Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Probatsiya xizmati faoliyatida inson huquqlarining taʼminlanishi hamda o‘zaro hamkorlik
Joriy yilning 6 oktyabr kuni “Yuksalish” umummilliy harakati majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda “Probatsiya xizmati faoliyatida inson huquqlarining taʼminlanishi hamda o‘zaro hamkorlik” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirni tashkil etishdan maqsad - Probatsiya xizmati nazorati ostidagi shaxslarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha vazirliklar hamda idoralarning o‘zaro hamkorlikdagi vazifalari va ularni bajarilish holatini tahlil qilish orqali, probatsiya xizmati samaradorligini oshirish, jumladan inson huquqlarining taʼminlanishi borasida taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iboratdir.

Davra suhbatida Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi aʼzolari va Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi buyicha komissiya aʼzolari, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Probatsiya xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakillari va OAV ishtirok etishdi.

Tadbirda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida, bundan buyon birinchi marta ozodlikdan mahrum qilingan shaxsga berilgan jazo yengilrog‘i bilan almashtirilsa, u manzil-koloniyaga o‘tkazilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri probatsiya nazoratiga olinadi, deya taʼkidlangan. Bu esa probatsiya bo‘linmalarining, bilib bilmay qilgan nojo‘ya qilmishlari tufayli probatsiya nazorati ostiga olingan shaxslarni jamiyatga moslashtirish, ish bilan taʼminlash borasidagi masʼuliyatini bir necha barobarga oshiradi.

Qolaversa, mamlakatimizda 2020 yilda ko‘rilgan jinoyat ishlarida jami mahkumlarining 74 foiziga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turlari qo‘llanilgan. Bu esa o‘z navbatida tashkil etilganiga uncha ko‘p muddat bo‘lmagan Probatsiya xizmati xodimlarining ish yuklamasi muntazam ravishda ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Davlat rahbarining “Jinoyat ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Qarorida ham probatsiya bo‘linmalari oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalarni hamkorlikda tashkil etish maqsadida, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘lik bo‘lmagan jazolarni ijro etish faoliyatini tegishli davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, jamoat tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlikda samarali tashkil etish vazifasi belgilab berilgan. 

 

Probatsiya xizmatining asosiy vazifasi bu-jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan shaxsni tarbiyalash, uni jamiyatga, ijtimoiy hayotga moslashtirishdan iborat. 

Maʼlumotlarga ko‘ra, 2020 yilda aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari bilan hamkorlikda nazorat ostidagi shaxslarni ish bilan taʼminlash maqsadida 655 marotaba “Ishga marhamat” tadbirlari tashkil etilib, 6000 nafardan ortiq nazoratdagilarga ishga yo‘llanmalar berilgan bo‘lsa, ularning 4900 ga yaqini ish bilan taʼminlangan. 

Muayyan kasbga ega bo‘lmagan 2400 nafardan ortiq nazorat ostidagilardan 2 mingga yaqini kasbga yo‘naltirish bo‘yicha o‘qishga yuborilgan bo‘lsa, qolgan nazoratdagilar kasbga o‘qitilgan. Jumladan, haydovchilikka, qurilish sohasiga, maishiy xizmat ko‘rsatish sohasiga, obodonlashtirish va hokazo.

Bundan tashqari, probatsiya bo‘linmalari nazorati ostida turgan shaxslar orasida tadbirkorlik yoki muayyan foydali mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lganlarga huquqiy va boshqa masalalarda maslahatlar berilib, ularga isteʼmol kreditlari ajratilishida har tomonlama ko‘mak berilmoqda.

Amalga oshirilgan qator ijobiy ishlarga qaramasdan, afsuski, o‘tgan 2020 yil davomida nazorat ostidagi shaxslar orasida tayinlangan jazoni o‘tashdan qasdan bo‘yin tovlab, qonunlarimizga itoatkorona munosabatda bo‘lmagan shaxslarning o‘talmay qolgan jazo muddatlarini ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirish kabi holatlar ham uchramoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, tadbir ishtirokchilari Probatsiya xizmati nazorati ostidagi shaxslarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha tegishli davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, jamoat tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlikda samarali tashkil etish borasidagi hamkorlikni yana-da kuchaytirish masalalarini muhokama qilishdi.

Shuningdek, davra suhbati doirasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va Ichki ishlar vazirligi Probatsiya xizmati o‘rtasida memorandum imzolandi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati