Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida 21 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi doirasidagi umumiy munozaralarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev videomurojaat bilan so‘zga chiqdi. Davlatimiz rahbari bu safargi chiqishida global ofatga aylangan COVID-19 pandemiyasi va uning nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, balki maʼnaviy-siyosiy oqibatlariga urg‘u berdi.
Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasining tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va Bosh Assambleyaning rasmiy hujjati sifatida tarqatilgan Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi Kodeks mamlakatimizning ushbu murakkab vaziyatdan turlitalofatlarsiz chiqish borasidagi qo‘shgan amaliy hissasi bo‘ldi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yilning sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasida so‘zlagan nutqida qator muhim tashabbuslarni ilgari surgandi.Shujumladan, BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish tashabbusini ilgari surib, unda har bir davlatning o‘z fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi lozimligiga eʼtibor qaratdi. Mazkur Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi kodeks BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida chop etildi. Hujjat BMTning olti rasmiy tili - arab, xitoy, ingliz, fransuz, rus, ispan tillariga tarjima qilindi, BMTga aʼzo davlatlar, Tashkilotning ixtisoslashgan muassassalari va agentliklariga tarqatildi. Bundan avvalroq, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) O‘zbekistonning pandemiyaga qarshi global saʼy-harakatlarga qo‘shgan hissasini olqishlagan edi. Bu esa, mamlakatimizning pandemiyaga qarshi kurashga qo‘shgan xissasi qanchalik muhimligining yana bir isboti.
BMT tomonidan eʼlon qilingan Kodeksda pandemiyalarga qarshi global miqyosda javob chora-tadbirlari ko‘rish bo‘yicha xalqaro hamkorlik birdamlik, ochiqlik, o‘zaro yordam va eng muhimi, inson huquqlarini taʼminlash tamoyillariga asoslanishining muhimligi taʼkidlangan.
Hujjatda pandemiyalar davrida mamlakatlar oldidagi xavf-xatarlarning oldini olish va ularni kamaytirish bo‘yicha ixtiyoriy majburiyatlar mustahkamlanib, xususan, asosiy chora-tadbirlar sanab o‘tilgan. Umumiy qabul qilingan meʼyor va standartlarga muvofiq, tibbiy yordamdan teng foydalanishni taʼminlash, sog‘liqni saqlash muassasalarini jihozlash, aholining sanitariya-epidemiologik farovonligini taʼminlash, uni zarur himoya va qo‘llab-quvvatlash bilan taʼminlashga masʼul bo‘lgan xizmatlar salohiyatini kuchaytirish va boshqa muhim chora-tadbirlar shular jumlasidandir. Bu ayniqsa inson huquqlari nuqtai nazaridan muhim. Chunki, sog‘liqni saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish – har bir odamning huquqi, qolaversa, uning hayoti daxlsizligining negizi hisoblanadi.
Qolaversa, mazkur kodeksda asosiy chora-tadbirlardan biri sifatida insonning asosiy huquqlari cheklanishining oldini olish, mehnat muhojirlari, ko‘chirilganlar va qochqinlarning huquqlarini ular bo‘lib turgan mamlakatlarda kafolatlash, shu jumladan, ishsiz qolgan mehnat muhojirlariga moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularining o‘z vatanlariga qaytishi uchun transport va tranzit yo‘laklari ishlashini taʼminlash masalasi ham belgilab qo‘yilgan edi.
Pandemiya sharoitida har bir davlat mamlakat ichkarisidagi o‘z fuqarolariga yengilliklar va imtiyozlar berish orqali ularni qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Lekin mamlakat tashqarisidagi fuqarolar huquqlarini taʼminlashoson bo‘lmaydi. Kodeksda ushbu normaning aks etishi esa, chet eldagi fuqarolar huquqlarini taʼminlash sari bosilgan muhim qadamlardan hisoblanadi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonga qaytgan mehnat migrantlari soni 2020 yilda 508 688 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yil birinchi choragida ushbu ko‘rsatkich 32 888 nafar tashkil etmoqda. Ushbu raqamlar yurtimizda inson omilining yuqori darajaga qo‘yilganidan dalolatdir.
21 sentyabr kuni Davlatimiz rahbari dunyoning bosh xalqaro minbaridan turib inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish O‘zbekistondagi demokratik islohotlarimizning asosini tashkil etayotganligini baralla taʼkidlab o‘tdi. Bu bejiz emas, zero so‘nggi to‘rt yil mobaynida mamlakatimizda aynan inson huquqlari himoyasi sohasida tarixiy qadamlar qo‘yildi. Xususan, Ombudsman institutining mustaqilligini taʼminlash, uning faoliyati samaradorligini tubdan oshirish yo‘nalishida chinakamiga bosqichma-bosqich keng ko‘lamli islohotlaramalga oshirildi. Bu yo‘nalishda Davlatimiz rahbarining qator qaror va farmonlari, hukumatning tegishli qarorlari qabul qilindi. Qolaversa, boshlangan islohotlarni izchil davom ettirish yo‘lida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ishlab chiqildi.
Shuningdek, Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident qarori ushbu yo‘nalishda muhim qadam bo‘ldi.
Ayniqsa, Davlat rahbarining joriy yil 10 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ushbu institut faoliyatini sifat jihatdan yangi darajaga olib chiqadi. Unga ko‘ra Ombudsman o‘z oldida turgan vazifalarini samarali amalga oshirishi uchun qo‘shimcha kafolatlar belgilandi, uning mintaqaviy vakillari faoliyatini doimiy asosda yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.
Davlatimiz rahbarining mazkur BMT minbaridan qilgan chiqishida bashariyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi aniq taklif, g‘oya va tashabbuslarni ilgari surish orqali mamlakatimiz pozitsiyasini yana-da mustahkamladi. Xususan, pandemiyadan keyingi davrda jahon iqtisodiyotini qayta tiklash muammolarini o‘rganish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni hayotga tadbiq etishga bag‘ishlangan Xalqaro konferensiyani Toshkentda o‘tkazish taklif etildi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda – qadimiy Samarqand shahrida muntazam o‘tkazilayotgan Inson huquqlari muloqotlari doirasida Global taʼlim forumini tashkil etilishini bildirdi.
Shu bilan birga, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shaf́yeligida global ekologik siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilish maqsadida 2023 yili O‘zbekistonda Atrof-muhit bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuqori darajadagi Oltinchi Assambleyasini o‘tkazish taklif etildi. Ushbu Assambleyada Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya Xartiyasini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.
Shunisi eʼtiborliki, Davlat rahbari shu kabi muhim global g‘oyalarni ilgari surar ekan, doimo oddiy insonlarning pozitsiyasi va manfaatlaridan kelib chiqadi. Ayniqsa islohotlar samarasi xalqimiz hayotida, turmush tarzida sezilayotgani ularning kelajagiga bo‘lgan ishonchini yana-da orttiradi. Insoniyatning buguni va ertangi kuni haqidagi g‘amxo‘rlikka yo‘g‘rilgan bu tashabbuslarning barchasi odamlarning tinch-totuv, taraqqiy topgan, farovon va xavfsiz yerda yashash, o‘z intilishlari va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga bo‘lgan huquqining taʼminlanishiga xizmat qiladi.
Feruza ESHMATOVA
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)