Vijdon erkinligi – insoniyatning maʼnaviy yuksalishida muhim o‘rin tutgan omillardan sanaladi. Aynan u umumbashariy qadriyatlar, insonning asosiy huquq va erkinliklarining ajralmas qismidir. Zero, inson so‘zdagina emas, amalda oliy qadriyat bo‘lgan, uning huquq va erkinlari esa davlat faoliyatining mazmuni va asosiy vazifasi hisoblangan joydagina maʼnaviy va moddiy farovonlik, tinchlik va totuvlik hukm suradi. Shu jihatdan yangi tahrirda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun aynan jamiyatimiz ravnaqiga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.