Onlayn uchrashuvda Ombudsman Feruza Eshmatova mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish davlat va jamiyat faoliyatining ustuvor mezoni etib belgilangani, fuqarolarga davlat idoralariga murojaat qilishda qator qulayliklar yaratilgani va o‘tgan yillar mobaynida har bir tashkilot fuqarolarni qabul qilish va ularga quloq solishni o‘rgangani, joylarda sayyor qabullar tashkil etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi.
Ombudsman nomiga kelib tushayotgan murojaatlar, jumladan xotin-qizlar tomonidan yo‘llanayotgan arizalar doim tahlil qilinib, aholini qiynayotgan masalalar haqidagi tahliliy maʼlumotlar va Vakilning tegishli tavsiyalari doimiy ravishda parlament va tegishli davlat idoralariga taqdim etib boriladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) nomiga yo‘llangan murojaatlar tahlili, 2021 yilning 15 apreliga qadar fuqarolar tomonidan 4000 dan ortiq murojaat kelib tushganini ko‘rsatmoqda.
Hozirda ushbu murojaatlar bilan ishlash ularni o‘z vaqtida hal etish tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda ishlanmoqda.
Shuningdek, virtual muloqotda Ombudsman faoliyatiga hududlarda tegishli davlat organlari masʼullari bilan birgalikda sayyor qabullar o‘tkazish amaliyoti joriy qilingani va ushbu qabullar doirasida og‘ir tushmush sharoitida yashayotgan oilalar honadonlariga tashrif buyurilib, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilayotgani qayd etildi.
Muloqot davomida pandemiya sharoitida xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Taʼkidlanishicha, barcha tuman va shaharlarda, har bir mahallada ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi – “temir daftar” tizimi joriy etildi hamda xotin-qizlarni qiynayotgan ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga amaliy yechim topish maqsadida “Ayollar daftari” shakllantirildi.
O‘zaro muloqot davomida Feruza Eshmatova mamlakatda gender tengligini taʼminlash Ombudsman faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligini qayd etdi. Shuningdek, aynan pandemiya davrida butun dunyoda xotin-qizlarning mehnat huqularining buzilishi, sababsiz ishdan bo‘shatish, ish beruvchi tomonidan tegishli mehnat sharoitlarining yaratib bermaslik, noqonuniy qisqartirish kabi holatlar ko‘payganiga eʼtibor qaratdi.
Shu nuqtai nazardan mehnat qonunchiligini qayta ko‘rib chiqish orqali xotin-qizlarga masofadan turib ishlash, ish grafigini moslashtirish kabi normalarga aniqlik kiritish va ushbu normalarga amal qilinishi bo‘yicha ishlash zarur. Bu borada qator loyihalarni hamkorlikda amalga oshirishimiz mumkin.
Konstruktiv va do‘stona ruhda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar yangi loyihalar xususida fikr almashishdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati