Eng muhimi, ushbu ijobiy o‘zgarishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham eʼtirof etilib, qo‘llab-quvvatlanib kelinmoqda. O‘zbekistonning birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashi aʼzoligiga saylangani ham besh yillik islohotlarning amaliy natijasidir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishishi munosabati bilan o‘tkazilgan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida ham ayni jixatlarga to‘xtalib o‘tildi.
Davlat rahbari O‘zbekistonning keyingi besh yillik yo‘li haqida nutq so‘zlar ekan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini ilgari surdi. Ushbu strategiyaning mamlakatimiz rivojlanishining turli sohalarini qamrab olib, “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida qurilgani muhim ahamiyat kasb etadi.
Darhaqiqat, ushbu strategiyaning birinchi yo‘nalishi sifatida erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, inson qadri-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni yangi pog‘onaga ko‘tarish belgilab olindi.
Eʼtiborlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan nutq damillati, tili va dinidan qatʼi nazar, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning, butun xalqimizning farovonligini taʼminlashga xizmat qiladigan “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilishi va shu asosda mahalliy boshqaruv organlarining joylarda muammolarni hal etishdagi roli va masʼuliyatini yana-da kuchaytirilishi, va buning uchun kelgusida davlat funksiyalarining katta qismi markazdan hududlarga o‘tkazilishi taʼkidlandi.
Shu o‘rinda Ombudsmanga kelib tushayotgan murojaatlar tahliliga to‘xtaladigan bo‘lsak, aholi tomonidan ko‘tarilgan masalalarning ko‘pchiligi aynan quyi ijro organlarining eʼtiborsizligi oqibatida kelib tushadi. Ko‘p hollarda ushbu murojaatlar Inson huquqlari bo‘yicha vakilning aralashuvi bilan yuqori organga yuborilgan murojaatidan keyingina hal etilmoqda. Mahalliy boshqaruv organlarining joylarda muammolarni hal etishdagi roli va masʼuliyatini yana-da kuchaytirish orqali esa masalalarning mahalladan chiqmasidan hal etilishiga katta zamin yaratiladi.
Qayd etish lozimki, Davlat rahbarining joriy yil 10 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, Ombudsmanning ham inson huquq va manfaatlarini taʼminlash yo‘lidagi hududlardagi faoliyati yana-da kuchaytiriladi. 2022 yilning 1 yanvaridan Obudsmanning mintaqaviy vakillari doimiy asosda faoliyat yuritib, xalkimizning muammolari va masalalarini bevosita joyida tezkorlik bilan hal etilishiga erishiladi. Qolaversa, fuqarolar vaqt va mablag‘ sarflab poytaxtga Ombudsman qabuliga kelib ovvora bo‘lishlariga ham hojat qolmaydi.
Prezident aytganidek, bundan buyon har bir hudud, soha va tarmoq faoliyatiga ularda fuqarolarning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlari qanday taʼminlanayotganiga qarab baho berilishi esa shubhasiz muammolarning joyida hal etilishi va halqni rozi qilishga sharoit yaratadi.
Shu nuqtai nazardan ham rahbarlar faqat davlatga emas, avvalo, inson va oilaga, ularning qonuniy manfaatlarini taʼminlashga xizmat qilishi kerak.
Taraqqiyot strategiyasi doirasida Oliy Majlis faoliyatini yana-da takomillashtirish, qonun ijodkorligi faoliyatini demokratlashtirish va ularning ijrosini taʼminlashga qaratilgan parlament nazoratini kuchaytirishga ham ustuvorlik berilmoqda.
Qolaversa, parlament tomonidan mamlakatimiz bo‘yicha murojaatlar bilan ishlash holatini nazoratga olish va joylardagi ijro idorasi rahbarlari hisobotini eshitish va uning natijasiga muvofiq, ularga nisbatan taʼsirchan choralar ko‘rish mexanizmining amalga oshirilishi orqali ijro hokimiyati ustidan xalqning ishonchli vakillari hisoblangan senator va deputatlarning nazoratini o‘rnatilishiga erishiladi. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili ham parlament nazorati subyekti sifatida ushbu jarayonda faol ishtirok etib, parlament palatalari bilan hamkorlikni yana-da mustahkamlaydi. Jumladan, hamkorlikda murojaatlar tahlili va o‘tkazilgan monitoring tashriflari orqali mutasaddi tashkilotlar rahbarlarining eshituvlari, sayyor qabullar tashkil etish maqsadga muvofiqdir.
Xulosa o‘rnida, Davlat rahbari taʼkidlaganlaridek, inson huquqlarini himoya qilish uzluksiz davom etadigan jarayon ekanini barchamiz chuqur anglashimiz va bu borada oldimizda xali qiladigan ishlarimiz vazifalarimiz ko‘p ekanini doimo yodda saqlashimiz va shunga qarab intilishimiz zarur.
Feruza ESHMATOVA,
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)