Shunisi eʼtiborliki, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririda O‘zbekistonda huquqning ushbu sohasida shu paytgacha maʼlum darajada mavhum bo‘lib kelgan ko‘plab tushunchalarga aniqlik kiritilgan. Qolaversa, unda vijdon erkinligi meʼyorlari aniq ko‘rsatilib, fuqarolarning xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqi belgilandi.
Qonunning asosiy jihatlaridan yana biri - unda diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish tizimi soddalashtirilganidir. Xususan qonunning tegishli moddasida mahalliy diniy tashkilotlar, jumladan, masjidlar va boshqa konfessiyalarning ibodatxonalarini tashkil etish bo‘yicha tashabbuskor fuqarolar soni ikki barobarga kamaytirilib, 50 nafardan kam bo‘lmagan holda etib belgilandi.
Shuningdek, diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi va diniy taʼlim muassasalarini tuzish uchun 100 nafar tashabbuskor bo‘lishi haqidagi talab ham bekor qilindi. Bu bejiz emas. Chunki bugungi kunda diniy tashkilotlar har qanday mamlakat ijtimoiy tuzilmasida o‘ziga xos o‘rin tutadi va ularning davlat bilan munosabati o‘sha davlatdagi fuqarolar eʼtiqodiga nisbatan hurmat darajasi, davlatning kuchli mafkuraga ega nodavlat tuzilmalariga munosabati va boshqa ko‘plab jihatlar haqida fikr yuritish imkonini beradi. O‘z eʼtiqodiga sodiq insonlarni, o‘zi tanlagan din amallariga emin erkin rioya qilgan holda yashashi uchun munosib sharoit yaratish ham aslida inson huquq va erkinliklarining amalda taʼminlanganligini ko‘rsatadi.
Aytish joizki, diniy tashkilotlar siyosiy manfaatlar to‘qnashuvi obyekti bo‘lgani uchun ham doimo davlatning nazorati ostida bo‘ladi. Buni dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida kuzatish mumkin. Baʼzi hollarda diniy ozchiliklar huquqlari buzilishi, bir qator demokratik konstitutsiyaviy tamoyillarga putur yetishi, dunyoqarashga asoslangan tanlov erkinligi cheklanishi, balki ayrim davlatlar va jahon hamjamiyatining globallashuv imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish va uning chaqiriqlariga munosib javob berish imkoniyati qo‘ldan boy berilish holatlari ham uchrab turadi. Shu jihatdan mazkur qonun bilan bunday tuzilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish tizimi soddalashtirilishi, avvalo jamiyatda umuminsoniy qadriyatlarni saqlab qolish, huquq va davlat rivojini jadallashtirishga xizmat qiladi. Qolaversa, endilikda diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq xizmatlar to‘liq elektron shaklda, inson omilisiz amalga oshirilishi belgilandi. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi adliya idoralariga taqdim etiladigan hujjatlar soni keskin qisqardi, ularni ko‘rib chiqishning muddati esa 3 barobarga kamaydi, yaʼni 3 oydan 1 oyga tushirildi. Bu bilan ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etildi.
Aytish joizki, mamlakatimizda din sohasida olib borilayotgan siyosat davlatning dunyoviy xususiyati va uning bag‘rikengligi tamoyillariga asoslanadi. Barcha dinlarga nisbatan bag‘rikeng munosabat, davlatning din bilan sog‘lom va konstruktiv hamkorligi shular jumlasidandir. Buning natijasida mamlakatimizda ko‘pkonfessiyali jamiyat rivojlanmoqda, turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi fuqarolar tinchlik va totuvlikda istiqomat qilmoqdalar. Ayniqsa so‘nggi yillarda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar diniy taʼlimda ham tub o‘zgarishlar yasadi, natijada tizimni takomillashtirishga oid ko‘plab masalalar yechim topmoqda. Shu jihatdan yangi qonunda ham diniy taʼlimning professional maqomi rasman eʼtirof etildi, O‘zbekiston fuqarolarining, dinga bo‘lgan munosabatidan qatʼiy nazar, dunyoviy taʼlim olish huquqi taʼminlanishi qayd etildi.
Shu o‘rinda yaqin tariximizga nazar tashlasak. XX asr oxirida sinchkov kuzatuvchilar din dunyo miqyosida siyosat, madaniyat va iqtisodiyotga qaytayotganini ajablanib qayd etdilar. Asosan maʼnaviyat sohasi, ijtimoiy va oilaviy hayot meʼyorlarida ko‘proq seziladigan bu omilning barcha jarayonlarga taʼsiri oshdi. Hozirda ham biz bu tendensiyaning davom etayotganini ko‘rmoqdamiz. Bunday sharoitda diniy taʼlimning ahamiyati orta boshladi. Chunki har bir dinda insonni taraqqiyotga rag‘batlantiruvchi kuch topish mumkin va shu jihatdan din ahkomlarini to‘g‘ri targ‘ib qilish, ularning mohiyatini asl holatda ommaga yetkazishda aynan diniy taʼlimning o‘rni beqiyos ekanligi ayon bo‘ldi. Ayrim g‘arazgo‘y kuchlar barcha dinlardan niqob sifatida foydalanib, yot g‘oyalar vositasida odamlarni manipulyatsiya qilishlariga yo‘l qo‘ymaslik ham aynan diniy taʼlimning professional maqomi bilan bog‘liq. Demak, diniy taʼlim bilan faqat mutaxassislar shug‘ullanishlari lozim. Har kimning aholini “o‘qitishi” din to‘g‘risida noto‘g‘ri maʼlumotlar tarqalishiga, odamlarda dinga xos muhim masalalar borasida biryoqlama tushunchalar shakllanishiga olib keladi. Buning oqibatida yurtdoshlarimiz orasida diniy masalalarda ziddiyatlar paydo bo‘lishi, fuqarolar, ayniqsa yoshlar yot g‘oya va qarashlar taʼsiriga tushishi mumkin. Shu bois qonunda diniy taʼlim muassasasidan tashqarida diniy taʼlim berish noqonuniy faoliyat sifatida belgilandi. Qolaversa, qonunda, jamiyatda turli yot qarashlarni targ‘ib qilayotgan guruhlarning faoliyati, ular tomonidan tarqatilayotgan buzg‘unchi g‘oyalarning salbiy taʼsiridan aholini himoya qilish maqsadida diniy mazmundagi materiallarni dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasini olgandan keyin tayyorlash, olib kirish va tarqatish belgilab qo‘yildi.
Xulosa o‘rnida aytish kerakki, insoniy jamiyatlar alohida tamaddunlar, yaʼni sivilizatsiyalar negizida, muayyan qadriyatlar tizimi poydevorida tashkil topdi. Ularning barchasida umumiy foyda uchun harakat qilish, ota-onani ulug‘lash, oilaviy rishtalarni mustahkamlash kabi bashariyat uchun umumiy hisoblangan qadriyatlar mavjud. Shu tariqa, dinlar maʼnaviyat va axloq meʼyorlarini belgiladi.
Mazkur qonun davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar takomillashuviga, ijtimoiy taraqqiyotimiz jadallashuviga va pirovardida dinlararo totuvlikka xizmat qiladi. Zero, insonga xos halollik, adolatparvarlik, boshqalarga ozor bermaslik, qonunlarga itoatkorlik kabi eng oliy qadriyatlar aynan diniy manbalardan ildiz olib, rivojlangan. Demak, ushbu poydevor to‘laqonli fuqarolik jamiyatining rivojlanishi, huquq tizimini yana-da takomillashtirishga xizmat qiladi.
Feruza ESHMATOVA, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)