Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning Qashqadaryodagi mintaqaviy vakili mahkumlar bilan uchrashdi
Joriy yilning 10 avgust kuni Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʼyicha vakilining (ombudsmanning) Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Murodulla Normuradov Koson shahridagi 10-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashrifini amalga oshirdi.

Monitoring davomida Ombudsman qutisi koʼzdan kechirilganda, 11 nafar mahkum tomonidan murojaat qoldirilgani maʼlum boʼldi. Mintaqaviy vakil barcha murojaat mualliflari bilan yakkama-yakka uchrashgan holda suhbat oʼtkazib, ularning masalalarini har tomonlama oʼrgandi.

Bundan tashqari, 4 nafar mahkum M.Normuradovning shaxsiy qabulida boʼldi.

Shundan soʼng, mintaqaviy vakil mahkumlarning yashash sharoitlari, ovqatlanishi, tibbiy yordam olishi, shuningdek ularning ishlash sharoitlari bilan tanishdi.

Maʼlum boʼlishicha, ushbu muassasada 1006 nafar mahkum saqlanayotgan boʼlib, ularning 70 foizi mehnatga jalb etilgan. Katta yoshdagi va betob boʼlgan mahkumlar ishga jalb qilinmagan.

Koloniyadagi mebel ishlab chiqarish sexi koʼzdan kechirilganda, uning taʼmirtalab ekanligi hamda u yerda mehnat qilayotgan baʼzi mahkumlarning ustki kiyimlari eskiligi, ularning yangi ust-kiyimlar bilan taʼminlanishi zarurligi yuzasidan tavsiyalar berildi.

Mintaqaviy vakil monitoring tashrifi doirasida joriy yilning 24 oktyabr kuni boʼlib oʼtadigan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ishlari bilan ham tanishdi.

Mazkur muassasada Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovi oʼtkazilishi boʼyicha 605-sonli saylov uchastkasi tashkil etilib, muassasadagi 39 nafar mahkum saylovda ovoz berish huquqiga ega boʼlgan shaxslar roʼyxatiga olingan.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari boʼyicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati