Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning Samarqanddagi vakili yordamida fuqaro arzon uy-joy bilan taʼminlandi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakiliga Nurobod tumani Jom qishlog‘ida yashovchi fuqaro S.D. tomonidan uning uy-joyga muhtojligi haqida murojaati kelib tushdi.

Murojaat muallifi turmush o‘rtog‘i vafot etgani, 2003 yilda tug‘ilgan o‘g‘li O‘.D. bilan hamon ota-onasining uyida yashab kelayotgani, uy-joyga muhtoj ekani sababli ko‘plab tashkilotlarga yordam berilishini so‘rab murojaat qilganligi, lekin bundan hech bir natija bo‘lmaganidan shikoyat qilgan.

Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili I.To‘xtasinov Nurobod tumani hokimligi bilan hamkorlikda fuqaro S.D.ning murojaatini o‘rganib chiqdi. O‘rganish natijasida fuqaro S.D. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 apreldagi “Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam taʼminlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Qaroriga muvofiq arzon uy-joy bilan taʼminlandi. Fuqaro S.D.ning 2021 yil yakuniga qadar yangi uy-joyga ko‘chib o‘tishi belgilandi.

Maʼlumot uchun: Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Ilhomjon To‘xtasinov har haftaning seshanba kuni soat 14:00 dan 16:00 gacha fuqarolar murojaatlarini qabul qilmoqda. 

Manzil: Samarqand viloyati Samarqand shahri Bo‘stonsaroy ko‘chasi 93 uy.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati