voz kechganlarni tashkil qiladi.
O`zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to`g`risida”gi Qonunning 3-moddasida “etim bola” tushunchasiga tarif berilgan bo`lsada, “Mehribonlik” uylari va bolalar uylarida chin yetim, chala yetim, ijtimoiy yetim, yarim yetim kabi so`zlar bilan yetimlik tushunchasiga o`zlaricha yondashmoqdalar. “Mehribonlik” uyi to`g`risidagi nizomga asosan kam ta`minlangan, ko`p bolali oilalarning bolalari, faqat otasi yoki onasi bor bo`lgan bolalar ushbu oilalarni bir yilgacha muddatda ijtimoiy qo`llab-quvvatlash maqsadida vaqtinchalik qabul qilinishi, ularning bundan keyin “Mehribonlik” uyida bo`lishi tarbiyalanuvchi yashaydigan joy bo`yicha vasiylik va homiylik organining xulosasiga ko`ra tuman (shahar) hokimining qarori bilan hal qilinishi belgilangan. Lekin bunday bolalar yillab muassasalarda hokimlar qarorlari asosida qolib ketmoqda. Yetim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni turar-joy bilan ta`minlash tartibi belgilab berilgan bo`lsa-da, joylarda bu boradagi ahvol qoniqarli emas.
Monitoringlar davomida o`rganilgan “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari 2020 yilning 6 oyi davomida chuqurlashtirilgan tibbiy ko`riklardan o`tkazilmagan va sog`lomlashtirish ishlari olib borilmaganligi aniqlandi. Tarbiyalanuvchilarni SanQvaM talablari bo`yicha ratsional ovqatlantirilishiga yetarli e`tibor berilmayabdi.
Аlbatta, davlatimiz tomonidan bu bolalar doimiy e`tiborda, qo`llab-quvvatlab kelinadi. Prezidentimizning 2019 yil 12 fevraldagi “Etim bolalar va ota-onasining qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorida ijtimoiy yetimlikni yanada kamaytirish, yetim bolalar va ota-onasining qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish, ularning jadal ijtimoiy moslashuvi uchun keng imkoniyatlar yaratish, tarbiya muassasalarining ish faoliyatini yaxshilash, shuningdek, jismonan sog`lom va ma`naviy yetuk avlodni tarbiyalashda oilaning rolini mustahkamlashga doir chora-tadbirlar belgilandi. Ta`kidlash joizki, “Bola huquqlari to`g`risida”gi konventsiyasining talablariga asosan bola oila g`amhurligida o`smoqligi va buni davlat tomonidan ta`minlashda ko`maklashishi lozimligi ko`rsatilgan va O`zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 65-moddasida ushbu norma o`z aksini topgan.
Davlatimiz tomonidan qabul qilingan sohaga dahldor Qonun va qonun osti hujjatlarida bolalarning “Mehribonlik” uylarida tarbiyalanishiga ohirgi chora sifatida qarash lozimligi, yetim va ota ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarning muqobil tarzda joylashtirishning qo`yidagi yo`nalishlaridan samarali foydalanish zarurligi belgilangan.
Birinchidan bolani vasiylik yoki homiylikka berish.
Ikkinchidan bolani farzandlikka berish (Bugungi kunda vasiylik va homiylik organlarida 66 ming bola ro`yxatda turibdi. Shuning 32 ming nafari farzandlikka berilgan).
Uchinchidan bolani oilada yashash va tarbiyalanish huquqini kafolatlash maqsadida patronatga (oila tarbiyasiga) berish.
Jami 33610 nafar yetim va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar vasiylik va homiylik organlari nazoratiga olingan, shundan 12796 (38 %) nafari farzandlikka, 14436 (43%) nafari vasiylikka, 5941 (17,7%) nafari homiylikka, 437 (1,3%) nafari oilaga tarbiyaga (patronatga) berilgan.
So`ngi 5 yilda (2015-2019 yillarda) Respublikamizdagi “Mehribonlik” uylari hamda Bolalar shaharchalarini jami 1112 nafar, 2020 yilda esa 336 nafar tarbiyalanuvchilar bitirgan. 2015-2019 yillardagi bitiruvchilar 100 nafari oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kirgan. 626 nafari ishga joylashtirilgan. Bitiruvchilarning 43 nafari chet davlatlarga ishlash va yashash uchun chiqib ketgan. 01.11.2020 yil holatiga 345 nafar bitiruvchilarning bandligi ta`minlanmagan.
Bolalar oilalarga tegishli, “Mehribonlik” uylariga emas.
Birinchidan, institutlashtirish bolalarning sog`lig`i va rivojlanishi (ruhiy va jismoniy rivojlanishi)ga salbiy ta`sir ko`rsatadi. Bu salbiy ta`sir bolalar muassasalari barcha talablarga javob bergan va yaxshi moliyalashtirilgan taqdirda ham, kuzatilishi mumkin.
Ikkinchidan, tajovuzlar xavfining yuqori ekani.
Ko`pgina tadqiqotlar shuni ko`rsatadiki, “Mehribonlik” uylarida tarbiyalangan barcha yoshdagi bolalar juda ko`p tajavuzlarni boshdan kechirishadi. Jumladan, ular jismoniy va jinsiy zo`ravonlik, g`amxo`rlikning yo`qligi, shuningdek, odam savdosi yoki ekspluatatsiyaning boshqa ko`rinishlaridan aziyat chekish xavfi ostida bo`lishadi.
Bolalar muassasalarida jamiyat ko`zidan panada sodir bo`layotgan holatlar ustidan doimiy nazorat va kuzatuv olib borish deyarli imkonsiz. «Mehribonlik» uylari va bolalar shaharchalari bino hamda hududlarining videokuzatuv kameralari bilan jihozlanishi yuzaki choralar hisoblanadi. Muammoni faqatgina vasiylikning oilaviy shakllari hamda tutingan ota-onalarni qo`llab-quvvatlash xizmatlari yo`li bilan hal etish mumkin.
Uchinchidan, balog`atga yetgandagi muammolar
Institutsionalizatsiya bitiruvchilarga balog`atga yetganidan keyin ham muammolarni keltirib chiqarishda davom etadi. “Mehribonlik” uylari bitiruvchilarining to`satdan katta hayotga o`tishi qiyin kechadi. Ularning ijtimoiy yakkalanib qolishi, uysiz va ishsiz bo`lib qolishi, jinoyatchiga aylanishi, ruhiy salomatligining buzilishi va ular hattoki o`z joniga qasd qilishgacha borishi mumkin.
Ko`plab oilalarda bolalar odatda ovqat tayyorlash, kir yuvish, oziq-ovqat va kiyim-kechaklarni sotib olish va boshqa shu kabi mayda-chuyda ishlarni o`zlari qiladilar va bu borada mustaqil qaror qabul qila oladilar, biroq bolalar uylarida bu kabi ishlarni boshqalar ular uchun qilib berganlari sababli ularda boqimandalik kayfiyati paydo bo`ladi. Mustaqil hayot ko`nikmalari mavjud bo`lmagani natijasida ular jamiyatdagi mustaqil hayotga tayyor bo`lmagan holda chiqariladi.
Turtinchidan, bolalar uylari davlat budjetiga juda qimmatga tushadi.
Ish haqi jamg`armasi, kommunal xizmatlar va bolalar uyining binolarini saqlash xarajatlari. Moliyaviy xarajatlar bir taraf, lekin ma`naviy zararni taqqoslash qiyin.
Bolalar uylari jamiyatga juda qimmatga tushadi, chunki biz yopiq muassasalarda bolalar uylari tarbiyalanuvchilarining ruhiyatini va rivojlanishini buzmoqdamiz.
Аgarda yetimxonalardan asta-sekinlik bilan voz kechilib, «ozod qilingan» insoniy va moliyaviy resurslarni professional vasiylik va homiylikni rivojlantirishga yo`naltirsak, bolalarni oilalarga tarbiyalash uchun joylashtirish orqali byudjetdan soliq to`lovchilarning pullari kamroq sarflangan bo`lardi.
Bolalar uylarini yopish zarurligi haqidagi gap ketganida, birinchi navbatda oilalarning ajralib ketishiga barham beradigan ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish hamda o`z oilalari bilan yashay olmaydigan bolalarga munosib muqobil takliflarni taqdim etish zarur. Ikkinchidan, insoniy va moliyaviy resurslarni qayta yo`naltirgan holda bolalarni bosqichma-bosqich muassasalardan ularning ehtiyojlariga ko`proq mos keladigan vasiylikning oilaviy shakllariga o`tkazish zarur.
Eng asosiysi — yetimlik oqibatlari bilan kurashish emas, balki uning oldini olish, himoyaga muhtoj oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash hamda inklyuziv (uyg`unlashgan) rivojlanishga ko`maklashish zarur.