Suhbat davomida Davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyev tomonidan yurtimizda olib borilayotgan inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bilan bog‘liq islohotlar hamda erishilgan yutuqlar yuzasidan batafsil maʼlumotlar berib o‘tildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida qiynoqlar masalasiga alohida eʼtibor qaratganligi, Ombudsman instituti zimmasiga mamlakatimizda qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish, bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, inson huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatlash bo‘yicha qator vazifalarni yuklash bilan birga uning vakolatlarini kengaytirish masalasini ham ilgari surayotgani Vakil tomonidan qayd etildi.
K.Adenauer nomli jamg‘armaning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Ronni Xayne so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan islohotlar natijasida mamlakatimiz BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga aʼzo bo‘lganligini va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.M. Mirziyoyev ushbu Kengashning 46-sessiyasida qilgan maʼruzasi xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori darajada baholanligini taʼkidladi.
Shuningdek, suhbat davomida R.Xayne 2021-yilga mo‘ljallangan davlat dasturlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan joylarda o‘quv seminarlarini tashkil etishda hamda Ombudsmanning inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi faoliyati samaradorligini oshirishda doimo hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.
Konstruktiv va do‘stona ruhda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar yangi loyihalar xususida fikr almashishdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati