Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Bolalar isteʼmoli uchun faqatgina sifatli mahsulotlar olinishi shart! 
Xabaringiz bor ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning keng muhokamasiga sabab bo‘lgan, Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining tarbiyalanuvchilarining zaxarlanishi haqidagi xabarlar tarqalgandi. Qayd etish lozimki, ushbu xabar tarqalishi zaxotiyoq Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova bolalar davolanayotgan tibbiyot muassasalariga tashrif buyurib, bolalar holidan habar olgan edi.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil yuqoridagi holat va o‘zining boshqa kuzatuvlaridan kelib chiqib, jamiyatimizda uchrab turgan bunday hodisalar xalqaro va milliy qonunchiligimizda belgilangan norma talablariga masʼullar tomonidan yetarlicha rioya qilinmayotganligidan kelib chiqmoqda deb hisoblaydi. Zero, Bola huquqlari deklaratsiyasida bola ijtimoiy taʼminotning afzalliklaridan bahramand bo‘lishi lozimligi, bola to‘g‘ri ovqatlanishi, uning turar joy, o‘yin-kulgi va sog‘liqni saqlash huquqi taʼminlangan bo‘lishi kerakligi belgilangan.

Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 24-moddasining “v” bandida ishtirokchi davlatlar kasallik va to‘yib ovqatlanmaslik bilan kurashishi, shu jumladan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami orqali, jumladan, atrof-muhit ifloslanishining xavfini hisobga olgan holda, mavjud texnologiyalarni qo‘llash va yetarli darajada to‘yimli oziq -ovqat va toza ichimlik suvi bilan taʼminlashi; “ye” bandida esa jamiyatning barcha qatlamlarini, xususan, ota-ona va bolalarni bolalar salomatligi va ovqatlanishi, emizishning afzalliklari, atrof -muhitni sanitariya holatini saqlash va baxtsiz hodisalarning oldini olish, shuningdek, ularning bunday bilimlardan foydalanishda ularni qo‘llab -quvvatlashi belgilangan.

Ishtirokchi -davlatlar har bir bola o‘z milliy qonunchiligiga muvofiq, ijtimoiy taʼminot, shu jumladan, ijtimoiy kafolatlardan foydalanish huquqiga ega ekanligini tan oladi va bu huquqni to‘liq amalga oshirish uchun zarur choralarni ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining 22-moddasida bolaning sog‘lig‘ini saqlash huquqini davlat tomonidan taʼminlashning yo‘li sifatida talab darajasidagi sifatga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilishi va sotilishini nazorat qilish belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunining 5-moddasida oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligiga doir normalar va qoidalar davlat organlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlanadi hamda nazorat qiladi va ular oziq-ovqat mahsuloti muomalasi sohasida ish olib borayotgan yuridik hamda jismoniy shaxslar uchun majburiydir deb belgilangan.

Uylaymizki, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar xarakatiga yetarlicha huquqiy baho beriladi. Toki bu boshqa muassasadagi masʼullar uchun saboq bo‘lsin.