Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman Xalq taʼlimi vazirligini hushyorlikka chaqiradi

 

    Xabaringiz bor, 2020 yilning 30 dekabrь kuni ijtimoiy tarmoqlarda Boʼka tumani 15-sonli Mehribonlik uyida olingan videotasvirlar tarqalgan edi.

    Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʼyicha vakili (ombudsman) oʼrinbosari — Bola huquqlari boʼyicha vakil Аliya Yunusova va Ombudsman mutaxassislari holatni oʼrganish maqsadida Boʼka tumani 15-sonli Mehribonlik uyiga tashrif buyurdi.

 

    Maʼlum boʼlishicha, 137 nafar bolalar tarbiyalanayotgan ushbu muassasaning sobiq direktori 2013-2016 yillarda rahbarlik faoliyati davomida moliyaviy kamchiliklarga yoʼl qoʼyganligi sababli 2017 yilda Jinoyat ishlari boʼyicha Toshkent viloyati Bekobod shahar sudining hukmiga koʼra aybdor deb topilgan.

    Buni qarangki, avval jinoyat ishi qoʼzgʼatilgan va aybdor deb topilgan shaxs 2020 yilning 14 dekabrida yana shu muassasaga direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib taynlangan.

    Oradan koʼp vaqt oʼtmay, 2020 yilning 23 dekabrь kuni Toshkent viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi А.Аkmalovni vazifasidan ozod qilish boʼyicha buyruq chiqargan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videotasvirlar ushbu buyruq haqida Mehribonlik uyi jamoasi tanishtirilayotgan vaqtda, yaʼni, 2020 yilning 24 dekabrida tasvirga olingan. Unda sobiq direktorning oʼz lavozimida qolishini soʼragan baʼzi xodimlarning fikrlari aks etgan.

     Mehribonlik uyining baʼzi xodimlari bilan suhbatlashilganda ular muassasaga keltirilgan homiylik yordamlari va mablagʼlarining noqonuniy taqsimotidan norozi ekanliklarini ham maʼlum qilishdi.

    Bola huquqlari boʼyicha vakil Аliya Yunusovaning taʼkidlashicha, muassasada yuzaga kelgan holat tarbiyalanuvchilarning ruhiyati, sogʼligi, sifatli taʼlim-tarbiya olishiga salbiy taʼsir koʼrsatmoqda. Bu esa, oʼz-oʼzidan ularga ijodiy va intellektual qobiliyatlarini rivojlantirish uchun uy sharoitiga maksimal darajada yaqinlashtirilgan muhit yaratilishiga imkon bermaydi.

    Davlat tomonidan ajratilayotgan mablagʼlar, sovgʼa-salomlar, koʼngilli tadbirkorlar tomonidan yuborilayotgan hayriyalar oʼz manziliga, yaʼni bolalar qoʼliga toʼliqligicha yetib bormayotganligi toʼgʼrisidagi maʼlumotlarga tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan baho berilishi kerak. Аgar shunday boʼlsa, bu juda achinarli. Bu masalaga Xalq taʼlim vazirligini aniqlik kiritishi maqsadga muvofiq deb oʼylaymiz.

    Аslida Mehribonlik uyi direktori hamda tarbiyachilari koʼngli yarim bolalarga ota-onadek munosabatda boʼlishlari kerak. Bu muassasada bolalar kimdan oʼrnak olsin?Ularni muassasaga rahbar tayinlash masalasiga jalb etilganligi ham umuman notoʼgʼri. Ushbu holatdan Xalq taʼlimi vazirligidagi rahbar va vakolatli shaxslar tegishli xulosa chiqarishadi.

    Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʼyicha vakili (ombudsman) xodimlari mehribonlik uylarida oʼtkazilishi rejalashtirilgan monitoring-nazorat faoliyatini yanada kuchaytiradi. Xususan, bugun ham Bola huquqlari boʼyicha vakil boshchiligidagi Ombudsman xodimlari tomonidan Toshkent shahar, Yunusobod tumanidagi 23-sonli Mehribonlik uyida monitoring amalga oshirildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʼyicha vakili (ombudsman)

Matbuot xizmati