Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan BRIFING
2024-yilda Ombudsmanga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 23 422 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 2747 tasi maxsus qabulxonalar, vaqtincha saqlash hibsxonalari, tergov hibsxonalari, jazoni ijro etish muassasalari, intizomiy qismlar, majburiy davolash muassasalaridagi shaxslardan va ularning vakillaridan yuborilgan.
Ombudsmanga kelib tushgan murojaatlarning 32 foizi ijtimoiy huquqlar, 29 foizi iqtisodiy huquqlar, 17 foizi shaxsiy huquq va erkinliklar, 14 foizi murojaat etish huquqi, 1,4 foizi ekologik huquqlar hamda 7,0 foizi boshqa yo‘nalishdagi murojaatlarni tashkil etdi.

Murojaatlar viloyatlar kesimida aholi sonidan kelib chiqib tahlil qilinganda eng ko‘p masalalar Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahriga to‘g‘ri kelishi aniqlandi.

Qayd etish lozimki, o‘tgan yilda fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida ombudsman.uz mobil ilovasi ishga tushirildi. Unda OneID identifikatsiya tizimi orqali tez va oson ro‘yxatdan o‘tish, murojaat yuborish va javob xatlarini olish, onlayn maslahat hamda yangiliklar va statistik maʼlumotlardan xabardor bo‘lish imkoniyati yaratilgan.

Murojaatlar tahlili hamda monitoring tashriflari yakunlari bo‘yicha Parlament palatalariga – 9 ta tahliliy maʼlumot, Vazirlar Mahkamasiga – 5 ta tahliliy maʼlumot, davlat organlari va tashkilotlari hamda sudlarga taqdimnoma, xulosa, daʼvo arizasi, talabnoma shaklidagi – 182 ta taʼsir choralari kiritildi.

Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, Ombudsman tomonidan fuqarolar manfaatida jami 4,12 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ undirilishi taʼminlandi.

Shundan, 1,83 mlrd so‘m ish haqi va mehnat munosabatlariga, 1,49 mlrd so‘mdan ortiq qarzdorlik, kompensatsiya va boshqa huquqiy munosabatlarga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, 409 mln so‘mga yaqin aliment to‘lovlari undirilishi hamda Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra 460,5 mln so‘m mln so‘mlik ijtimoiy yordam ajratilishi taʼminlandi.

Ombudsman ko‘magida fuqarolarning 85 mln so‘mlik noreal qarzdorligi bartaraf etildi. 64,5 mln so‘mlik maʼmuriy jarimalar bekor qilindi.

33 nafar fuqaroning mehnat huquqlari tiklandi. 63 nafar shaxs ish bilan taʼminlandi. 12 ta holatda murojaatchilarning pensiya huquqlari tiklandi .

Ombudsman ko‘magida 20 nafarga yaqin fuqaroning mulk huquqlari tiklandi.

Ombudsman murojaatiga asosan 120 nafarga yaqin ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaroga yordam ko‘rsatildi.  

Fuqarolar murojaatlarini o‘rganish natijasida o‘z faoliyatiga masʼuliyat bilan yondoshmagan qator davlat tashkilotlari va idoralari xodimlarining 67 nafariga “hayfsan” berildi. 8 nafar masʼulga jarima qo‘llanildi. 7 nafar masʼul lavozimidan ozod etildi. 2 nafar masʼul xatti-harakatlari baholanib, maʼmuriy sudga oshirildi.

Ichki ishlar organlari tizimidagi 29 nafar xodimga “hayfsan” berildi. 13 nafar xodimga intizomiy choralar qo‘llanildi. 6 nafari lavozimidan ozod etildi

Ombudsmanga yuborilgan murojaatlarni ko‘rib chiqilishi natijasida fuqaro manfaatida 14 ta holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 23 ta holatda jinoyat ishi ko‘zg‘atishni rad etish haqidagi qarorlar bekor qilindi. 26 nafar masʼul shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi. 2 ta holatda  fuqaro manfaatida jinoyat ishi tugatildi.

Ombudsmanning insonparvarlik tamoyilini qo‘llash haqidagi murojaatiga asosan tegishli sudlar tomonidan 4 nafar ayblanuvchiga tanlangan ehtiyot chorasi yengilrog‘iga o‘zgartirildi. 4 nafar mahkum yashash hududiga yaqin koloniyaga o‘tkazildi. 17 nafar mahkum va mahbuslarning oila aʼzolariga moddiy va ijtimoiy ko‘mak ajratilishiga ko‘maklashildi.

32 nafar jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 18 nafari davolanish uchun kasalxonalarga joylashtirildi.

Shuningdek, 2024 yilda qiynoqqa solish hollarini oldini olish bo‘yicha harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarga 902  marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi va 10 mingdan ortiq mahkum bilan jamoaviy va 4835 nafari bilan yakka tartibda suhbatlashildi.

Ombudsman boshchiligida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarga amalga oshirilgan monitoring tashriflaridan so‘ng, Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra, 23-son mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxona negizida 50 o‘rinli ayollar bo‘linmasi ochildi.

Ombudsman, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti tomonidan Ruhiy holati buzilgan shaxslar uchun dispanser kuzatuv tartibini o‘rnatish va Mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonada mahkumalarga tibbiy profilaktik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha normativ huquqiy hujjatlar ishlab chiqilishi bo‘yicha chora tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanidagi eskirgan va antisanitar holatga kelgan Narkologiya dispanseri qulay sharoitga ega binoga ko‘chirildi.

Ellikqalʼa tumanidagi 2-son ruhiy asab kasalliklari dispanseri  taʼmirlanib, uchrashuv xonalari va psixoterapiya xonasi tashkil etildi.

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Sirdaryo viloyatining Yangiyer, Surxondaryo viloyatining Sherobod, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli, Chimboy tumanlari va Jizzax viloyat Vaqtincha saqlash hibsxonalarida joriy taʼmirlash ishlari olib borildi va kerakli buyumlar bilan taʼminlandi.

Ombudsmanning tavsiyasiga asosan, Toshkent viloyatidagi 1-sonli, Buxoro viloyatidagi 4-sonli, Xorazm viloyatidagi 11-sonli, Surxondaryo viloyatidagi 9-sonli tergov hibsxonalarida uzoq muddatli uchrashuv joylari tashkil etildi. Qashqadaryo viloyatidagi baʼzi vaqtincha saqlash hibsxonalarini qayta qurish 2025 yilga rejaga kiritildi.

Monitoring tashriflarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish masalasida kiritilgan taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar va tavsiyalar asosida 56 nafar xodimga hayfsan berildi, 2 nafar xodim jarimaga tortildi, 3 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Sirdaryo, Surxondaryo, Xorazm va Samarqand viloyatlaridagi 6000 ming nafarga yaqin mahkum va mahbuslar tor doiradagi shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati