Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga bepul yuridik xizmat ko‘rsatish mexanizmlari mustahkamlandi
Joriy yilning 28-29 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi, “Madad” – muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti hamda USAIDning O‘zbekistondagi sud-huquq islohoti bo‘yicha dasturi bilan hamkorlikda “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga huquqiy xizmatlar ko‘rsatish samaradorligini oshirishda davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik yo‘nalish va mexanizmlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbirni o‘tkazishdan maqsad aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamidan kelib tushgan murojaatlarni tahlil qilish orqali ularning huquq va manfaatlarini kompleks jixatdan himoya qilish mexanizmlarini mustahkamlash, bunda Advokatlar palatasi va huquqiy xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan nodavlat notijorat tashkilotlari bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirishda o‘zaro tajriba almashishdan iborat.

Tadbirda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyati mutaxassislari joriy yilda Ombudsman manziliga kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar tomonidan turar joy maydoni taqdim etish, sudda himoya qilish, ishga joylashtirish, sud qarorlari ijrosi, taʼlim, pensiya taʼminoti, ijtimoiy imtiyoz va nafaqalar, moddiy yordam berish masalalarida murojaatlar kelib tushayotganini qayd etishdi.

Ombudsman vakillarining taʼkidlashicha, mazkur tahlil, o‘z navbatida ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga bepul yuridik xizmat ko‘rsatishning yangi mexanizmlarni ishlab chiqish va fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish masalalarining naqadar dolzarb ekanini ko‘rsatdi. Bu jarayonda Ombudsman, Advokatlar palatasi “Madad” – muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti hamda boshqa NNT yaqin hamkorlikda ishlashi maqsadga muvofiq. Bunda aholiga yuridik maslahat berish bilan cheklanib qolmay, ularga amaliy-huquqiy yordam ko‘rsatish hamda o‘z huquq va majburiyatlarini yaxshi tushunib olishi va uni talab qilishi uchun targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini kuchaytirish kerak bo‘ladi.

Shuningdek tadbirda Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, Advokatlar palatasi raisi, USAIDning “Huquqiy islohotlar” dasturi maslahatchisi ham so‘z olib, fuqarolara kompleks yuridik xizmat ko‘rsatish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda hal etilishi kerak bo‘lgan jixatlar haqida maʼlumot berishdi. Shundan so‘ng, “Madad” – muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti, Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi hamda Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi rahbarlari ham so‘zga chiqib, aholiga huquqiy yordam ko‘rsatish borasidagi faoliyatlari haqida maʼruza qilishdi.

20 ga yaqin fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini qamrab olgan davra suhbatining keyingi qismi Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Advokatlar palatasi, “Madad” – muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti o‘rtasida imzolanishi rejalashtirilgan uch tomonlama hamkorlik memorandumi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda aholiga bepul yuridik xizmat ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirish borasida takliflar ishlab chiqishdi. Muhokamalar jarayonida mazkur memorandum loyihasi yana-da takomiliga yetkazilib, yig‘ilish yakunida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati