Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
INSON HUQUQLARINI KAFOLATLASH BORASIDAGI MUHIM QADAM
Inson qadr-qimmati, shaʼni, g‘ururi, manfaatlari haqida uzoq gapirish mumkin. Lekin, uni taʼminlash, huquqini amalda kafolatlash, Davlat rahbari taʼbiri bilan aytganda adolatni qaror toptirish masalasi anchayin murakkab va zalvorli vazifa. Chunki, hech bir davlat shu paytgacha o‘z fuqarolari erkinligini mutlaq kafolatlash mumkin bo‘lgan biror bir mexanizm yoki formula ishlab chiqqan emas.

Balki kimlardir uchun bu imkonsizdek tuyular, lekin, bir narsa aniq. Insoniyat takomillashuvga sekin-astalik bilan, o‘qish, izlanish, tajriba va hayot zarbalaridan olingan saboqlarda toblanibgina erishadi.

Joriy yilning 22 fevral kuni yurtboshimiz BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida “Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish doirasida biz odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo‘l qo‘ymaymiz. Bunday jinoyatlar qachon sodir etilganidan qatʼi nazar, ular uchun jazo muqarrardir” deb taʼkidladilar. Ushbu so‘zlar esa, O‘zbekiston inson huquqlarini kafolatlash yo‘lida komillik sari dadillik bilan ildamlayotganini  bildiradi.

Mamlakatimiz bosib o‘tgan so‘nggi yillarga nazar tashlasak, amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining asosiy  maqsadi insonning huquq va erkinliklarini har tamonlama taʼminlash va kafolatlash ekaniga amin bo‘lamiz. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida o‘tgan yili qabul qilingan 70 dan ortiq qonunlarda ham inson huquqlari ustuvorlik kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi” tasdiqlanishi ham mamlakat hayotidagi muhim voqea bo‘ldi. Mazkur hujjat bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi va uning “Yo‘l xaritasi”, qolaversa, BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari hamda shartnomaviy qo‘mitalari xabarnomalarini va qarorlarini ko‘rib chiqish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi davlat organlarining o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Farmonga ko‘ra, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarning normalari talablarini bajarish yuzasidan masʼul davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan.

Mamlakatimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga aʼzo bo‘lgani ham davlatimiz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni astoydil bajarish va inson huquqlarini global miqyosda himoya qilishga qatʼiy bel bog‘laganidan dalolatdir.

Davlat rahbari kuni kecha dunyoning eng nufuzli inson huquqlari himoyachisi bo‘lgan tashkilot minbaridan turib, Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning Fakultativ protokolini ratifikatsiya qilinishi va bu borada hamkorlikda ishlash maqsadida Qiynoqlar masalasi bo‘yicha maxsus maʼruzachini O‘zbekistonga taklif etishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini bildirdi. Bu esa O‘zbekiston xalqaro maydonda ochiqlik siyosatini ilgari surayotganidan dalolat.

Inson huquqlarini taʼminlanishi borasida 75 yildan buyon davlatlarning mana shu sohalarda olib borayotgan ishlarini kuzatib, tahlillar asosida ularga o‘z tavsiyalarini berish bilan shug‘ullanuvchi ushbu nufuzli tashkilotning tajriba va salohiyati, o‘ylaymanki, bizga as qotadi.

Ilg‘or xalqaro tajribalarga asoslangan Ombudsman huzuridagi qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm 2019 yilda yo‘lga qo‘yilib, bu orqali mahkumlar huquqlarini taʼminlash bo‘yicha jamoatchilik nazorati o‘rnatilishiga erishilgan bo‘lishiga qaramay, Vakilga yuborilayotgan murojaatlar tahlili bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar borligini ko‘rsatmoqda. Misol uchun, 2020 yilda Ombudsman ofisiga kelib tushgan jami murojaatlar tahlil etilganda, ularning 1044 tasida fuqarolarning odil sudlovga hamda 2565 tasida adolatli tergov-surishtiruv harakatlariga bo‘lgan huquqlarini taʼminlashda yordam so‘ralgan.

Albatta, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) jamoasi Davlatimiz rahbari tomonidan Ombudsman zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm doirasida jamoatchilik vakillari va OAV bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni ijro etish muassasalariga monitoring tashriflarini amalga oshirib, ularning yakunlari yuzasidan parlamentga hamda boshqa mutasaddi vazirlik va idoralarga tahliliy maʼlumotlar taqdim etib boradi. Shuningdek, vakil nomiga kelib tushgan murojaatlarning hududlar kesimidagi tahlili asosida mutasaddi organlar vakillari bilan birgalikda sayyor qabullar tashkil etib, muammolarni joyida hal etish amaliyoti kuchaytiriladi.

Eng muhimi, aholining murojaatlari bilan ishlashda natijadorlikka, har bir murojaat yechimi topilishiga asosiy eʼtibor qaratiladi.

 

Feruza ESHMATOVA,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson

huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)