Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan 48-sonli manzil-koloniyasi haqidagi xabar o‘z tasdig‘ini topmadi
 Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Ohangaron tumani 48-sonli G‘allaquduq manzil-koloniyasida kasal bo‘lib, istimasi 10 kundan buyon chiqayotgan va Covid analizi aniqlanmagan mahkumlarning konstitutsiyaviy huquqlari poymol etilayotgani va ularga eʼtibor berilmayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

 

 

Mazkur xabar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyatining Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish sektori tomonidan nazoratga olinib, joyiga chiqqan holda o‘rganildi.

Aniqlanishicha, mazkur manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning har qanday yuqumli kasalliklarga chalinishining oldini olish maqsadida ularga tibbiyot punktining malakali shifokori biriktirilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqalgan kuni manzil-koloniyasidagi
19 nafar mahkumlar turli kasalliklar bilan Angren va Olmaliq shahri, shuningdek Ohangaron tumani markaziy shifoxonasida statsionar tartibda davolanishayotgan edi.

Manzil-koloniyasida o‘tkazilgan monitoring davomida istimasi chiqqan yoki biror bir kasallik yuqtirib olganlik alomatlari kuzatilgan mahkumlar aniqlanmadi va bu bo‘yicha shikoyatlar ham kelib tushmadi.

Shuni qayd etish lozimki, hozirgi pandemiya sharoitida jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida Covid -19 bilan og‘rigan mahkum va mahbuslarni ularga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni tashkil etishda inson huquqlarining taʼminlanishi nuqtai nazaridan Ombudsman vakillari tomonidan monitoring tashriflari amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya yoki internet tarmog‘ida yolg‘on yoki noxolis axborotni tarqatish qonunchilikka asosan javobgarlikka tortilish uchun asos bo‘lishi mumkin.  

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) Matbuot xizmati