Bu borada tezkor yaratilgan mexanizm murakkab vaziyatda davlatning aholining huquq va manfaatlarini himoya qilish funksiyasini muvaffaqiyatli bajarilishiga xizmat qildi.
Pandemiya shu jumladan, Ombudsmanning inson huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi faoliyatiga ham taʼsir qildi. Karonavirusni oldini olish maqsadida o‘rnatilgan baʼzi cheklovlar aholimizga o‘z taʼsirini ko‘rsatmasligi uchun Ombudsman ham, Parlament qatori bir kun ham o‘z ishini to‘xtatgani yo‘q.
Bunda, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman) tomonidan fuqarolarning shaxsiy qabuli vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lsada, Ombudsmanning ishonch telefoniga hamda elektron manziliga kelib tushgan murojatlar soni oldingi yillarga nisbatan oshdi.
Shuningdek, Pandemiya sharoitida fuqarolarning murojaatlarida ko‘rsatilgan masalalarni joyiga chiqib o‘rganish, uning yechimini topishda Ombudsman hamda uning joylardagi mintaqaviy vakillari baʼzi obyektiv qiyinchiliklarga duch keldi.
Shunday bo‘lishiga qaramasdan, hisobot yilida Ombudsman nomiga kelib tushgan har bir murojaat uning eʼtibordan chetda qolmadi.
2020 yilda Ombudsman nomiga 14 975 ta murojaat qabul qilindi (2019 yilda 12 822 ta edi),
Murojaatlarning 33,5 foizi inson va fuqaroning shaxsiy huquq hamda erkinliklariga, 37,3 foizi ijtimoiy, 25,3 foizi iqtisodiy, 3,0 foizi siyosiy va 0,7 foizi ekologik huquqlarga tegishlidir.
Hisobot yilida “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonunning 16–17-moddalariga muvofiq Ombudsmanning fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan tavsiyalar berilgan 16 ta xulosasi tayyorlanib, viloyat hokimliklariga (7 ta), O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga (4 ta) va Bosh prokuraturasiga (3 ta), Ichki ishlar vazirligiga (2 ta) yuborildi. Bundan tashqari, sudlarga 30 ta daʼvo arizasi hamda 21 ta taqdimnoma kiritildi. Shundan 8 ta xulosa hamda 9 ta taqdimnoma qanoatlantirildi.
Shuningdek, 2020 yil davomida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Kotibiyati xodimlari 32 marotaba sudlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi.
Kelib tushgan murojaatlar tahlil etilganda fuqarolarning odil sudlovga (1044 ta murojaat) hamda adolatli tergov-surishtiruv harakatlariga (2565 ta murojaat) tegishli bo‘lganligi aniqlangan.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Ombudsman murojaati asosida 29 ta jinoiy, 42 ta maʼmuriy ish qo‘zg‘atildi.
Pandemiyaga qaramasdan, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va uning Kotibiyati xodimlari, jamoatchilik faollari bilan birgalikda karantin majmualari, tibbiy muassasalar, Milliy preventiv mexanizm doirasida jazoni ijro etish muassasalarida inson huquqlarining taʼminlanish holatini o‘rganish maqsadida joylarida jami 76 ta monitoring tadbirlarini amalga oshirdi.
Monitoring tashriflari davomida 4 mingdan ortiq mahkum bilan jamoaviy uchrashuvlar va 578 nafar mahkum bilan yakka tartibdagi suhbatlar o‘tkazildi.
Monitoring tashriflari davomida aniqlangan kamchiliklar hamda o‘z yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan maʼlumot O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi.
Kiritilgan maʼlumot asosida Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilishi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Bosh prokuraturasi vakillarining eshituvi tashkil etildi va eshituv yakuni bo‘yicha qo‘shma Qaror qabul qilindi.
So‘ngi yillarda fuqarolarning xususiy mulkka bo‘lgan huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Bu borada Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan bino-inshootlari buzilib, yer uchastkasi olib qo‘yilgan fuqarolarning buzilgan yoki olib qo‘yilgan mulklari uchun qariyb 900 mln. so‘m kompensatsiya pullarini to‘lab berilishida, 14 ta fuqaroga uy joy qurish uchun yer uchastkasi ajratib berilishida, 7 ta fuqaroga uy joy ajratib berilishida yordam berildi hamda ularning buzilgan huquqlarining taʼminlanishiga erishildi.
Shuningdek, tadbirkorlarga 2 mlrd. 278 mln. so‘m kredit rasmiylashtirishda, savdo do‘konlari buzilishi munosabati bilan 3 mlr. 612 mln.so‘m miqdorida kompensatsiya puli to‘lab berilishida hamda savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish binosi qurish uchun yer maydoni ajratib berilishida ko‘mak ko‘rsatildi.
Hisobot yilida 2020 yilda Ombudsman manziliga kelib tushgan fuqarolarning siyosiy huquqlarini taʼminlash bilan bog‘liq murojaatlar 460 tani tashkil etdi. Shulardan, 242 ta shikoyatda murojaatlarni masʼul mansabdor shaxslar tomonidan eʼtiborsiz qoldirilganligi, 30 tasida ko‘rib chiqish muddatlarining buzilganligi, 29 ta shikoyatda davlat organlari va muassasalari javoblarining mazmunidan qoniqmaslik, 70 ta murojaat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik masalalariga tegishli, 52 tasida esa saylash va saylanish huquqlari bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushgan.
Siyosiy huquqlarning taʼminlanishi yuzasidan 3 ta taqdimnoma, 9 ta xulosa kiritildi.
Hisobot yili davomida fuqarolarning mehnat huquqlarini taʼminlash yuzasidan Ombudsmanga 1046 ta murojaat kelib tushdi hamda aksariyati Vakilning alohida ish yurituviga olingan.
Mazkur murojaatlarning o‘rganib chiqilishi natijasida 90 dan ortiq fuqaroga 400 million so‘mdan ortiq oylik ish haqlarini undirib berilishida, ishga tiklash hamda 60 million so‘mdan ortiq oylik ish haqlari va kompensatsiya pullarini undirish yuzasidan sudlarga 11 ta daʼvo arizasi kiritilishida, buzilgan mehnat qonunchiligini bartaraf etish yuzasidan 8 ta taqdimnoma (5 tasi ijobiy hal etildi) kiritilishida hamda 1 ta Ombudsman xulosasi tayyorlanib, fuqarolarga ko‘mak ko‘rsatildi.
Shuningdek, Ombudsmanning say-harakati natijasida 13 nafar fuqaro ish joyiga qayta tiklandi va 5 nafar mansabdor shaxs mehnat qonunchiligini buzganlik uchun sud tomonidan maʼmuriy va intizomiy javobgarlikka tortildi.
Shuningdek, hisobot yilida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman) nomiga fuqarolardan ijtimoiy imtiyozlar va nafaqalar, moddiy yordam ko‘rsatish masalasida bo‘yicha 755 ta murojaat kelib tushdi. Mazkur murojaatlarning aksariyati Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakli (Ombudsman), Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda mahalliy hokimiyatlarning alohida ish yurituvida o‘rganib chiqilishi natijasida og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan 29 ta oilaga homiylar hamda “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati yordamida 20 million so‘mlikdan ortiq moddiy yordam hamda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Shuningdek, 14 ta bolali oilalarga nafaqalar, bola parvarishi bo‘yicha 31 million so‘mlikdan ortiq nafaqa yoki moddiy yordam pullari tayinlanishida ko‘mak ko‘rsatildi.
Jahonda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqiroz sharoitida O‘zbekiston ochiq va pragmatik tashqi siyosatni faol olib bormoqda.
Mamlakatimiz tarixda birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga aʼzo etib saylandi. Yaqinda AQSH Davlat departamenti tomonidan O‘zbekiston diniy erkinlik sohasidagi “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” ro‘yxatidan chiqarilgani ham keng ko‘lamli demokratik islohotlarimizning eʼtirofidir.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) BMT organlari, YEXHT, Milliy huquqni himoya qilish muassasalarining Global alyansi, YUSAID, “Xalqaro qamoqxonalar islohoti”ning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi (PRI) kabi xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi faol rivojlanib bormoqda.
Shuningdek O‘zbekiston tarixida birinchi bor inson huquqlari bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarni inobatga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) dunyo Ombudsmanlar uchun belgilangan akkreditatsiyadan o‘tdi va unga “V” maqomi berilganligi maʼlum qilindi.
Bu bilan Ombudsman institutining xalqaro hamjamiyatdagi o‘rni yana-da mustahkamlanadi.
Sizga maʼlumki, 2020 yili PQ asosida Inson huquqlari bo‘yicha Vakil o‘rinbosari - Bola huquqlari bo‘yicha vakil tayinlangan. Bu borada ham 2020 yil davomida:
jismoniy va yuridik shaxslari, bolalar hamda ular qonuniy vakillari tomonidan jami 85 ta murojaatlar qabul qilindi va nazoratga olingan. 28 ta murojaatlar idora va tashkilotlar tomonidan qanoatlantirilgan.
Mehribonlik uylarining bitiruvchilarining turarjoy bilan taʼminlanishi to‘g‘risidagi 12 ta murojaati mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan javobsiz qoldirilgan.
Bolaning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda tiklash maqsadida 8 maratoba sud protsesslarida ishtirok etdi. Shundan 5 ta sud qarori bekor qilindi.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil bola huquqlarini taʼminlash, voyaga yetmaganlarga oid qonun xujjatlarini ijrosini nazoratini o‘tkazish va tegishli organlar bilan hamkorlikda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan davlat boshqaruv organlari va huquqni muhofaza etuvchi organlarga 47 ta so‘rovlar jo‘natdi.
2020 yilda Respublika hududida COVID-19 pandemiyasi kirib kelishi va karantin eʼlon qilinishi oqibatida juda ko‘plab muassasalar yopiq holatda o‘z ish faoliyatlarini davom ettirdi. Bu kabi yopiq, shaxslar o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan muassasalarda bola huquqlarini taʼminlash yuzasidan 53 ta monitoring o‘tkazildi.
Bola huquqlari sohasidagi vaziyatni monitoring qilish va murojaatlar ko‘rib chiqish doirasida davlat organlari va tashkilotlar rahbarlariga bola huquqlari sohasidagi qonun hujjatlari buzilishi, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan 3 ta taqdimnomalar kiritildi.
Davlatimiz rahbarining Parlamentga Murojaatnomasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, shuningdek mamlakatimizni barqaror rivojlantirish va uning iqtisodiy qudratini mustahkamlash, hayotning barcha jabhalarida islohotlarni chuqurlashtirish, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilishga doir davlat siyosatini hayotga faol tadbiq etish maqsadida
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ular mansabdor shaxslarining faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish borasida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman)o‘zining faoliyatini quyidagi vazifalarni bajarishga yo‘naltiradi:
Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisiga yo‘llagan Murojaatnomasida qayd etilgan vazifalarni amalga oshirishda, shuningdek inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi xalqaro standartlar va insonparvarlik tamoyilini keng joriy etish maqsadida har chorak yakuni bo‘yicha qiynoqlarning oldini olish, shu jumladan tergov izolyatori va jazoni o‘tash muassasalariga “monitoring tashriflari” haqida Parlament palatalariga maʼlumot kiritib borish;
Ikkinchidan, kelib tushgan murojaatlarning tahlili hamda mintaqaviy vakillarning axborotiga asoslangan inson huquq va erkinliklari buzilishiga olib keluvchi omillar, sabab va shart-sharoitlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar bo‘yicha masʼul idora va tashkilot vakillarining eshituvini tashkil etish uchun Parlamentning tegishli qo‘mitalariga maʼlumotlarni taqdim qilib borish va ushbu masala yuzasidan Parlament qo‘mitalarida eshituv amaliyotini rivojlantirish;
Uchinchidan, Vakil nomiga kelib tushgan murojaatlarni hududlar kesimida muntazam tarzda tahlil qilib borish, unda buzilgan inson huquq va erkinliklari turlarini va ko‘p uchraydigan holatlarning yechimi yuzasidan joylarda sayyor qabullar tashkil etish. Mazkur sayyor qabullarga fuqarolarning Parlamentdagi vakillarini ham jalb etishni nazarda tutish;
To‘rtinchidan, Vakilning mintaqaviy vakillari tomonidan axborot-maʼrifiy ishlarni mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, tashkilotlar, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorligini kuchaytirish;
Beshinchidan, aholining murojaatlari bilan ishlashda natijadorlikka, har bir murojaat yechimini topilishiga asosiy eʼtiborni qaratish;
Oltinchidan Inson huquqlari bo‘yicha Vakil huzuridagi Insonning Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etuvchi Komissiyasi faoliyatini yana-da jonlantirish;
Yettinchidan, inson huquqlari va erkinliklari himoya qilinishini taʼminlashda nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikdagi faoliyatni kuchaytirish;
Sakkizinchidan, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishiga oid eʼlon qilingan xabarlardagi holatlarni Ombudsmanning mintaqaviy vakillari bilan tezkorlik bilan o‘rganib borish.
Albatta inson huquq va manfaatlarini taʼminlash borasida Ombudsman oldida juda katta vazifalarimiz, o‘ziga xos masalalarimiz bor. Mazkur masalalarni Siz azizlar bilan birgalikda hamkorlikda, bamaslahat yechimini topishga, birga ishlashga doimo tayyormiz.
Feruza ESHMATOVA
Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)