Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
O‘zbekiston va Qozog‘iston ombudsmanlarining o‘zaro hamkorligi yanada mustahkamlanmoqda
Maʼlumki, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) institutining murojaatlar bilan ishlash va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilishga oid faoliyatiga ilg‘or xorijiy tajribalarni tadbiq etish - ish samaradorligini oshirishdagi muhim omil sanaladi. Shu nuqtai nazardan Ombudsman Kotibiyati xodimlari malakasini doimiy ravishda oshirib borish, xususan, ish faoliyatiga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, inson huquqlari sohasidagi so‘ngi tadqiqot ishlari bilan tanishish maqsadida qator seminar treninglar tashkil etib kelinmoqda.

Shu kabi seminarlarning navbatdagisi Qozog‘iston Respublikasining Nur-sulton shahrida tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Qozog‘iston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili hamda F.Ebert nomidagi jamg‘arma bilan hamkorlikda o‘tkazilan mazkur o‘quv mashg‘ulotlari “Qiynoq holatlarini samarali tekshirish va hujjatlashtirish. Istanbul protokoli” va “Sud jarayonlarini monitoring qilish” mavzulariga bag‘ishlandi.

Ushbu seminarda Ombudsman Kotibiyati mutaxassislari bilan birgalikda Qozog‘iston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), “Kadіr-qasiyet” jamoat birlashmasi xodimlari, Qozog‘istondagi sudya, prokuror, advokatlar, sudmedekspert xodimlari hamda qator fuqarolik jamiyati faollari ishtirok etishdi.

BMTning Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyasining 13-moddasida “Har bir ishtirokchi davlat uning huquqiy tobeligida bo‘lgan istalgan hududda qiynoq qo‘llanildi deb tasdikdaydigan har bir shaxsga shu davlatning vakolatli hukumatlariga shikoyat qilish huquqini hamda ular tomonidan bunday jinoyat tez va xolis ko‘rib chiqilishini taʼminlaydi. Daʼvogar va guvohlarni har qanday shakllardagi uning shikoyati yoki har qanday guvohlik ko‘rsatmalari munosabati bilan qo‘rqitishdan himoya qilishni taʼminlash choralari ko‘riladi.”- deb qayd etilgan. Ushbu konvensiyani ratifikatsiya qilgan har bir davlat undagi normalarni amalda ishlashi uchun masʼul sanaladi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, Qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha joriy etilgan Milliy preventiv mexanizm doirasida penitsiar, yaʼni yopiq muassasalarga o‘tkaziladigan monitoringlar orqali qiynoq holatlari yuzasidan kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazish, inson qadr-qimmatini poymol etuvchi sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish mumkin. Seminar davomida ishtirokchilarga ushbu jarayonlarda jismoniy va psixologik qiynoqni qo‘llash usullari va ularni tibbiy jihatdan hujjatlashtirish, qiynoq holatlarini aniqlashda fuqarolik jamiyati faollarining ishtiroki, mahkumlar bilan suhbatlar o‘tkazish tartiblari, Istanbul protokoli mezonlari bo‘yicha xulosalarni shakllantirish xususiyatlari haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, BMTning Qiynoqlarga qarshi kurashish qo‘mitasiga tayyorlangan Qozog‘iston Respublikasi hukumatining davriy hisoboti bilan tanishtirildi.

Ushbu hisobotda keltirilishicha, Qozog‘iston Respublikasining har bir jazoni ijro etish muassasasida mahkumlarga nisbatan qo‘llanilgan qiynoq bilan bog‘liq bo‘lgan holatlarga tezkorlik bilan munosabat bildirish hamda ularning murojaat etish huquqini taʼminlash maqsadida Ombudsman maʼmuriyatiga integrallashtirilgan elektron Ombudsman qutilari joriy qilingan. Bu esa ortiqcha vaqt sarfini oldini olib, murojaatlarni tezda nazoratga olish imkoniyatini kengaytirmoqda.

Maʼlumot o‘rnida qayd etish lozimki, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) qutilari respublikamizdagi barcha jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalariga joylashtirilgan. Maxkum va maxbuslar murojaat tashlashi uchun qulay joylarga o‘rnatilgan ushbu qutilarni faqatgina Ombudsman vakili ochish huquqiga ea. Ombudsman qutilariga tashlangan arizalar har ikki haftada ko‘rib chiqish uchun olib ketiladi.

Qozog‘iston poytaxtida o‘tkazilgan keyingi seminarda ishtirokchilar sud jarayonlarida monitoring olib borish tartibi, Qozog‘iston Respublikasi sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlar, sudlarda ishlarni ko‘rib chiqish bosqichlari bilan tanishishdi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati