Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman Niderlandiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi bilan uchrashdi
Joriy yilning 7 oktyabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Niderlandiya Qirolligining favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Xilles Besxoor Plux va siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchi Timen Kauvenarlar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Ombudsman mehmonlarni mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlar va ularning samarasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasining qabul qilingani hamda Milliy preventiv mexanizm doirasida qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha yopiq muassasalarga uyushtirilgan monitoring tashriflari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Muloqot davomida Inson huquqlari bo'yicha vakil joriy yilda Davlat rahbari tomonidan imzolangan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qarori hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Farmonining mazmun-mohiyati hamda ularning inson huquqlarini taʼminlashdagi ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratdi.

Uchrashuvda elchi Xilles Besxoor Plux O‘zbekistonda inson huquqlarini taʼminlash borasidagi islohotlarni kuzatib borayotgani va ijobiy natijalarga guvoh bo‘layotganini bildirdi.

“Ombudsman inson huquqari himoyachisi bo‘lsa-da, uning  mamlakat iqtisodiy salohiyatini oshirishdagi o‘rni beqiyos. Chunki har bir davlat biror bir mamlakatga investitsiya kiritishdan avval, u yerdagi sharoitlarni, jumladan inson huquq va erkinliginining qay darajada taʼminlanayotganini o‘rganadi. Agar davlatda inson huquqlari taʼminlanayotgan bo‘lsa, demak unga investitsiya kiritish mumkin. Suhbat davomida O‘zbekistonda Ombudsman instituti yetarli tajribasi va qonunchilik asosiga ega ekanligiga amin bo‘ldim. 

O‘ylaymanki, kelajakda Niderlandiya va O‘zbekiston Ombudsman institutlarining o‘zaro tajriba almashishi har ikkala tomon uchun ham foydali bo‘ladi ", - dedi elchi.

Shuningdek, Elchi Xilles Besxoor Plux Niderlandiya O‘zbekiston bilan parlamentlararo, savdo-iqtisodiy sohalarda hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati