Ombudsman boshchiligidagi Ekspert guruhi aʼzolari bo‘lgan O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi hamda “Huquqiy tayanch” nodavlat notijorat tashkiloti rahbari hamda Ombudsman Kotibiyati vakillari ushbu muassasada mahkumlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, bu yerdagi qiynoq holatlarini aniqlash bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib borishdi.
1700 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu koloniyada, hozirda 270 nafardan ortiq mahkumlar saqlanmoqda. Muassasada 15 ta uchrashuv xonasi bo‘lib, mahkumlarning oila aʼzolari karantin munosabati bilan haftaning faqatgina juma, shanba va yakshanba kunlari uzoq muddatlik uchrashuvlarga kelishlari mumkin. Uzoq muddatli uchrashuvdan so‘ng mahkumlar 2 hafta davomida boshqa mahkumlardan alohida saqlanadi va shu muddat ichida “Covid-19” infeksiyasini aniqlash bo‘yicha test olinadi.
Koloniya boshlig‘i so‘zlariga ko‘ra, uzoq muddatli uchrashuvlar hozirda telefon qo‘ng‘iroqlari orqali navbatga qo‘yilmoqda va xonalar iyun oyiga qadar band qilingan.
Uchrashuv xonalari ko‘zdan kechirilganda, xonalar barcha zarur jixozlar bilan taʼminlangani hamda ularning har birida sovutgich va yuvinish xonalari mavjudligi aniqlandi. Muassasa boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, barcha xonalar o‘tgan yili taʼmirdan chiqarilgan va bu yil yana qo‘shimcha 3 ta xona ajratilgan.
Shuningdek, koloniyada 3 ta kamera yoki ovoz yozish apparatlaridan holi bo‘lgan advokatlar xonasi mavjud.
Monitoring davomida, Ekspert guruhi aʼzolari koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning yashash, ovqatlanish, mehnat qilish va tibbiy yordam olish sharoitlari hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish holatlarini ham o‘rganishdi.
Koloniya hududida tikuvchilik, duradgorlik, yumshoq mebel yasash va boshqa kasb-hunarga ixtisoslashgan 10 dan ortiq sexlar mavjud.
Rotangdan to‘qilgan mebellar sexida mahkumlarga ishbay asosda xaq to‘lanib, tayyorlangan mebel narxining 10 foizi mahkumlarga oylik sifatida beriladi.
“Buyurtmaga qarab oyligimiz chiqadi, maoshimni o‘z vaqtida olayapman. Pandemiya sabab buyurtmalar ancha kamaydi, kafe restoranlardan buyurtma olinganda 30 nafardan ortiq mahkumlar ishlar edik. Hozirda esa 8 kishimiz”, - dedi mahkumlardan biri.
Koloniyada mavjud bo‘lgan tikuv sexida band bo‘lgan 15 nafar mahkumlar tayyor bichilgan matolarni tikish bilan mashg‘ul. 3-4 yildan buyon ushbu sexda ishlayotgan mahkumning so‘zlariga ko‘ra, ular qaysi sexda ishlashlarini o‘zlari tanlaydilar.
Qo‘shimcha yana 5 ta jazoni ijro etish muassasasini non bilan taʼminlab boruvchi sexda ishlayotgan mahkumlar ham oylik maoshlarini o‘z vaqtida olishlarini maʼlum qilishdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari buyicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi buyicha komissiyasi aʼzosi, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi:
- Milliy preventiv mexanizm doirasida amalga oshirayotgan monitoringlar jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘lib, o‘z samarasini berayotganidan juda ham mamnunmiz. Chunki juda ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalarida ishlarimizni ijobiy baholashyapti. Biz bundan juda hursandmiz. Bundan tashqari, jazoni ijro etish muassasalari ham monitoringlarimizdan keyin bergan tavsiyalarimizni bartaraf etib, kamchiliklarini to‘g‘irlab olishyapti.
Bugun 22-sonli koloniyaga monitoring tashrifi amalga oshirildi. Ushbu koloniyada jazo o‘tayotgan shaxslarga qiynoqlar qo‘llanilmayotgani va ular yaxshi sharoitda saqlanayotganini eshitib, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan maʼlumotlar noto‘g‘ri ekanligidan hursand bo‘ldik.
6 mingdan oshiq kitoblarga ega koloniya kutubxonasining 195 ta aʼzolari bo‘lib, ular ko‘pincha Alisher Navoiy, Tohir Malik asarlarini sevib o‘qishadi. Ushbu xonada rasmiy diniy adabiyotlar, xususan Qurʼoni Karimning o‘zbek va arab tillaridagi nusʼhalari, Hadis kitoblaridan tortib maxsus huquqiy adabiyotlargacha topish mumkin.
Shuningdek, hozirda taʼmirlanayotgan koloniya Tibbiyot bo‘limi va mahkumlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish holati ham o‘rganilganda, dori-darmon taʼminoti to‘liqligi, lekin, terapevt va stomotolog shifokorlar lavozimlari vakant ekani maʼlum bo‘ldi.
Koloniya boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning o‘zida muassasadagi barcha issitish uskunalari to‘liq almashtiriladi, oshxona va mahkumlar yotoqxonalari taʼmirlanadi.
Monitoring davomida 30 ga yaqin mahkumlar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ariza va shikoyatlari qabul qilindi, shuningdek 200 ga yaqin mahkumlar bilan ommaviy qabullar o‘tkazildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari buyicha vakili (ombudsman):
- Jinoyat uchun jazo muqarrar, lekin, qilmishi sabab o‘z erkinligidan mahrum bo‘lgan mahkumlarga insoniy munosabatda bo‘lish, ularga nisbatan bosim yoki qiynoqlarga yo‘l qo‘yilmasligi qonunchiligimizda aniq belgilangan. Qolaversa, Davlat rahbari ham qiynoqlarning har qanday ko‘rinishlarini o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish yuzasidan Ombudsman zimmasiga qator vazifalarni yuklagan. Ular ijrosini taʼminlash maqsadida shu kunga qadar o‘tkazib kelingan 30 ga yaqin monitoring tashriflarimiz davomida tayyorlangan axborotlarimiz muntazam ravishda Ichki ishlar vazirligi, boshqa tegishli dalat organlari hamda tashkilotlarga, va albatta Parlamentga taqdim etib borilmoqda.
Qayd etish lozimki, jazoni ijro etish muassasalari sharoitlarini yaxshilash borasida amalgan oshirilayotgan islohotlar ushbu koloniyani ham chetlab o‘tmagan. Joriy yilning yakuniga qadar taʼmirlanishga tushgan obyektlar haqida maʼlumot oldik va albatta qurilish va taʼmirlash ishlari yakunlangach, yana ushbu muassasaga tashrif buyuramiz.
Ombudsman huzurida milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat yurituvchi ekspert guruhi tomonidan jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida monitoringlar davom ettiriladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati