Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
PREZIDENT SAYLOVI MILLIY QONUNCHILIK VA UMUMEʼTIROF ETILGAN XALQARO MEZONLARGA TO‘LA MOS HOLDA O‘TDI
Mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi haqidagifikrlarning aksariyatida saylov ochiq-oshkora, o‘zaro raqobat sharoitida, milliy qonunchilik va xalqaro standartlar asosida o‘tgani eʼtirof etilmoqda.

Darhaqiqat, xalq taqdirini hal etuvchi muhim siyosiy jarayonda vatandoshlarimiz saylash huquqidan samarali foydalandi. Saylovdasaylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 million 158 ming 907 nafar saylovchilarning 80,4 foizi,yaʼni 16 million 212 ming 343 nafari ishtirok etdi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, Konstitutsiyamizning 117-moddasida “...Saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar...”, deb belgilangan. Fuqarolarning bu huquqini to‘la ro‘yobga chiqarish uchun so‘nggi yillarda saylovga oid qonunchilikni xalqaro standartlarga mos ravishda takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Natijada xorijda vaqtincha yashab turgan mehnat muhojirlari, talabalar va boshqa yurtdoshlarimiz saylovda ishtirok etishi uchun keng sharoitlar yaratildi. Ozodlikdan mahrum etilgan, biroq og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etmagan mahkumlarga ovoz berish imkoniyati yaratildi.Aytish joizki, ushbu normalar baʼzi demokratikdavlatlar qonunchiligida ham mavjud emas.

Ombudsman penitensiar muassasalarga monitoring tashriflarida saylovchilarning hech qanday tazyiq va moneliksiz yashirin ovoz berish huquqlari taʼminlanishi nuqtai nazaridan saylov uchastkasi belgilangan talablarga muvofiq jihozlanganini o‘rgandi. Shuningdek, saylovchilarning tanlash, nomzodlarning esa teng targ‘ibot qilish huquqlari taʼminlanishi maqsadida monitoring jarayonida nomzodlarga, ularning ishonchli vakillariga, siyosiy partiyalarga fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali saylovoldi tashviqoti uchun teng sharoitlar yaratilishi kabi holatlar ham o‘rganildi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi vakillari bilan hamkorlikda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar ham kuzatildi. Bu yilgi saylovlarda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun alohida kabinalar ajratildi. Kirish va chiqish joylarida panduslar o‘rnatildi, ko‘rish imkoniyati cheklanganlar brayl alifbosidagi byulleten trafareti bilan taʼminlandi va saylov uchastkalariga surdo tarjimonlar jalb qilindi. Natijada nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlariga oid xalqaro Konvensiyada belgilangan majburiyatlar bajarilib,mazkur toifadagi fuqarolar uchun o‘z saylov huquqlaridan to‘laqonli va boshqalar bilan teng ravishda foydalanishi uchun sharoit yaratildi.

Qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonlari mingga yaqin xalqaro kuzatuvchi, salkam 1700 nafar mahalliy va xorijiy mamlakatlar nufuzli ommaviy axborot vositalari vakillarining ham diqqat markazida bo‘ldi. Saylov jarayonlariga xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda o‘z xulosalarini taqdim etishi uchun nufuzli xalqaro tashkilotlardan, jumladan, YEXHTning Parlament Assambleyasi hamda Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, SHHT, MDH va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi, Turkiy tilli davlatlar Parlament Assambleyasi hamda IHT kabi yigirmaga yaqin xalqaro tashkilotlardan va ellikka yaqin xorijiy davlatlardan kuzatuvchilar jalb qilindi. Bu galgi xalqaro kuzatuvchilar soni O‘zbekiston saylovlari tarixidagi rekord ko‘rsatkich sifatida qayd etildi.

Saylovchilarni muntazam ravishda axborot bilan taʼminlash, siyosiy jarayonlarni ochiq va shaffof tashkil etish bo‘yicha OAVga qulay sharoitlar yaratildi. Qolaversa, ularga tuman va shaharlardagi 207 saylov uchastkasiga o‘rnatilgan 414 videokamera orqali uzatilgan onlayn translyatsiya yozuvlarini kuzatib borish imkoni ham yaratildi.

Taraqqiy etgan demokratik huquqiy davlatlarda saylovlarning adolatli o‘tishi har bir saylovchining ovoz berish jarayonida ishtirok etishini taʼminlash borasida yaratilgan shart-sharoitlarning saylovchi-fuqarolar uchun qulayligi, kengligi hamda huquqiy asosga ega ekani bilan belgilanadi. O‘zbekiston milliy saylov qonunchiligida ham barcha saylovchilarga ovoz berish jarayonida to‘sqinliksiz ishtirok etishini taʼminlash borasida muhim qoidalar belgilangan. Ulardan biri saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berish huquqi institutidir.Qayd etish lozimki, saylovlarda muddatidan oldin ovoz berish tartibi ilg‘or xorijiy davlatlarda, xususan, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Finlyandiya, Norvegiya, Polsha, Ruminiya va boshqa ko‘plab davlatlarda mavjud. 

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 57-moddasiga muvofiq, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga egadir.Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi. Aytish joizki, 421 ming 176 nafar saylovchi joriy yilning 14 oktyabridan 20 oktyabrigacha muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalandi.

Saylovda O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi konsullik ro‘yxatida turgan yoki turmaganligidan qatli nazar xorijda istiqomat qilayotgan barcha fuqarolarimiz uchun 37 davlatda tashkil etilgan 54 ta saylov uchastkasida ovoz berish imkoniyati yaratildi.

Taʼkidlash joizki, pandemiya sharoitidan kelib chiqib,koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqildi. U bilan saylov jarayonlarida COVID-19 tarqalishining oldini olish tartibi belgilandi. Shu asosda saylovchilar va komissiya aʼzolari uchun xavfsizlik choralari ko‘rildi.

Quvonarli tomoni shundaki, saylov jarayonlarida inson qadri va huquqining taʼminlanishi orqali saylovchilarning mustaqil va erkin tanlovi amalga oshirildi. Buni mamlakatimizga tashrif buyurgan ko‘plab xalqaro kuzatuvchilar ham eʼtirof etdi. Jumladan, Tatariston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk va Sverdlovsk xududlaridagi Ombudsmanlar va boshqa davlatlardan kelgan xalqaro kuzatuvchilar bilan muloqotimiz davomida, ular 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda hech qanday qonunbuzilish holatlarini kuzatmagani va saylov jarayonlarini tashkil etishga xalqaro standartlar asosida puxta tayyorgarlik ko‘rilganini qayd etdi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, saylovda mamlakatimiz aholisi O‘zbekiston Respublikasining keyingi besh yillikdagi yetakchisini tenglik, ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida sayladi. Xalqimizning bu tanlovi jamiyatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, inson huquq va erkinliklari himoyasini kuchaytirish, Vatan obodligi, farovon hayot barpo etish borasida oldimizga qo‘ygan ezgu maqsadlarimizni ro‘yobga chiqarishda juda muhim.

Feruza ESHMATOVA,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlaribo‘yicha vakili (ombudsman)