Umumiy majlisning maqsadi – ishtirokchilarning inson huquqlarini himoya qilish sohasida tajriba almashishi, inson huquqlarini himoya qilish samaradorligi va sifatini targ‘ib qilish, xalqaro standartlar va normalarni qo‘llash amaliyoti bilan tanishishdir.
Shuningdek, umumiy majlis jarayonida Yevropa Ombudsman Instituti prezidenti va Bosh kotibining faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarini ko‘rib chiqish hamda tashkilot boshqaruvi aʼzolarini saylash masalalari ko‘rib chiqildi.
Maʼlumot uchun: Yevropa Ombudsman Instituti (YOI) nohukumat ilmiy tashkilot bo‘lib, o‘z oldiga Ombudsman institutining inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyati, shuningdek ombudsman g‘oyasi tarqalishi va rivojlanishiga ko‘maklashish, ombudsmanning milliy va xalqaro muassasalarini qo‘llab-quvvatlash va ularning hamkorligi bilan bog‘liq ilmiy tadqiqotlar olib borish kabi maqsadlarni qo‘ygan.
YOI Avstriyaning Insbruk shahrida joylashgan bo‘lib, 1988 yilda tashkil topgan. Bugungi kunda Yevropa ombudsmani instituti G‘arbiy va Sharqiy Yevropadagi barcha ombudsman institutlari bilan aloqalarga ega. YOIning 89 aʼzosi, shu jumladan 49 ta institutsional va 40 ta yakka tartibdagi aʼzosi (universitetlarning 12 nafar professori) mavjud.
2002 yil may oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) mazkur tashkilotga aʼzo bo‘lgan.
Shu davr maboynida, Yevropa davlatlari ombudsmanlari va Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman) o‘rtasida inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda hamkorlik qilish borasida 10 ga yaqin memorandumlar imzolandi.
Shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq 2017 yilda tayyorlangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga YOI bosh kotibi Yozef Sigele o‘zining ekspertlik xulosasini taqdim etgan. U mazkur qonunni “O‘zbekiston Respublikasining istiqbolli va uzoqni ko‘zlangan qarori” sifatida baholagan.
Bir so‘z bilan aytganda, YOI turli maʼlumotlar hamda hisobotlar va maxsus maʼruzalarni o‘z aʼzolariga tarqatadigan platforma hisoblanadi.
Mazkur institut ombudsman faoliyati va inson huquqlarini himoya qilish masalalarini o‘rganishda, ombudsman g‘oyalarini ommalashtirishda, ombudsmanlarning milliy, mintaqaviy va xalqaro muassasalari bilan hamkorlik qilishida muhim o‘rin tutadi.
Serbiyaga xizmat tashrifi davomida O‘zbekiston, Italiya, Germaniya, Portugaliya, Bolgariya, Niderlandiya, Serbiya, Qirg‘iziston, Vengriya va Rossiya Federatsiyasi Ombudsmanlari inson huquqlarini taʼminlash borasida o‘zaro fikr almashishdi. Vengriya Ombudsmani esa O‘zbekiston Ombudsmani bilan mustahkam aloqani o‘rnatish maqsadida hamkorlik memorandumini imzolash taklifini bildirdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati