Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
COVID-2019 pandemiyasi sharoitida Markaziy Osiyoda inson huquqlarini taʼminlash bo‘yicha mintaqaviy konferensiya o‘tkazildi
Joriy yilning 29 oktyabr kuni YEXHTning O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi loyihalar koordinatorlari tomonidan “COVID-2019 pandemiyasi sharoitida Markaziy Osiyoda inson huquqlari himoyasi” mavzusida mintaqaviy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Markaziy Osiyoda Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faoliyat yurituvchi davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etishdi.

Mazkur mintaqaviy konferensiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad pandemiya sharoitida Markaziy Osiyoda inson huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat yurituvchi davlat tashkilotlari hamda jamoatchilik vakillari faoliyati yuzasidan o‘zaro tajriba almashish bilan birga vaziyatni yana-da yaxshilash yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Tadbirda O‘zbekiston tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori, akademik, Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova hamda O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqovlar ishtirok etishdi.

Mintaqaviy muloqotda so‘z olgan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) dastlab pandemiya munosabati bilan O‘zbekistonda qabul qilingan qaror va farmonlar, aholini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan tartib va imtiyozlar, karonavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarga to‘xtaldi.

Shuningdek, pandemiya sharoitida Ombudsman instituti tomonidan murojaatlar bilan ishlash, jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini taʼminlash, shuningdek, yopiq muassasalarga monitoring tashriflarini amalga oshirish orqali penitensiar muassaalarda saqlanayotgan mahkum va mahbuslar huquqlarining taʼminlanishi borasida amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Mintaqaviy konferensiya yakunlari bo‘yicha sho‘balarga bo‘lingan holda muhokamalar uyushtirildi hamda inson huquqlarini taʼminlash samaradorligini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati