Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman huzuridagi ekspert guruhi 14-son jazoni ijro etish koloniyasidagi sharoitlar bilan tanishdi
Joriy yilning 13 mart kuni Ombudsman huzuridagi Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat yurituvchi ekspert guruhi tomonidan navbatdagi monitoring tashrifi Toshkent viloyatidagi 14-son jazoni jazoni ijro etish koloniyasida amalga oshirildi.

Monitoring tashrifida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyati qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha faoliyatiga ko‘maklashuvchi sektor xodimlari ishtirok etishdi.

Ekspert guruhi aʼzolari dastlab, koloniyadagi qisqa muddatli va uzoq muddatli uchrashuv xonalari hamda telefon so‘zlashuv xonalarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi. Uzoq muddatli uchrashuv xonasida mahkumlarning yaqin qarindoshlari uchrashuvga kelganlari bois, ular bilan yaratilgan shart-sharoitlar yuzasidan suhbatlar o‘tkazildi.

Monitoring davomida koloniya oshxonasi va mahkumlarga ovqat tayyorlash jarayoni bilan tanishildi hamda oziq-ovqat taʼminoti meʼyorlariga amal qilinayotganligini o‘rganish maqsadida taomnoma menyusi hamda oziq ovqat mahsulotlarini saqlash joylari ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, koloniya Tibbiyot bo‘limi va mahkumlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish holati ham o‘rganilib, respublikamizda karonavirus infeksiyasi bilan zararlanish xavfi hali hamon saqlanib qolinayotgani sababli, ajratilishi zarur bo‘lgan dori-darmonlar taʼminoti va ularning Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha tavsiya qilingan protokollarga mosligi tekshirildi.

Monitoring tashrifi davomida, mahkumlarni mehnatga jalb qilish holati va mehnatni tashkil qilishda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilinayotganligi ham o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zaruriy tavsiyalar berildi.

Ombudsman huzurida milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat yurituvchi ekspert guruhi tomonidan jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida monitoringlar davom ettiriladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha

vakili (ombudsman) Matbuot xizmati