Mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish davlat va jamiyat faoliyatining ustuvor mezoni etib belgilandi. Fuqarolarga davlat idoralariga murojaat qilishda qulayliklar yaratildi. Prezidentning Xalq qabulxonalari, davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlarda tashkil etilgan qabulxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Parlament aʼzolari va davlat organlari rahbarlari hududlarda sayyor qabullar orqali aholi muammolarini o‘rganib, ularni bartaraf etishga safarbar qilindi. Natijada har bir tashkilot va idora fuqarolarni qabul qilish va ularga quloq solishni o‘rgandi.
Qayd etish lozimki, murojaatlar tahlili aholini qiynab kelayotgan ko‘plab masalalarni yuzaga chiqardi. Jumladan, turar-joyga ehtiyoj, “propiska”, majburiy mehnat, oiladagi zo‘ravonlik, so‘z erkinligini cheklash, turli byurokratik to‘siqlar va shu kabi og‘riqli masalalar inson huquqlarining cheklanishiga sabab bo‘layotgan edi.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida Yurtboshining taʼbiri bilan aytganda, “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “so‘z erkinligi”, “din va eʼtiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy ko‘nikmalar hozirgi vaqtda real voqelikka aylanib borayotgani eʼtiborlidir.
Davlat rahbarining ochiqlik va oshkoralik siyosati inson huquqlarining taʼminlanishida muhim ahamiyatga ega. Ushbu siyosat orqali davlat organlarining xalq oldidagi masʼuliyati hamda hisobdorligi oshdi. Qolaversa, jamiyatdagi mavjud muammolarni o‘rganish maqsadida jamoatchilik nazoratining olib borilishiga ham keng yo‘l ochildi.
Fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari tomonidan olib borilgan kuzatuvlar natijasida murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarning joyiga chiqib o‘rganilishi, shuningdek ular bo‘yicha zudlik bilan munosabat bildirish majburiyatining yo‘lga qo‘yilishi ko‘plab yurtdoshlarimiz muammolarining qisqa muddatlarda hal etilishiga sabab bo‘lmoqda.
Eng muhimi, mamlakatimizda demokratiya ko‘rinishlaridan biri sifatida so‘z erkinligi qaror topdi. Agar ommaviy axborot vositalarining besh yil avvalgi faoliyatiga nazar solsak, ularni “to‘rtinchi hokimiyat” sifatida tobora kuchayib borayotganligiga guvoh bo‘lamiz. Hozirgi kunda xabarlarni yashirish yoki boshqarishning imkoni yo‘q. Yagona chora esa masalani hal etishdir.
Mamlakatda gender tenglikni taʼminlash borasida ham muhim qadamlar qo‘yildi. Minglab yurtdoshlarimizning fuqaroligi hal etilib, propiska tizimidan xabar berish xususiyatidagi ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi joriy etildi. Xorijga chiqish uchun “stiker”, majburiy mehnat, paxta va g‘allaga davlat buyurtmasini belgilash kabi eski tartiblardan mutlaqo voz kechish bo‘yicha g‘oyat muhim qarorlar qabul qilindi.
Mamlakatimiz hayotidagi yana bir muhim voqealardan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi” tasdiqlanishi bo‘ldi. Mazkur hujjat bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi va uning “Yo‘l xaritasi”, qolaversa, BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari hamda shartnomaviy qo‘mitalari xabarnomalari va qarorlarini ko‘rib chiqish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi davlat organlarining o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Farmonga ko‘ra, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalar normalari talablarini bajarish yuzasidan masʼul davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi.
Qolaversa, mamlakatimizda Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida Ombudsman vakolatlari ham kengaytirilib, qiynoqlarga qarshi kurashish borasida muhim qadam qo‘yildi. 2019 yilda ilg‘or xalqaro tajribalarga asoslanib, Ombudsman huzurida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm yo‘lga qo‘yilib, shu orqali qiynoq holatlarining oldini olish bo‘yicha Parlament va jamoatchilik nazorati o‘rnatilishiga erishilmoqda.
Davlat rahbarining 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori esa milliy preventiv mexanizm faoliyatini yana-da takomillashtirilishiga zamin yaratdi. Zero, ushbu mexanizmning samarali amalga oshirilishi nafaqat qiynoqlarga qarshi kurashish samaradorligining kafolati, balki xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzining yuksalishiga ham xizmat qiluvchi omildir.
Aytishim mumkinki, mamlakatimizda so‘nggi 4 yil ichida inson huquqlari sohasidagi sifat o‘zgarishlar Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi bilan boshlanadi. Tan olish kerak, avvallari xalqaro ekspertlar bilan suhbatlashganda, xalqaro standartlar haqida so‘z ketganda vaziyatdan qanday chiqib ketish choralarini o‘ylar edik. Hozir bo‘lsa, deyarli barcha sohalarda andoza olishga arzigulik tajribamiz bor. Eng muhimi, ushbu ijobiy o‘zgarishlar jahon hamjamiyati tomonidan ham eʼtirof etilmoqda.
2020 yilning oktyabr oyida mamlakatimiz milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy organlaridan biri bo‘lgan Inson huquqlari kengashiga aʼzo etib saylandi. Bu ham O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklari taʼminlanayotganligining xalqaro eʼtirofidir. Chunki O‘zbekiston xalqaro miqyosdagi yuqori minbarlardan turib o‘z so‘zini va tashabbuslarini ilgari surmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda inson huquqlarini kafolatlash borasida amalga oshirilgan samarali islohotlarimiz ko‘p, lekin, xali oldimizda ko‘p vazifalarimiz bor.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Yangi O‘zbekiston – demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umumeʼtirof etilgan norma va prinsiplarga qatʼiy amal qilgan holda jahon hamjamiyati bilan do‘stona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat bo‘lgan davlatdir.”
Davlatni rivojlantirishga barchamiz masʼulmiz. Shunday ekan, har birimizning eng oliy maqsadimiz – O‘zbekistonimizni dunyoning ilg‘or davlatlari qatorida munosib o‘ringa ega, har tomonlama taraqqiy etgan va qudratli davlatga aylanishida o‘z hissamizni qo‘shish bo‘lsin.
Feruza ESHMATOVA
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)