Toshkent viloyati Olmaliq shahri Metallurglar madaniyat saroyida o‘tkazilgan forumni “Mehnat yarmarka”si, yosh rassomlar, musiqachilar hamda “Tadbirkor ayol” va “Tadbirkor yoshlar” va hunarmandlar uyushmalari, Innovatsion yoshlar jamoat birlashmasining ko‘rgazmali namoyishi boshlab berdi.
Jonli musiqa hamrohligidagi ko‘rgazmada mamlakatimiz hunarmadchiligining bir qancha turlariga oid asarlar, yosh rassomlar tomonidan mohirona chizilgan suratlar hamda innovatsion ishlanmalar taqdim etildi.
Fuqarolarning bandligiga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazilgan “Mehnat yarmarka”sida Toshkent viloyatidagi korxona va tashkilotlar o‘zlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdilar. Ahamiyatlisi, yarmarkaga jalb qilingan fuqarolarga mehnat qonunchiligi, tadbirkorlik va o‘zini-o‘zi band qilish bo‘yicha maslahatlar berildi.
Forumning kirish qismida so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Aziz Ikramov bugungi kunda ichki ishlar organlarida olib borilayotgan islohatlar jarayonida, xotin-qizlarga alohida eʼtibor qaratilishi natijasida shaxsiy tarkibdagi ayollar ululshi deyarli 11 foizga yetganini qayd etdi.
Taʼkidlanishicha, so‘nggi uch yilda mamlakatimizda xotin-qizlar ahvolini yaxshilash, ularning ijtimoiy himoyalanishini kuchaytirish, jamiyat rivoji va davlat boshqaruvidagi faolligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova o‘z nutqida forum ishtirokchilari eʼtiborini 2019 yilda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining baʼzi jixatlariga qaratdi.
Hozirda ruhan yoki jismonan tazyiqqa uchragan yoki shunday xavf mavjud bo‘lgan xotin-qizlar ichki ishlar organlariga himoya orderi berish to‘g‘risidagi talab bilan murojaat qilishlari mumkin. Ushbu kafolat ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tazyiq va zo‘ravonlik fakti yoki ularni sodir etish xavfini aniqlagan paytdan eʼtiboran 24 soat ichida 30 kun muddatgacha beriladi va shu zaxotiyoq kuchga kiradi.
Qolaversa, qonunchiligimizga ko‘ra, biror bir shaxs jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitilgan taqdirda sudga davlat bojisiz murojaat qilishi va xattoki advokatlarga to‘lanadigan haq ham davlat hisobidan qoplanishi belgilangan.
Tadbirda so‘z olgan Vazirlik Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik U.X.Abdullayevaning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yili oilalarda o‘tkazilgan suhbatlar orqali zo‘ravonlikdan jabrlangan va tazyiqqa uchragan 14 774 nafar xotin-qizlarga “himoya orderi” rasmiylashtirilib, ularga nisbatan zo‘ravonlik munosabati yoki tazyiq o‘tkazgan 27 100 nafar shaxslarga cheklovlar o‘rnatilib, profilaktika inspektorlari tomonidan nazoratga olingan. “Himoya orderi” rasmiylashtirilgan shaxslarning muammolarini hal etish natijasida 8 166 ta oilalar yarashtirildi va 5 046 ta nizolarning asl sabablari bartaraf etilgan bo‘lsa, o‘z navbatida, o‘rnatilgan cheklovlarga amal qilmasdan, profilaktik ishi taʼsiriga tushmagan va o‘zi uchun to‘g‘ri xulosa chiqarmagan 146 nafar shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortilgan, shuningdek, 817 ta ajrashgan oilalardagi ayollarning huquqlarini to‘liq tiklashga ko‘maklashildi.
Mazkur forumning mantiqiy yakuni sifatida tegishli vazirlik, tashkilot hamda idoralar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilikni oldini olish, tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashishga qaratilgan Idoralararo hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatni ishlab chiqish va ijroga qaratish rejalashtirilgan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati