Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
2022 yilning 9 noyabr kuni Inson huquqlari va manfaatlarini taʼminlash ishlarini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan yana bir muhim tadbir — O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rtasida Hamkorlik memorandumini imzolashga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining asosiy maqsad va vazifalari fuqarolar, shu jumladan, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilishdan iboratdir. Shu maʼnoda, ikkala tashkilot o‘rtasida hamkorlik memorandumining imzolanishi so‘zsiz, inson huquq va manfaatlarini taʼminlash yo‘nalishidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqadi.

Zero, hamkorlikdan ko‘zlangan maqsad ham mehnatkashlarning huquq va erkinliklari samaradorligini oshirish va mehnat huquqlari poymol etilishining oldini olishga qaratilgan.

Raqamlarga murojaat etsak, o‘tgan besh yil davomida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga mehnatkashlardan 24 mingdan ortiq murojaat kelgan bo‘lsa, ularning 18 ming 359 tasi qanoatlantirildi. Natijada xodimlarga o‘z vaqtida to‘lanmagan 14 milliard so‘mdan ortiq ish haqi hamda 9 milliard so‘mdan ortiq moddiy va maʼnaviy zararlar undirilib berilishiga erishildi.

Taʼkidlash lozimki, Ombudsman tomonidan joriy yilning 9 oyligida fuqarolarning manfaatlari va majburiyatlardan, jumladan, qarzdorligi, sog‘lig‘iga yetkazilgan zararlar, moddiy va maʼnaviy zararlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar oqibatida yuzaga kelgan huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganilishi natijasida jami 338 mln so‘mdan ortiq mablag‘lar fuqarolar foydasiga undirilgan.

Bundan tashqari 40 mln so‘mdan ortiq aliment to‘lovlari undirilishi taʼminlangan.

Fuqarolarning ish haqi va mehnat munosabatlari bilan bog‘liq to‘lovlar bo‘yicha undirilgan jami summa – 219 mln 760 ming so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, 9 nafar fuqaro ishga tiklangan, 2 nafar fuqaro ish bilan taʼminlangan.

Shuningdek, Ombudsman tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda maʼmuriy sudlariga fuqarolar manfaatini ko‘zlab kiritilgan ariza va daʼvo arizalarining ko‘rib chiqilishi natijasida 11 nafar fuqaroning zararli mehnat sharoitlarida ishlaganlik fakti belgilangan.

Tadbirda mazkur memorandum nafaqat markaziy tashkilotlar, balki Ombudsmanning viloyatlardagi mintaqaviy vakillari hamda Kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy kengashlari o‘rtasida ham mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga va fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini himoya qilishga xizmat qilishi qayd etildi.

Bundan kelib chiqqan holda Ombudsmanning mintaqaviy vakillari bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy Kengalari o‘rtasida ham shu kabi memorandumlar imzolanishiga kelishib olindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati