Monitoring davomida
- Navoiy shahar “Mehribonlik uyi”;
- Tomdi tumanidagi Bolalar shaharchasi;
- IIB HPB “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi”;
- Navoiy viloyati asab-ruhiy kasalliklar dispanseri;
- Qiziltepa tumani 36-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internati;
- Navoiy shaxridagi 16-sonli maxsus maktabgacha taʼlim tashkiloti;
- Karmana tumani 25-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internati;
- Navoiy viloyati ko‘rish imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasasilarida tarbiyalanayotgan bolalarning yashash va ovqatlanish, shuningdek, mehnat qilish va tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitlari, olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar hamda koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotganligi holatlari o‘rganildi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, Navoiy viloyatida bugungi kunda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan jami 1991 nafar voyaga yetmaganlar mavjud. Ularning 1181 nafari vasiylikka, 352 nafari homiylikka, 439 nafari farzandlikka, 8 nafari oila (patronat)ga va 11 nafari bolalar uyiga joylashtirilgan.
Dastlab, Navoiy shahar “Mehribonlik uyi”ga monitoring amalga oshirildi. Muassasada taʼlim-tarbiya olayotgan bolalar 2021 yilning 1 aprel holatiga 61 nafarni tashkil etib, ulardan 13 nafari chin yetimlardir. Aniqlanishicha, muassasadagi 2020 yil mabaynida 30 nafar tarbiyalanuvchilar oilaga qaytarilgan.
Muassasada tarbiyalanuvchilarning ijtimoiy va hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Shu bilan birga tarbiyalanuvchilar uchun turli o‘quvlar hamda zamonaviy kompyuter dasturlash ko‘nikmalariga o‘qitish kurslari tashkil qilingan.
Navoiy shahar Zarafshon ko‘chasi 8-a uyda joylashgan ushbu “Mehribonlik uyi”ga ajratilgan bino moslashtirilgan bo‘lib, uning umumiy holati yaxshi. Lekin, tibbiyot xonalari, oshxona, yuvinish xonalari “Mehribonlik” va maktab internat uylarini qurish va saqlash sanitariya qoidalari talablariga mos kelmaydi.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil tarbiya muassasasini tamomlagan uy-joyga muhtoj bo‘lgan yetim bolalar hamda ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlash holatiga alohida eʼtibor qaratdi. Taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, 2020 yilda muassasani 12 nafar bola bitirga bo‘lib, ularning 7 nafari Navoiy shahar hokimligi uy-joy va yotoqxonalardan foydalanish boshqarmasiga qarashli 2-son yotoqxonasiga joylashtirilgan. Qolgan 5 nafari esa OTM yotoqxonalarida yashamoqda. Aslida esa ushbu bitiruvchilar qonun hujjatlarida belgilangan normalarga asosan bo‘sh, alohida, qulay va shinam bo‘lgan hamdaa belgilangan sanitariya va texnik meʼyorlarga mos uy-joylar bilan taʼminlanishi kerak. 2016-2017 yillarda 2 nafardan bitiruvchilariga ikki xonali uy berilgan. 2020 yilgi bitiruvchilar esa faqat yotoqxonalardan xonalar ajratilgan.
Shuningdek, muassasada 6 nafar 18 yoshdan oshgan tarbiyalanuvchilar mavjud. Qonun hujjatlariga ko‘ra, tarbiyalanuvchilar majburiy umumiy o‘rta va o‘rta maxsus taʼlimni tamomlagunga qadar muassasada bo‘lishlari undan so‘ng esa alohida uy-joy bilan taʼminlanishlari kerak edi.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil muassasaagi sharoitlarni ko‘zdan kechirib, bu yerda tarbiyalanayotgan bolalar bilan suhbatlashdi.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova:
Har safar institutsional muassasaga kelganimda, bolalarning ko‘zlarida qalb nolasi, og‘riq va umidsizlikni ko‘raman. To‘g‘ri, davlat mehribonlik uylarida ularning farovon yashashlari uchun barcha sharoitlarni yaratmoqda. Ammo hech bir tarbiyachi hech qachon mehribon ota-onalarning muhabbati va mehri o‘rnini bosa olmaydi.
Navbatdagi monitoring obyekti - Tomdi tumani bolalar shaharchasi bo‘ldi. Qonun hujjatlariga ko‘ra, bolalar shaharchasida tarbiya jarayoni oilaviy tipga ko‘ra tashkil etiladi. Bolalar shaharchasiga tarbiyalash uchun berilgan bolalar tarbiyachi boshchiligida guruhlarga bo‘linadi, guruhlar oilalar deb ataladi. Har qaysi oilada turli yoshdagi 6 nafardan 8 nafargacha bolalar tarbiyalanadi. Tarbiyachi tarbiyalanuvchining taʼlim muassasasini va o‘qitish shaklini tanlashda bolalarning xohishlarini hisobga olishi va bolalarning umumiy o‘rta taʼlim olishi uchun shart-sharoitlar yaratishi shart. Tarbiyalash usullari bolalarning qadr-qimmatini tahqirlovchi mensimaslik, shafqatsizlik, qo‘pollik munosabatlaridan xoli bo‘lishi kerak.
2019 yilda qurib bitkazilgan ushbu shaharchada 10 ta kottej bo‘lib ularning har birida 7-8 nafar bolalar oilaga yaqinlashtirilgan sharoitlarda yashashmoqda. Ushbu bolalar shaharchasi ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan va to‘liq davlat taʼminotida bo‘lgan bolalarning yashashga va oilada tarbiyalashga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish, shuningdek, ijtimoiy moslashish va jamiyatga integratsiyalash uchun ularning maʼnaviy-axloqiy, mehnat tarbiyasi va taʼlim olishini har tomonlama taʼminlash maqsadlariga mos holda tashkil etilgan.
Bolalar shaharchasida 2021 yilning mart oyi holatiga ko‘ra, 64 nafar tarbiyalanuvchi mavjud bo‘lib, ularning 5 nafari chin yetimdir.
Zamonaviy va shinam sharoitlar yaratilgan ushbu muassasada yopiq sport zali mavjud emas. Shuningdek, 4070 ta kitoblar fondiga ega kutubxonada Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 21 noyabrdagi 739-son qaroriga asosan tasdiqlangan “Bolalar shaharchaci to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra kutubxonachi shtati ajratilmagan.
Ushbu bolalar shaharchasida ham belgilangan tartib-qoidalarga zid ravishda 18 yoshdan oshgan 10 nafar bola yashab kelmoqda. Ushbu muassasada ham masʼul davlat idora va tashkilotlar tomonidan bitiruvchilarni uy-joy bilan taʼminlash bo‘yicha kerakli chora-tadbirlar amalga oshirilmagan. Achinarlisi, ushbu muassasani bitirgan yana 34 nafar bola hozirda turar-joyga muhtoj.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova:
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda “Mehribonlik” uylari bitiruvchilarini turar joy bilan taʼminlamaslik, o‘z navbatida bu toifa shaxslar doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yhatdan o‘tishi, ish joy bilan taʼminlanishi va tibbiy yordam olishida ham jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi. Vaziyatning murakkab ekanligini inobatga olib, bolalar uchun javobgar bo‘lgan masʼul tashkilotlar, muammolarni tezlikda hal etib, bu haqda maʼlumot berishlari maqsadga muvofiq.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan monitoring o‘tkazilgan yuqorida qayd etilgan muassasalardagi xodimlar, bemorlar va tarbiyalanuvchilar bilan yakka tartibdagi va jamoaviy uchrashuvlar tashkil etildi. Jamovaiy uchrashuvlarda 100 dan ortiq, yakka tartibdagi uchrashuvlarda 20 ga yaqin fuqarolar bilan muloqot qilindi. Taklif va murojaatlari o‘rganildi.
O‘rganilgan boshqa obyektlar haqida ham batafsil maʼlumotlar taqdim etiladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)