Piskent tumani “Murotali” mahallasida yashovchi Sh.Shokirovaning murojaatini batafsil o‘rganish maqsadida Ombudsmanning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili S.Baratova tuman hokimi mutasaddi vakillari ishtirokida murojaatchi xonadoniga tashrif buyurdi.
Maʼlum bo‘lishicha, murojaatchining onasi to‘rt nabirasini qaramog‘iga olgan va “Temir daftar”ga kiritilgan. Shu bois, unga pandemiya davridagi tegishli yordamlar ko‘rsatilgan. Davlatimiz rahbari “baliq emas, baliqni tutishga qarmoq berish kerak” deya taʼkidlaganidek, xonadondagi 20 sotix hovlida tomorqadan foydalanish imkoniyati borligi hisobga olinib, subsidiya asosida issiqxona ham qurilgan.
Suhbat davomida oila aʼzolarining aksariyati voyaga yetgan va mehnatga layoqatli odamlar bo‘lgani sababli Sh.Shokirova va singlisiga jamoatchilik asosida ish, hunar egallash istagi bo‘lsa, Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi qoshidagi kasb-hunar maktabiga 3 oylik kurslarga taklif etildi. Bundan tashqari, buzib, qayta qurilayotgan imorati uchun qurilish materiallari homiylik asosida olib berilishi aytildi.
Suhbat asnosida Ombudsmanning mintaqaviy vakili S.Baratova inson to‘kin va farovon yashashi uchun halol mehnat qilishi, qo‘l ostidagi imkoniyatlardan samarali foydalanishi zarurligini tushuntirdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)