O‘zaro muloqot davomida ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi, qatʼiyati hamda ular o‘rtasida o‘rnatilgan o‘zaro ishonch va do‘stlik rishtalari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar tarixida mutlaqo yangi sahifa ochilishiga imkon yaratib berayotgani taʼkidlandi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston va Turkiya Ombudsmanlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandum imzolangach, ommaviy axborot vositalari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda taʼkidlanishicha, mazkur memorandum inson huquqlarini taʼminlash borasidagi Ombudsmanlarning mustahkam hamkorligiga zamin yaratadi. Memorandum doirasida Turkiya Respublikasi hududidagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining va O‘zbekiston Respublikasi hududidagi Turkiya Respublikasi fuqarolarning huquqlari va erkinliklarining buzilishi holatlari bo‘yicha kelib tushgan murojaatlarni hal etishda ko‘maklashish ko‘zda tutilgan.
Qolaversa, inson huquqlarini taʼminlash yuzasidan o‘zaro tajriba almashish, xodimlar malakasini oshirish, har ikkala davlat uchun dolzarb bo‘lgan mavzular va yo‘nalishlarda turli forum, konferensiya va seminar-treninglar o‘tkazish hamda aholining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsad qilingan.
Matbuot anjumanidan so‘ng, tomonlar inson huquqlarini taʼminlashdagi faoliyatining o‘ziga xos jixatlari va natijalari yuzasidan o‘zaro tajriba almashishdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati