Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Navbatdagi seminar Qashqadaryo viloyatida tashkil etildi
Joriy yilning 9 aprel kuni Qashqadaryo viloyatida Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʼyicha vakili (ombudsman) tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT)ning Oʼzbekistondagi loyihalari Koordinatori bilan hamkorlikda “Mahkumlarning va qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida Oʼzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va xalqaro-huquqiy normalar” mavzusida hududiy seminar oʼtkazildi.

Qarshida boʼlib oʼtgan seminarda Ombudsmanning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili, viloyatdagi sudьyalar, prokuratura, ichki ishlar, advokatlar palatasi, sogʼliqni saqlash va xalq taʼlimi organlaridan jami 25 nafar vakillar ishtirok etishdi.
Tadbirda seminar ishtirokchilariga jazoni ijro etish tizimida hamda ushlab turilgan, qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʼayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlari qoʼllanilishini oldini olish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʼlamli islohotlar haqida axborot berildi.
Shuningdek, maʼruzachilar Milliy preventiv mexanizmning xalqaro huquqiy asoslari va uni mamlakatda amalga oshirishning oʼziga xos jihatlari haqida maʼlumot berishdi.
Taʼkidlanishicha, MPMni shakllantirish BMT tomonidan 1984 yil 10 dekabrda qabul qilingan va Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995 yil 31 avgustdagi 130-I-sonli Qarori bilan ratifikatsiya qilingan «Qiynoq hamda muomala va jazolashning oʼta shaf­qatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi Konventsiya»ning Fakulьtativ protokoliga asosan belgilangan. Mazkur Fakulьtativ protokol asosida BMTning qiynoqlarni oldini olish Quyiqoʼmitasi (QOQ) tomonidan 2010 yil 15-19 noyabrda oʼtkazilgan 12-sessiya davomida “Milliy preventiv mexanizmga taalluqli Rahbariy tamoyillar” va uning “Qiynoq hamda muomala va jazolashning oʼta shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi Kontseptsiyasiga Yondashuvlar” tasdiqlangan. Xalqaro huquqiy hujjatlarda ushbu mexanizmga quyidagicha taʼrif berilgan.
Milliy preventiv mexanizm - xalqaro va milliy mustaqil organlar tomonidan qiynoq hamda muomala va jazolashning oʼta shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlarini oldini olish maqsadida ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar saqlanayotgan joylarga muntazam ravishda tashrif buyurish tizimini shakllantirishdir.
Shuningdek, YXHTning qiynoq va boshqa shafqatsiz, gʼayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazolarni taqiqlash bilan bogʼliq standartlari hamda yopiq turdagi muassasalarda inson huquqlariga rioya etilishi ustidan olib boriladigan jamoatchilik nazorati boʼyicha xorij tajribasi oʼrganildi. MPMning xalqaro va Qozogʼiston tajribasi haqida ishtirokchilarga  ekspert Аnara Ibraeva maʼlumot berdi.
Oʼquv seminar davomida ishtirokchilarga bilim va koʼnikmalarining amaliyotda qoʼllanilishi hamda qiziqtirayotgan boshqa savollariga ham javoblar berib oʼtildi.
Seminar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
“Mahkumlarning va qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida Oʼzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va xalqaro-huquqiy normalar” mavzusidagi turkum hududiy seminarlar respublika boʼylab tashkil etiladi. 

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʼyicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati