Murojaatning o‘rganilishi natijasida haqiqatdan ham ushbu fuqaroga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 2 fevraldagi tegishli yig‘ilish bayoniga binoan, qishloq xo‘jaligida yoshlar bandligini taʼminlash, ularni moliyaviy qo‘llab- quvvatlash, qishloq joylarda yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida murojaatchiga ikkilamchi ijara shartnomasi asosida Qorako‘l tumanidagi “Navro‘z Botir” fermer xo‘jaligining g‘alla ekilgan maydonidan o‘n sotix yer maydoni ajratilgan. Mazkur yer maydonidagi g‘alla parvarishi bilan bog‘liq barcha agrotexnika tadbirlari “Navro‘z Botir” fermer xo‘jaligi tomonidan amalga oshirilganligi sababli, yetishtirilgan g‘alla hosili fermer xo‘jaligi tomonidan yig‘ishtirib olingan. Lekin, murojaatchining ulushi ajratib berilmagan.
Fuqaro N.N o‘z arizasida “...hosilni ololmagach, yerga takroriy ekin ekmoqchi bo‘lganimda, menga tegishli maydonga “Navro‘z Botir” fermer xo‘jaligi tomonidan allaqachon ekinlar ekilgani bois, menga boshqa yer ajratilishi aytildi. Lekin, avgust oyiga qadar yer ajratilgani yo‘q” deb yozgan.
Murojaat Ombudsman nazoratiga olingach, Vakilning prokuratura organlariga qilgan murojaatiga asosan, fuqaro H.N.ga o‘n sotix yer maydonidagi g‘alla hosilidagi ulushi undirib berildi.
Shuningdek, murojaatchiga avvalgi ajratib berilgan yer maydoni takroriy ekinlar ekilgan holda qaytarildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati