Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida qayd etilganidek, mamlakatimizdagi keng koʻlamli islohotlarning samarasini har bir inson oʻz hayotida his etishi uchun qabul qilinayotgan hujjatlar ijrosini oʻz vaqtida va samarali taʼminlash, jamiyatimizning boshqa sohalari kabi inson huquqlari muhofazasiga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni ham zamon talabidan kelib chiqib tubdan takomillashtirish bugungi kunning muhim talabidir. Bu vazifa Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili - ombudsman zimmasiga ham alohida masʼuliyat yuklaydi.
Aytish kerakki, fuqarolar murojaatlari va shikoyatlarni koʻrib chiqish va ularning buzilgan huquqlarini tiklash, inson huquqlarini kafolatlovchi qonunchilik bazasini mustahkamlash borasida faoliyat yurituvchi ombudsman tuzilmasi mamlakatimiz huquq tizimida alohida oʻrin egalladi.
Boshqa tuzilmalardan farqli oʻlaroq, ombudsman nafaqat qonuniylik, balki samaradorlik, maqsadga muvofiqlik, vijdon va adolat nuqtayi nazaridan faoliyat koʻrsatadi.
Mazkur institut faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga soluvchi “Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi qonun Markaziy Osiyo boʻyicha birinchi boʻlib Oʻzbekistonda qabul qilingan. 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida esa oʻtgan 4 yil davomida ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasi, nufuzli xalqaro tashkilotlarning tavsiya va takliflari asosida parlament ombudsmani vakolatlari yana-da kengaydi.
2015-2020-yillar davomida ombudsmanga 68 197 murojaat kelib tushgan. 2020-yilning oʻzida “Inson huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman) toʻgʻrisida”gi qonunning 14-moddasiga binoan, ombudsman tomonidan inson huquq va erkinliklari sohasidagi aniqlangan qonunchilikni buzish hollarini, ularga xizmat qiluvchi sabab va sharoitlarni bartaraf etish boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga 21 ta taqdimnoma kiritilgan.
Shu va boshqa yoʻnalishlarda bundan buyon ham izchil ishlar davom ettiriladi. Shuning barobarida yangi Oʻzbekiston barpo etish bosqichida oldimizda turgan vazifalarning toʻliq ijrosi diqqat markazimizda boʻladi. Tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish vazifasi shular jumlasidan. Bu masalaga davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida ham alohida urgʻu berildi. Xususan, qiynoqlarning oldini olishda ombudsman vakolatlarini kengaytirish, shuningdek, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurati qayd etildi. Bunda ombudsman tomonidan har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni oʻtash muassasalariga monitoring tashriflari amalga oshirilib, aniqlangan holatlar va muammolar, yechimlari boʻyicha Oliy Majlis palatalariga oʻz maʼruzasini taqdim etib boradi.
Bu juda muhim, zero inson huquq va erkinliklarini poymol etishning eng qoʻpol va kechirib boʻlmaydigan shakli hisoblanadigan qiynoqlar dunyo miqyosida aksariyat qonunlar bilan taqiqlanganki, bu taqiqning buzilishi yuridik jihatdan mutlaqo oqlab boʻlmaydigan holatdir. Shu jihatdan ombudsman huquq-tartibot organlari tomonidan mahkumlar va jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarga nisbatan noqonuniy taʼsir choralari qoʻllanilishi haqidagi shikoyatlarga alohida eʼtibor qaratadi.
Umuman, keyingi 4 yil mobaynida Oʻzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish sohasida koʻplab ibratli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2019-yilda Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil – biznes ombudsman, 2020-yilning fevral oyida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari – Bola huquqlari boʻyicha vakil lavozimi joriy etildi. Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida “Bolalar ombudsmani toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilishning ham vaqti-soati yetgani alohida taʼkidlab oʻtildi. Bu ham ombudsman instituti oldida turgan muhim vazifa boʻlib, uni amalga oshirishda biz, avvalo, milliy qadriyatlarimiz, qolaversa, xalqaro tajribaga tayanamiz.
Mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish tizimi institutsional bazasining kengaytirilishi va mustahkamlanishi ushbu yoʻnalishdagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish yoʻnalishida keyingi yillarda bajarilayotgan ishlarning natijasi boʻldi. Jumladan, Prezidentimizning 2020-yil 22-iyundagi “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilinishi mazkur yoʻnalishda qoʻyilgan yana muhim qadam boʻldi. Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmini yana-da takomillashtirish maqsadida qabul qilingan ushbu muhim hujjatda ham ombudsman faoliyatiga bevosita aloqador vazifalar belgilangan. Jumladan, ombudsman oʻz faoliyati va tajribasidan kelib chiqib, tegishli takliflar kiritgan holda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini, umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar hamda Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarini, shuningdek, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalarining tavsiyalarini hisobga olgan holda qonunchilikni takomillashtirishga oʻz hissasini qoʻshadi.
Shuningdek, Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiyada jinoyatchilikning, ayniqsa, odam savdosi, korrupsiya, qiynoqqa solish, uyushgan va transmilliy jinoyatchilikning oldini olish va bu illatlarga qarshi kurashish, shuningdek, ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlar va mahkumlarni saqlash joylari tizimida odil sudlovga va inson huquqlariga rioya etilishini taʼminlash kabi belgilangan yoʻnalishlar ham bevosita ombudsmanning asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Bu yoʻnalishlarda u samarali va taʼsirchan faoliyat yuritishi mumkin. Chunki u oddiy xalqqa juda yaqin, maqbul hokimiyat resursi hisoblanadi. Xalq dardiga quloq solib, ularning buzilgan huquqlarni tiklash orqali ombudsman instituti fuqarolar va davlat hokimiyati oʻrtasidagi uygʻunlik mustahkamlanishini taʼminlaydi. Shuningdek, u parlamentning ijro hokimiyati, ayniqsa, uning oʻrta va quyi boʻgʻini faoliyati ustidan parlament nazoratining taʼsirchan vositasidir.
Davlatimiz rahbarining parlamentga Murojaatnomasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, shuningdek, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilishga doir davlat siyosatini hayotga faol tatbiq etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻz oldiga qator vazifalarni belgilab oldi.
Murojaatnomada belgilanganidek, ombudsman huzuridagi qiynoqlarning oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizm doirasida vakil jamoatchilik vakillari va OAV bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni ijro etish muassasalariga monitoring tashriflarini amalga oshirib, ularning yakunlari yuzasidan parlamentga hamda boshqa mutasaddi vazirlik va idoralarga tahliliy maʼlumotlar taqdim etib boradi. Bundan tashqari, aholidan kelib tushgan murojaatlarning tahlili hamda mintaqaviy vakillarning axborotiga asoslangan holda inson huquq va erkinliklari buzilishiga olib keluvchi omillar, sabab va shart-sharoitlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni parlament palatalariga taqdim qilib borish va koʻrsatilgan masalalar yuzasidan qoʻmitalar, fraksiyalarda va komissiyalarda masʼul idora va tashkilot vakillarining eshituvini tashkil etish amaliyotini rivojlantirish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, vakil nomiga kelib tushgan murojaatlarning hududlar kesimidagi tahlili asosida deputat va senatorlar, qolaversa, ijro organlari vakillari bilan birgalikda sayyor qabullar tashkil etib, muammolarni joyida hal etish amaliyoti kuchaytiriladi. Eng muhimi, aholining murojaatlari bilan ishlashda natijadorlikka, har bir murojaat yechimi topilishiga asosiy eʼtibor qaratiladi.
Xulosa qilib aytganda, ombudsman instituti bugungi kun talabi asosida ishlashi uchun bor kuch va imkoniyatlar safarbar etiladi. Xususan, murojaatlar bilan ishlash jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jalb etilib, ariza va shikoyatlarni ijobiy hal etish, buzilgan huquqlarni tiklashda parlament, NNT va OAV bilan hamkorlikda samarali jamoatchilik nazorati yuritiladi. Murojaatlarni oʻrganish davomida inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlarni bajarish yuzasidan qonun hujjatlarni takomillashtirish, xalqaro tashkilotlarning inson huquqlari sohasidagi tavsiyalarini bajarish samaradorligini oshirish maqsadida institutning monitoring-tahlil faoliyati kuchaytiriladi. Aholining huquqiy savodxonligini oshirish boʻyicha ham OAV va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Inson asli hur yaralgan. Uni kamsitishga, oʻz manfaati yoʻlida huquqlarini poymol etishga, ruhan va jismonan qiynoqqa solishga hech kim haqli emas. Shunday ekan, ombudsman instituti inson huquqlarini tiklash, adolatni qaror toptirish yoʻlida barcha fidoiy insonlarni, davlat va nodavlat tashkilotlari masʼullarini hamda xalqning ishonchli vakillarini hamkorlikka chaqiradi. Agar birgalikda harakat qilsak, koʻzlagan maqsadimizga albatta erishamiz.
Feruza ESHMATOVA,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)