Monitoring tashriflarning 114 tasi jazoni ijro etish koloniyalari, 102 tasi tergov hibsxonalari, 98 tasi vaqtincha saqlash hibsxonalari, 35 tasi Maxsus qabulxonalar, 17 tasi reabilitatsiya qilish markazlari, 23 tasi narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining filiallari, 19 tasi ruhiy-asab kasalliklari shifoxonalari, 25 tasi “Sahovat” va “Muruvvat” uylari, 12 tasi mastlik holatidagilarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari va 7 tasi tuman (shahar) Ichki ishlar bo‘limlarida o‘tkazilgan.
Monitoring tashriflari davomida 8 mingdan ortiq mahkum va mahbuslar bilan jamoaviy hamda 3 ming nafarga yaqin shaxs bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.
Tashriflarda ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslarni yashash, ovqatlanish, mehnat qilish hamda tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, saqlanayotgan shaxslar uchun olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotganligi va boshqa shu kabi holatlar o‘rganildi.
Monitoringda aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha 10 oyda Ombudsman tomonidan mutasaddi va tegishli vazirlik va idoralarga 7 ta taqdimnoma, 2 ta xulosa, 6 ta talabnoma va 2 ta tahliliy axborot kiritildi.
Shuningdek, Ombudsman tomonidan Oliy Majlis palatalariga 4 ta tahliliy maʼlumot taqdim etildi.
Joriy yilning 10 oyida Ombudsmanga harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar hamda ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari (advokatlari) tomonidan 1 809 ta murojaat kelib tushdi.
Murojaatlarning 644 tasi pochta aloqa xizmati, 312 tasi sayyor va 271 tasi shaxsiy qabullar, 309 tasi “Ombudsman qutisi”, 227 tasi elektron tarzda va 46 tasi Ombudsmanning “Ishonch telefoni” orqali kelib tushgan. Qayd etish lozimki, jami murojaatlarning 49 foizi bevosita mahkum va mahbuslar tomonidan yuborilgan.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish davomida 14 nafar mahkum yashash joyiga yaqin bo‘lgan jazoni ijro etish muassasalariga o‘tkazilgan.
Manzil-koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotgan 3 nafar mahkumga nafaqa pullari to‘lab berildi.
“Muruvvat” uyida saqlanayotgan 119 nafar va ruhiy-asab kasalliklari dispanserlarida saqlanayotgan 3 nafar shaxslarga hamda jazoni ijro etish koloniyalaridagi 42 nafar mahkumga va 2 nafar mahkumaning 3 nafar farzandiga ID-kartalar olinishida amaliy yordam ko‘rsatildi.
Mahkum va mahbuslarning Ombudsmanga yuborgan murojaatiga asosan 27 nafar jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, davolanish uchun kasalxonalarga joylashtirildi.
62 nafar mahkumning oila aʼzolariga joylardagi mahalliy hokimliklar ko‘magida jami 100 mln so‘mdan ortiq moddiy yordam ajratilishiga va 17 nafarining yaqin qarindoshlariga tibbiy xizmat ko‘rsatilishiga erishildi.
Shuningdek, Samarqand viloyatidagi 7-son Tergov hibsxonasi, 37 va 38-son Manzil koloniyalarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 27-son Manzil-koloniyasida hamda Navoiy viloyatida joylashgan 4 va 5-son Jazoni ijro etish koloniyalarida saqlanayotgan shaxslar kardiolog, nevropatolog, okulist, lor kabi tor doiradagi mutaxassislar tomonidan tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy bosim o‘tkazilganligi yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi yuzasidan Ombudsmanga 147 ta shikoyatlar kelib tushgan. Ularning 28 tasi bevosita monitoring tashriflari davomida amalga oshirilgan yakka tartibdagi qabullarda, 23 tasi “Ombudsman qutisi”, 46 tasi penitensiar muassasalar maʼmuriyati va mahkumlarning (mahbuslarning) yaqin qarindoshlari tomonidan pochta aloqasi xizmati orqali, 22 tasi Ombudsman va uning masʼul xodimlari tomonidan amalga oshirilgan shaxsiy qabullar, 22 tasi elektron tarzda va 6 tasi Ombudsmanning “Ishonch telefoni” orqali kelib tushgan.
Alohida taʼkidlash joizki, ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 21 ta xabarlar o‘rganilib, bu bo‘yicha munosabat bildirilgan. Mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning 9 ta talabnomasi kiritilgan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati