Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson huquqlari — oliy qadriyat
Mamlakatimizda inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Xo‘sh, keyingi yillarda “Inson qadri ulug‘” prinsipi asosida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda? Umuman, inson huquqlari hamda erkinliklarini muhofaza qilishning taʼsirli vositasini barpo etish, xalqaro tashkilotlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikni kengaytirish borasidagi ishlardan xalqimiz rozimi?

Shu va boshqa savollar bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatovaga yuzlandik.

 

— Mamlakatimizda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilindi. Ushbu hujjat mazmun-mohiyati va ahamiyatini qanday izohlaysiz? Umuman, bugungi kundagi Milliy strategiya ijrosi hamda yurtimizda inson huquqlari bilan bog‘liq tub islohotlar haqida fikrlaringizni bilmoqchi edik.

— O‘zbekiston Respublikasida barcha teng huquq va majburiyatga ega. Eʼtirof etish joizki, mamlakatimizda insonning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlash O‘zbekistondagi islohotlarning o‘zagi hisoblanadi.

Ayniqsa, inson huquqlarini taʼminlash borasidagi islohotlar bevosita 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi bilan chambarchas bog‘liq.

Mazkur tarixiy hujjat doirasida qonun ustuvorligiga erishish, sud-huquq tizimini takomillashtirish, jazo turlarini liberallashtirish, qiynoqlarning oldini olish, gender tengligini, shuningdek, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, so‘z erkinligini mustahkamlash, qolaversa, insonparvarlik tamoyili asosida yo‘ldan adashganlarga yana bir imkon berish hamda ularni jamiyatga moslashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. 2020 yilda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi qabul qilingani ham inson huquqlarini taʼminlash borasida qo‘yilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Qayd etishim lozimki, Milliy strategiyaning 58-bandida Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha institutsional mexanizmlarni takomillashtirish masalasi belgilangan edi. Ushbu band ijrosiga to‘xtaladigan bo‘lsam, davlat rahbarining 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtirish, qiynoqqa solish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarning tezkor va xolisona ko‘rib chiqilishi hamda aybdor shaxslarning muqarrar javobgarlikka tortilishi mexanizmini takomillashtirish, qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilishini hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini taʼminlash, qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish faoliyatiga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb etish kabi masalalar ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi va Ombudsman huzuridagi milliy preventiv mexanizm (MPM) faoliyati yana-da takomillashtirildi.

Jumladan, Ombudsman huzuridagi ekspert guruhi negizida Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari tashkil qilindi. Ular zimmasiga qiynoqqa solish holatlarini aniqlash hamda ularni tezkor bartaraf etish bo‘yicha talabnomalarni tegishli davlat organiga taqdim qilish, qiynoqqa solish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish kabi vazifalar yuklatildi.

O‘tgan 2021 yil davomida Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 177 marotaba, 2022 yilning birinchi yarim yilligida esa 156 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. Mazkur tashriflar ochiq va shaffof holda yoritib borilyapti.

Qolaversa Milliy strategiyaning 59-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida Ombudsman instituti tomonidan ozodlikdan mahrum qilish joylarida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar huquqlari himoyasining tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish, shu jumladan, penitensiar muassasalar xodimlarini muntazam o‘qitishni tashkil etish, mahkumlar huquqlariga bag‘ishlangan o‘quv qo‘llanmalarini tayyorlash va chop qilish bo‘yicha ishlar ham amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi penitensiar tizimining takomillashtirilishi: qonunchilik va amaliyot” nomli risola nashr etildi. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda penitensiar muassasalar xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan qator seminar-treninglar o‘tkazildi.

Qayd etish lozimki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2021 yil 22 fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida imkoniyati cheklangan shaxslarning o‘z qobiliyatini to‘la ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy kengash tuzish taklifi bildirilgan va O‘zbekistonda alohida ehtiyojga ega bo‘lgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlangan edi.

Milliy strategiyada nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohalarida huquqni qo‘llash amaliyotini yana-da takomillashtirish vazifasi ham belgilangan. 2020 yilning 15 oktyabr kuni mamlakat Prezidenti tomonidan yangi tahrirdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonun imzolandi.

Yurtboshimizning xalqaro tashabbusi doirasida, mamlakatimiz parlamenti tomonidan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya ratifikatsiya qilindi. Bu bilan mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari himoyasi bo‘yicha qonunchilikning ham milliy, ham xalqaro asoslari mustahkamlandi.

Umuman olganda, Milliy strategiyaning ijrosi yuzasidan salmoqli ishlar qilindi. Aytilganlari uning bir qismi, xolos.

 

— Sir emaski, majburiy va bolalar mehnati ko‘p yillardan buyon jiddiy muammo bo‘lib keldi. Bugun esa majburiy va bolalar mehnati to‘liq tugatildi. Ayting-chi, mana shu natijalarga erishish uchun va muammoni bartaraf etishda dastlab nimalarga eʼtibor qaratildi hamda yana nimalarga ahamiyat berilishi kerak, deb hisoblaysiz?

— Aytish joizki, davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi hamda mavjud holatga tizimli yondashuv asosida ko‘rilgan kompleks choralar samarasi o‘laroq mamlakatimizda bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga batamom chek qo‘yildi. Bu jarayonni xalqaro ekspertlar katta qiziqish bilan kuzatib turishdi. Chunki ularning fikricha, Xalqaro mehnat tashkilotiga aʼzo davlatlardan faqatgina O‘zbekiston qisqa muddatda mana shunday yaxshi natijaga erishdi va bunda to‘g‘ri hamda samarali yo‘l tanlandi.

Bu natijaga erishishda katta eʼtibor, avvalambor, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga implementatsiya qilish, uni takomillashtirish, rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganishga qaratildi. Izlanish va tadqiqotlar natijasida o‘tgan 2019 — 2021 yillar davomida milliy qonunchilikni takomillashtirish maqsadida 32 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, Xalqaro mehnat tashkilotining qator konvensiyalari ratifikatsiyadan o‘tkazildi. Qolaversa, qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalash borasida ham samarali natijalarga erishildi, bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirildi, belgilangan maqsadga erishishda barcha davlat idoralari va tashkilotlari jalb etildi hamda ularning faoliyati muvofiqlashtirilib borildi.

Bundan tashqari, bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olish borasida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan samarali hamkorlik qilindi.

Bu jarayonda jamoatchilik nazoratining, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va OAVning ham alohida hissasi borligini qayd etishimiz lozim.

 

— Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) xalq bilan muloqotga kirisha olyaptimi, umuman, fuqarolar murojaatlari bilan qay tartibda ishlanmoqda?

— Ombudsman institutining asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri fuqarolar murojaatlari bilan ishlashdir. Har qanday mamlakatdagi Ombudsman faoliyati samaradorligini bevosita unga yuborilayotgan murojaatlar statistikasi va ularning hal etilishini tahlil qilish orqali o‘rganish mumkin.

Chunki Inson huquqlari bo‘yicha vakilga xalqning ishonchi bo‘lsagina murojaatlar yuboriladi. Shu nuqtai nazardan, “Ombudsman xalq bilan muloqotga kirisha olyaptimi?” degan savolingizga Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar sonining ortib borayotgani nuqtai nazaridan “Ha” deb javob berish mumkin.

Qolaversa, Ombudsman faoliyati bo‘yicha jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida hal etilgan murojaatlar haqidagi xabarlar, rasmiy munosabatlar, Ombudsman tomonidan ko‘tarib chiqilayotgan muammoli masalalar, monitoring tashriflari, sayyor qabullar, fuqarolar qabuli va boshqa yo‘nalishlardagi saʼy-harakatlarimizga oid xabarlar saytimizda va OAVda eʼlon qilib borilishi ham aholining Ombudsman faoliyatidan keng xabardor bo‘lish imkonini bermoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga fuqarolar Ombudsman va uning Kotibiyati xodimlari tomonidan muntazam ravishda haftaning besh kunida (dushanbadan jumagacha) o‘tkazib kelayotgan qabullari orqali murojaat qilishmoqda.

Qolaversa, “Ishonch telefoni”, pochta xizmati, elektron pochta, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi hamda www.pm.gov.uz internet portali orqali ham murojaatlarni qabul qilyapmiz.

Xabaringiz bor, 2021 yil 10 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni bilan Ombudsmanning hududlardagi faoliyati yana-da kuchaytirildi. 2022 yilning 1 yanvaridan buyon Obudsmanning mintaqaviy vakillari doimiy asosda faoliyat yuritmoqda. Bu aholi muammolari va masalalarining bevosita joyida tezkorlik bilan hal etilishiga xizmat qilmoqda. Ombudsman.uz saytimizda hozirda 12 ta hududda faoliyat yuritayotgan Ombudsman mintaqaviy vakillari, qabul kunlari, telefon raqami va manzillari ko‘rsatilgan. Avvallari, Ombudsmanning doimiy asosda ishlaydigan hududlardagi vakillari bo‘lmagani bois murojaatni joyiga chiqib o‘rganish imkoniyati chegaralangan edi.

Hozirgi kunda mintaqaviy vakillarimiz chekka-chekka hududlarga ham borib, sayyor qabullar tashkil etishmoqda, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga monitoring tashriflarini amalga oshirishmoqda, jamoaviy va yakka tartibdagi uchrashuvlar o‘tkazib kelinyapti. Jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari, manzil-koloniyalariga ham “Ombudsman qutilari” o‘rnatilgan bo‘lib, ular orqali mahkum va mahbuslar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ombudsmanga murojaat qilishi mumkin. Chunki bu qutilarni Ombudsman vakilidan boshqa hech kim ocha olmaydi.

Ombudsman nazoratiga olingan murojaatlarning qay tartibda ko‘rib chiqilishiga kelsak, ularni hal etish bo‘yicha tegishli davlat idoralari va tashkilotlarga murojaat qilingandan so‘ng, uning natijasi bo‘yicha bizni xabardor etishadi. Murojaatlar bilan ishlash bo‘limi xodimlari esa maʼlumotni tasdiqlash uchun murojaat muallifi bilan bog‘lanishadi. Baʼzi hollarda sud qarorlarining vaqtida ijro etilmayotgani, hokim qarorlari bajarilmay qolgani kabi holatlar ham uchrab turadi. Shunday hollarda yana tegishli davlat idoralari masʼullariga aloqaga chiqishga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, Ombudsman fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan vazirlik va idoralarga xulosa hamda taqdimnoma, sudlarga fuqarolar manfaatlarini ko‘zlab ariza va daʼvolar kiritish huquqidan ham samarali foydalanib kelmoqda. Murojaatchilardan sud jarayonlarida Ombudsman vakilining ishtirok etishini so‘rab yozilgan arizalar ham ko‘p keladi. O‘tgan yildan boshlab, murojaatlarni Ombudsman ofisiga murojaatchi va tegishli davlat tashkiloti xodimini chaqirib, ko‘rib chiqish amaliyotini ham joriy qilganmiz. Va hozirgi kunda ham murojaatlar bilan ishlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalangan holda aholi uchun qulayliklar yaratish ustida ishlayapmiz.

Shuningdek, murojaatlar tahlili asosida Parlamentga qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar berilmoqda.

Eʼtibor bering, Ombudsmanga yuborilayotgan fuqarolar murojaatlari tahlili aholining mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, ayollar, yoshlar, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga belgilangan huquq va imtiyozlardan bexabar ekanliklarini ko‘rsatdi. Shundan kelib chiqib, Ombudsman instituti tomonidan murojaatlar hududlar kesimida tahlil qilindi va aholining huquqiy xabardorligini oshirishga zarurat bo‘lgan sohalar tanlab olindi.

Shu asosda biz yangi “Ombudsman maktabi” loyihasini yo‘lga qo‘ydik. Bu loyihani amalga oshirishdan maqsad — aholini mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi tub o‘zgarishlar yuzasidan xabardorligini oshirishdan iborat.

 

— Inson huquqlarini taʼminlashda xalqaro amaliyot va milliy tajriba xususida qanday fikrdasiz?

— Mamlakatimizda nafaqat inson huquqlari, balki barcha sohani rivojlantirishda, aholining turmush farovonligini yana-da oshirishda raqamli texnologiyalarni joriy etish, tahlil qilish, o‘rganish, xalqaro standartlar va mamlakatlarning ilg‘or tajribalariga tayaniladi.

Aynan inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi xalqaro amaliyotni o‘rganishda, eng avvalo, O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro hujjatlar va shartnomalar asosida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarning bajarilishi eʼtiborga olinadi.

Xususan, 2002 yil 18 dekabrda BMT Bosh Assambleyasining 57/199-rezolyutsiyasi bilan Qiynoqlar hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi Konvensiyasiga doir Fakultativ protokoli bilan milliy preventiv mexanizm tashkil etilishi nazarda tutilgan. Bu 2019 yilda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzurida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha joriy qilingan.

Qolaversa, ombudsmanlar instituti miqyosida aytadigan bo‘lsam, 2020 yilda Global alyans tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyati Parij prinsiplariga muvofiqligi bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazilgan va unga “V” maqomi berilgan. Hozirga qadar Global alyans xulosalari asosida Ombudsman instituti “A” maqomni olish borasida nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab kelinmoqda.

Rahim ShERQULOV («Xalq so‘zi») suhbatlashdi