Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning Xorazmdagi mintaqaviy vakilini bilasizmi?
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jami 14 ta mintaqaviy vakili mavjud. Ular hududlar kesimida fuqarolar murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish, ularning buzilgan huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini tiklashda Vakilga ko‘maklashadilar.

O‘z navbatida Ombudsmanning mintaqaviy vakillari mahalliy davlat hokimiyati organlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga aniqlashtirilishi lozim bo‘lgan holatlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazishda ko‘maklashishni so‘rab murojaat qilish, shuningdek ulardan hujjatlar, materiallar va boshqa maʼlumotlarni so‘rash hamda olish huquqiga ega.

Xorazm viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshlig‘i Xamro Bektemirov jamoatchilik asosida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. U fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni joyiga borib o‘rganish va hal etish bilan birga mahallalarda uchrashuvlar tashkil etib, Ombudsmanning inson huquqlarini tiklashdagi huquq va vakolatlari haqida aholining huquqiy savodxonligini oshirmoqda. Muhimi, ushbu jarayonda baʼzi qonun buzilish holatlari ham aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha ishlanmoqda.

Jumladan, Xorazm viloyatining chekka hududlaridan hisoblangan Tuproqqalʼa tumani faollari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda “Xazorasp” mahallasida yashovchi 5 nafar fuqaro hamda 7 nafar bolaning shaxsini tasdiqlovchi hech qanday hujjatlari yo‘qligi maʼlum bo‘ldi. Ahamiyatlisi, hech qanday hujjatsiz yashayotgan insonlar, pasport va tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarni rasmiylashtirish uchun tegishli davlat idoralariga avvallari murojaat ham qilishmagan. Mintaqaviy vakilning aralashuvi bilan fuqarolarga tushuntirish berilib, hujjatlar rasmiylashtirishda amaliy yordam berildi.

Shuningdek, Hamro Bektemirovga kelib tushgan murojaatlardan birida, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filiali xodimi ustidan shikoyat kelib tushdi. Maʼlum bo‘lishicha, xodim sayt, platforma, dastur ishlab berish uchun fuqarodan kelishilgan xizmat xaqini olgan lekin, majburiyatini bajarmagan. Murojaatchining yozishicha, 2 yildan buyon buyurtmani cho‘zib, bajarmagan xodim, aldov yo‘li bilan to‘langan summani qaytarishni ham ortga surib kelmoqda. Mazkur murojaat yuzasidan Ombudsmanning Xorazmdagi mintaqaviy vakili TATU Urganch filiali rahbariyati bilan bog‘langan holda fuqaro murojaatini ijobiy hal etilishiga erishdi. Murojaatchiga to‘langan summa to‘liq qaytarilib, kelishilgan xizmatni o‘z vaqtida bajarmagan xodimga tegishli chora ko‘rildi.

Ombudsmanning Xorazmdagi vakiliga ko‘p yillardan buyon savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yurituvchi "ORZU - FAXRIM" oilaviy korxonasi rahbaridan yangi qurib bitkazilgan binoni buzib tashlanishini oldini olish bo‘yicha murojaat kelib tushdi.

Murojaat o‘rganilishi natijasida maʼlum bo‘lishicha, ushbu oilaviy korxonada oila aʼzolardan tashqari yana 8 nafar xodim ishlaydi. Tadbirkorga ishini kengaytirishi uchun Xiva tumani hokimi tomonidan bo‘sh yer maydoni ajratiladi. Lekin, qurilish ishlari belgilangan rejadan kechikib boshlanganligi sababli, olingan yer maydoni bir qancha muddat bo‘sh yotadi. Bu orada ushbu yer maydoni foydalanilmayotgan yer uchastkalari sifatida ro‘yxatga olinadi va e-auksion savdo platformasiga joylashtiriladi. Hozirda mazkur maydonda tadbirkor oilaviy korxonasining yangi binosi qurib bitkazilgan. Lekin, ushbu maydonni e-auksion orqali boshqa fuqaro sotib olgan va yangi binoni buzib tashlashini bildirgan.

Mazkur nizoli holat yuzasidan Ombudsmanning Xorazmdagi Mintaqaviy vakili tegishli davlat idoralari bilan bog‘lanib, binoni buzib tashlanishini oldini oldi.

Yana bir tadbirkor murojaatida, sabzovot-polizchilik yo‘nalishida faoliyat yuritishi uchun yer maydoni so‘rab qilgan murojaati hanuzgacha hal etilmasdan kelayotganligi qayd etilgan. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili aralashuvi natijasida "Dostonbek Rayxona Kamola" MCHJ rahbariga Urganch tumani Bekobod qishlog‘i, Bekobod-Qumobod massivi hududida joylashgan 5,8 gektar yer maydoni ajratib berildi.

Maʼlumot uchun: Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili Xamro Bektemirov haftaning Chorshanba kuni soat 14:00 dan 17:00 gacha fuqarolar murojaatlarini qabul qilmoqda. Manzil: Xorazm viloyati, Urganch shahri, Yu.Babajanov ko‘chasi, 29-uy

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati