Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman: 1-chorak davomida 80 mln so‘m atrofida aliment to‘lovlari undirilishiga erishildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga joriy yilning 1-choragida, yaʼni yanvar-mart oylarida aliment mablag‘larini undirish bo‘yicha 38 ta murojaat kelib tushgan. Barcha murojaatlar Ombudsman nazoratiga olingach, O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi xuzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan 32 ta ish ijobiy hal etildi. 31 mart holatiga ko‘ra, jami 80 mln so‘m atrofidagi aliment to‘lovlari murojaatchilar foydasiga undirilgan.

Qonunchilikka asosan, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-4-moddasiga ko‘ra, moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy taʼminlashdan bo‘yin tovlash, yaʼni ularni moddiy jihatdan taʼminlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib 2 oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik 15 muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi mumkin yoki maʼmuriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga BHMning 20 baravari miqdorida jarima solinishi mumkin.

Birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar u maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish jarayonida aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda to‘lagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi. Qarzdorlarga nisbatan maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng ham aliment to‘lash majburiyati bajarilmasa, bu ularni jinoiy javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.

Jinoyat kodeksining 122-moddasiga asosan, moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy taʼminlashdan bo‘yin tovlash, yaʼni ularni moddiy jihatdan taʼminlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib 2 oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasida esa, “Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar” deb belgilangan.

Shunday ekan, Ombudsman barcha aliment to‘lovchilarni, farzandlari haqqi va ota-onalik majburiyatlarini o‘z vaqtida ado etishga chaqiradi!

Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati