Uni xalqchil tilda tushuntiradigan bo‘lsak, Konstitutsiya insonlarga mamlakatida erkin yashash, o‘zini yurt himoyasida ekanligini his qilishlari uchun sharoit yaratadi. Ushbu Konstitutsiya fuqarolarga muayyan huquq va o‘z navbatida majburiyatlarni ham yuklaydi. Shu kunga qadar qabul qilingan qonun, qaror, farmon, kodeks va boshqa normativ huquqiy hujjatlarning barchasi Konstitutsiyaga asoslanadi va uni to‘ldiradi.
Shunday ekan, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar barchamiz uchun o‘ta muhim va ahamiyatlidir. Qolaversa, hozirda har bir fuqaroga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga taklif berish bo‘yicha barcha imkoniyatlar yaratilgan.
Ushbu jarayonda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) instituti ham faol ishtirok etib, aholi murojaatlari asosida tayyorlangan takliflarini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiyasiga kiritdi.
Maʼlumki, inson qadrini ulug‘lash, har kimning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Ushbu jarayonda inson huquqlarini taʼminlashga qaratilgan yangi normalar, tartib va qoidalar o‘zining ijobiy natijasini berish bilan birga jamiyatda hal etilishi kerak bo‘lgan masalalarni ham ko‘rsatdi.
Bundan oldin Konstitutsiyaga kiritilgan normalar asosan davlat boshqaruvi tashkilotlariga taalluqli bo‘lgan bo‘lsa, endigi o‘zgarishlar inson qadri va huquqlarining taʼminlanishiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Davlat rahbari kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan o‘tkazgan uchrashuvida ham baʼzi masalalarni ilgari surdi.
Bosh qomusimiz loyihasini ishlab chiqishda birinchi yo‘nalish sifatida “Inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasi” belgilandi.
Maʼlumki Ombudsman boshchiligidagi jamoatchilik guruhlari tomonidan jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari va boshqa harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga monitoring tashriflari amalga oshirilib, u yerda saqlanuvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar, inson qadr-qimmatini kamsituvchi hamda qiynoqqa solish holatlarining mavjud yoki mavjud emasligi o‘rganiladi. Harakatlar strategiyasi doirasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib yo‘lga qo‘yilgan milliy preventiv mexanizm doirasida olib borilgan monitoring tashriflari natijasida yopiq muassasalardagi sharoitlar yaxshilanib, xalqaro standartlar darajasiga yetkazilmoqda. Lekin, yana oldinda qilinishi kerak bo‘lgan ishlarimiz ko‘p, rejalarimiz ham. Shu nuqtai nazardan Davlat rahbari tomonidan “Ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslarga nisbatan insoniy munosabat va ularning qadr-qimmati taʼminlanishi shart”, degan normani Asosiy qonunimizda aks ettirish bo‘yicha takliflari g‘oyat dolzarb ekanini qayd etmoqchiman.
Mamlakat Prezidenti tomonidan taʼkidlangan “snos” masalasi bo‘yicha o‘tgan yilda Ombudsmanga ham ko‘plab murojaatlar kelib tushgan edi. Shu kabi holatlarni oldini olish maqsadida xususiy mulk daxlsiz va u davlat himoyasida ekanligi va bu borada qonunchiligimizda belgilangan normalar yuzasidan eslatma shaklida munosabat berilgandi.
Mazkur masala bo‘yicha tegishli qonun-hujjatlari ishlab chiqilgan bo‘lishiga qaramay, uy-joy bo‘yicha konstitutsiyaviy kafolatni belgilab qo‘yish maqsadga muvofiq.
Chunki, o‘z uyidan uning qiymatiga mos ravishda kompensatsiya olmay turib, fuqaroni majburiy ko‘chirish yoki uy-joyga yoki shaxsning boshqa mol-mulkiga uning ruxsatisiz kirish inson huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishi sanaladi.
Shuningdek, Ombudsman nafaqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining, balki chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning xususiy mulklari daxlsiz ekanligiga oid qo‘shimcha kiritish tarafdori. Ushbu o‘zgarish O‘zbekistonning investitsion jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Xabaringiz bor, 2020 yilning 15 oktyabr kuni mamlakat Prezidenti tomonidan yangi tahrirdagi "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi Qonun imzolandi. Mazkur qonun bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashning asosiy prinsiplari belgilab berildi. Shuningdek, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari faoliyati yana-da takomillashtirildi va imkoniyati cheklangan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish va ularning huquqlarini kafolatlashga oid qator masalalar Qonun darajasida belgilandi.
2021 yilda kuchga kirgan mazkur qonun bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy obyektlarda hech qanday to‘siqlarsiz harakat qilishi uchun shart-sharoitlarni yaratish belgilangan. Bundan buyon nogironligi bo‘lgan shaxslarni hech bir shaklda kamsitilishlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun ham, avvalambor, qulay muhitni taʼminlashning aniq mexanizmlarini joriy qilish maqsadga muvofiq. Shuning uchun Asosiy qonunimizga nogironligi bo‘lgan shaxslarni har qanday ajratib qo‘yish, ularning huquqlarini cheklash, obyektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan bosh tortish taqiqlanishiga oid normaning kiritilishi O‘zbekistonning inson huquqlarini to‘liq kafolatlash borasidagi pozitsiyasini yana-da mustahkamlaydi.
Shuningdek Bosh qomusimizda homiladorligi yoki yosh bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi haqidagi qoidani konstitutsiyaviy darajada belgilab qo‘yilishi ham mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab quvvatlanayotganining amaliy tasdig‘i bo‘ladi. Haqiqatdan ham ushbu muammo bilan ko‘plab xotin-qizlar to‘qnashadilar va bu Ombudsmanga yuboriladigan murojaatlarda ham o‘z aksini topgan. Bu esa jamiyatimizda erkak va ayollarga teng sharoitlar yaratish kerakligi bo‘yicha normaning samarali ishlashiga zamin yaratadi. Shu jihatdan ham Ombudsman yuqoridagi qoidaning Konstitutsiyamizda aks etishi maqsadga muvofiq deb hisoblaydi. Bu bilan xotin-qizlarning o‘ziga va davlatga bo‘lgan ishonchi yana-da ortadi.
Davlat rahbarining 2021 yil 10 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqining berilishi belgilangan edi. Chunki inson huquqlari himoyasiga oid eng samarali takliflar aynan Ombudsmanning murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha kundalik amaliyotida, odamlar, davlat va nodavlat tashkilotlari, sud hokimiyati va ekspertlik hamjamiyati bilan bevosita hamkorligida shakllanadi. Bu borada yechimini kutayotgan muammolar ham aynan shu jarayonda yuzaga chiqadi. Shu jihatdan Konstitutsiyamizdagi qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari qatorida Ombudsman institutining ham bo‘lishi qonun ijodkorligi jarayonining yana-da takomillashtirilishiga xizmat qiladi.
Zero, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) institutining ham asosiy maqsadi insonlarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarining taʼminlanishiga ko‘maklashishdir.
Konstitutsiyamiz takomillashuvi jarayonida fuqarolarga yangi axborot kommunikatsion texnologiyalardan foydalangan holda keng jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazish va aholi takliflarini o‘rganish, xalqimizga o‘z fuqarolik pozitsiyasini bildirish imkoniyati voyaga yetgan har bir O‘zbekiston fuqarosiga taqdim etilmoqda. Shunday ekan, Bosh qomusimizga barchamiz o‘z taklif va tavsiyalarimizni berishimiz lozim. Oliy yuridik maqomga ega bo‘lgan davlat Konstitutsiyasida sizning taklifingiz ham inobatga olinadi.
Feruza Eshmatova,
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)