Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Feruza Eshmatova: Ombudsman xodimlarining sudda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishini so‘rab yozgan murojaatlari soni oshib bormoqda
Joriy yil 29 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2021 yilning birinchi yarim yillikdagi murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha faoliyati ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari buyicha vakili hamda Ombudsman huzuridagi komissiya raisi Feruza Eshmatovaning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yilning birinchi yarim yilligida Vakil nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 9 632 ta murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaatlarning sal kam 40 foizi yaʼni 4083 tasi shaxsiy huquq va erkinliklarni amalga oshirish masalasiga taʼluqli. Ombudsman ish yurituviga olingan murojaatlarning ko‘rib chiqilishi natijasida 13 ta jinoiy, 4 ta maʼmuriy va 8 ta intizomiy ish qo‘zg‘atildi, masʼul mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun 23 ta tekshiruv o‘tkazildi, 16 nafar davlat idoralari xodimlari turli darajadagi javobgarliklarga tortildi, sud qarorlariga nisbatan prokuratura organlari orqali 2 ta protest kiritildi hamda murojaat qiluvchilar manfaatlarini ko‘zlab jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi 26 ta qaror bekor qilindi.

Joriy yilning birinchi yarim yilligida Ombudsman manziliga jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlaridan norozi bo‘lgan fuqarolardan 680 ta murojaat kelib tushdi. Bundan tashqari, xorijdan 3 ta va mahkumlardan 256 ta murojaat yo‘llangan.

F.Eshmatovaning qayd etishicha, murojaatlarda asosan dastlabki tergovda yo‘l qo‘yilgan protsessual kamchiliklar sud jarayonida aniqlanganda, sudya tomonidan taʼsir chorasi qo‘llanilmasligi, sudya iltimosnomani rad etishi, majlis bayonnomasiga tomonlar chiqishlarining kiritilmasligi, guvohlarni chaqirishni rad etish va ularni so‘roq qilmaslik, ekspertiza o‘tkazishni rad etish, advokat chiqishini keyinga qoldirish kabi holatlar ko‘rsatilgan. Murojaatlarda ko‘rsatilgan holatlar sud qarorlarining qonuniyligi, xolisligi va adolatliligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taʼsir ko‘rsatishi mumkin. 

Shuningdek, fuqarolarning Ombudsman nomiga sud tergovining to‘liq emasligi va baʼzan bir yoqlamaligi, jinoyat kodeksi normalarining noto‘g‘ri qo‘llanilayotganligi, sud jarayonlari o‘z vaqtida boshlanmasligi hamda jazoning adolatsizligidan norozi bo‘lib Ombudsman xodimlarini sudda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishini so‘rab yozgan murojaatlariga asosan 2021 yilning birinchi yarim yilligida 45 marotaba sud jarayonlarida ishtirok etilgan.

Yig‘ilishda yakunida komissiya aʼzolari tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman) faoliyatini yana-da takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi hamda ko‘rib chiqilgan mazkur masala yuzasidan Parlament komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati