Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Samarqand viloyatidagi 63-sonli aqli zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internat haqida tarqalgan xabar bo‘yicha rasmiy munosabat
Joriy yilning 24 may kuni ijtimoiy tarmoq sahifalarida Samarqand viloyati 63-sonli aqli zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internat tarbiyalanuvchilarining yuz qismi ko‘kargan, shikastlangan va yirtiq-yamoq kiyimlarda yurgan va kir yuvishga majbur qilinayotganligi  xolatlari aks etgan rasmlar keng tarqalib jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Mazkur xabar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari - Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan nazoratga olinib, Samarqand viloyati hokimiga holatni o‘rganish va to‘plangan maʼlumotlarni taqdim etish bo‘yicha so‘rov yuborilgan.

Holat joriy yilning 25 may kuni Bola huquqlari bo‘yicha vakilning Samarqand viloyatidagi Mintaqaviy vakili N.Rabbimova, Samarkand viloyati xokimi E.Turdimov, tuman xokimi N.Sulaymonov, tuman prokurori D.Kubayev, tuman IIB boshlig‘i B.Ibragimov, Viloyat Xalk taʼlimi boshkarmasi boshlig‘i Z.Shodiyeva, boshkarmaning masʼul xodimlari tomonidan o‘rganildi.

Mintaqaviy vakilning aniqlashicha, Samarqand viloyati, Oqdaryo tumanidagi ushbu muassasada tarbiyalanayotgan suratdagi 2 nafar bola otasi tomonidan uyiga qaytarib olib ketilgan, ko‘zi ko‘kargan bola esa 11 mart kuni tengdoshi bilan urishganligi va o‘shanda ko‘zi ko‘karganini aytgan. Bu holat bolaning tibbiy anketasida ham qayd etilgan.

Shuningdek, tog‘orada kir yuvayotgan 4-sinf bolasining onasi bilan suhbat qurilganida bu kabi holatlar 4 yil davomida umuman kuzatilmaganligi va ushbu rasmni ko‘rib tushunishmaganligini bildirgan... Albatta bu holat o‘rganilib, unga oydinlik kiritilgach, bola huquqlarini taʼminlashda, ularning taʼlim olishi, sog‘lig‘ini saqlash masalalarida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar aniqlansa, ularga  tegishli choralar ko‘riladi.

Samarqand viloyatidagi Mintaqaviy vakili N.Rabbimovaning so‘zlariga ko‘ra, muassasada nosog‘lom muhit hukm surmoqda. Xodimlar o‘rtasida o‘zboshimchalik, rahbarlarga bo‘ysunmaslik, lavozim vazifalarini bajarmaslik, o‘z ishiga eʼtiborsizlik bilan qarash holatlari ko‘zga tashlanmoqda.

Mazkur masala Samarqand viloyati hokimi nazoratiga olinib, muassasadagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha katʼiy vazifa va topshiriklar berilgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati