Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Turkiy tilli davlatlar Ombudsmanlari hamda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy institutlar Assotsiatsiyasini tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ochiq va pragmatik tashqi siyosati, uzoq va yaqin davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari tufayli keyingi yillarda O‘zbekistonning turkiy tilli davlatlar bilan mutlaqo yangi – sog‘lom siyosiy va iqtisodiy aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, yangi mexanizmlari joriy etilmoqda.

Mazkur islohotlar natijasida, 2022 yilning 12 may kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova boshchiligidagi delegatsiya Turkiya Respublikasining Bursa shahrida tashkil etilgan Turkiy tilli davlatlar Ombudsmanlari hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar Assotsiatsiyasini tuzish bo‘yicha taʼsis Kengashida ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda ishtirokchilar tomonidan turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi aloqalar har sohada rivojlanib borayotgan bir paytda ular o‘rtasida inson huquqlarini taʼminlash borasidagi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar hamkorligini ham yangi bosqichga olib chiqilishi qardosh xalqlar manfaatlariga xizmat qilishi taʼkidlandi. Shuningdek, bu tuzilma, o‘zaro tajriba almashish, malaka oshirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘zlashtirishda platforma vazifasini bajarishi ham qayd etildi.

Muhokamalardan so‘ng, O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston Ombudsmanlari va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Turkiy tilli davlatlar Ombudsmanlari hamda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy institutlar Assotsiatsiyasini tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolandi.

Mazkur Assotsiatsiyaga asos solinishi bu tarixiy qaror bo‘lib, u turkiy tilli davlatlarning hamjihatligi va izchil taraqqiyotiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati