Qarorga ko‘ra, yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga yaratilgan shart-sharoitlarni tanlov asosida hududlarda o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhi va chora- tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Ishchi guruhi tarkibida Bola huquqlari bo‘yicha vakil Bolalar uyi va Mehribonlik uylarida yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun yaratilgan sharoitlar, tarbiyalanuvchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, sog‘lomlashtirish, sog‘lom ovqatlantirish holatlari, bolalarni oilalarga qaytarish jarayoni, muassasa bitiruvchilarining bandligi, jamiyatga ijtimoiy moslashuvini taʼminlash, bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holati, muammo va takliflarni o‘rgandi.
O‘rganishlar Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanida joylashgan 5-Mehribonlik uyida davom ettirildi. O‘rganish kuni muassasada 65 nafar (qizlar 28 nafar) tarbiyalanuvchilar bo‘lib, ularning 15 nafarini chin yetimlar tashkil etadi.
Tibbiyot xonasi, stomotolog xonasi, bemorlarning alohidalash xonalarining tagi beton qoplamali bo‘lib, zahkash.
Bolalarning bo‘sh vaqtini o‘tkazish uchun yetarli sharoitlar mavjud emas. Mebellar eski.
Sog‘lom ovqatlantirish holatlarini o‘rganish davomida Bola huquqlari bo‘yicha vakil eʼtiborini tarbiyalanuvchilarning birinchi ovqatni umuman yemasdan chiqqanliklari va deyarli ikkinchi ovqatni ham yemaganliklari diqqatini tortdi. Birinchi ovqatga karam shurvasi qilingan bo‘lib, u o‘ta yog‘li va o‘ziga xos hidi bor edi. Bolalarga tushlikda sharbatlar berilmagan.
Holat yuzasidan mahsulotlar sifatini ko‘rish uchun oziq-ovqat omboriga tashrif buyurilganda mahsulotlar sifati bo‘zilganligi karam, rediska, kartoshka va noklarning chirib qolganligi, go‘sht rangining o‘zgarganligi, ko‘plab yog‘lari borligi, go‘sht mahsulotlarini tortib ko‘rish so‘ralganda tarozi yo‘qligi, oshxonaning sanitariya holati yaxshi emasligi, idishlar yetishmasligi, bolalarga alyumen krujkalarda choy berilayotganligi krujkalarning ushlashga quloqlari yo‘qligi, bu esa bolalar sog‘ligi uchun xavfliligi va bir qator kamchiliklar aniqlandi.
Holatni chuqur o‘rganish uchun tuman prokuraturasidan vakil chaqirildi. Va mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan mutasaddilarga majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati