Shunga ko‘ra, Ombudsman tomonidan Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhi bilan birgalikda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga “monitoring tashriflari”Ni amalga oshirish tizimli yo‘lga qo‘yilib, 2021-yilning 11 oyi davomida 125 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. 2020 yil yakunlariga ko‘ra ushbu ko‘rsatkich 71 tani tashkil etgan edi.
Ushbu tashriflarning 57 tasi jazoni ijro etish muassasalarida, 21 tasi tergov hibsxonalarida, 11 tasi Vaqtincha saqlash hibsxonalarida, 5 tasi Maʼmuriy qamoqqa olinganlarni saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalarda, 5 tasi Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya etish markazlarida va 1 tasi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida o‘tkazildi.
Bundan tashqari, Ombudsman tomonidan joriy yilning iyul-sentyabr oylarida jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda majburiy davolash muassasalariga, xususan Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari filiallarining Majburiy davolash bo‘limlariga hamda ushbu viloyatlarning Ruhiy-asab kasalliklari shifoxonalariga, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent va Xorazm viloyatlari, Toshkent shahar hamda ushbu viloyatlarning shahar va tuman sudlari binosidagi vaqtincha ushlab turish joylarida monitoring tashriflari o‘tkazildi.
Monitoring tashriflari davomida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda ushlab turilgan 3,5 ming nafarga yaqin shaxs bilan jamoaviy uchrashuvlar va 738 nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.
Tashriflarda yopiq muassasalarning shaxslarni saqlash sharoitlari, xususan yashash va ovqatlanish, mehnat qilish, tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar uchun olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar, koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotganligi hamda taʼlim-tarbiya berish va boshqa shu kabi holatlar o‘rganildi.
Shu bilan bir qatorda, Monitoring tashriflarini amalga oshirish davomida bir qator kamchiliklar aniqlandi.
Xususan, Jizzax va Xorazm viloyatlariga monitoring davomida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda xizmat qilayotgan xodimlarning Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhi to‘g‘risida umumiy tushunchalarga ega emasligi maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, Sirdaryo, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlaridagi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylardagi shaxslarning yashash sharoitlarida, oziq-ovqat hamda tibbiy va sanitariya taʼminotida kamchiliklar aniqlandi va tayyorlangan maʼlumotlar tegishli mutasaddi vazirlik va idoralarga yuborildi.
Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan taqdim etilgan maʼlumotnomalarga ko‘ra, monitoring tashriflari davomida aniqlangan kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 3 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgan, 3 nafar xodim Intizomiy kengashlarda muhokama qilingan va 1 nafar xodim ogohlantirilgan. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani uchun 4 nafar xodimga intizomiy jazo berilgan hamda ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan choralar ko‘rilgan.
Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini amalga oshirish bilan bir qatorda ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslardan hamda ularning yaqin qarindoshlaridan kelib tushgan murojaatlar ham Ombudsman Kotibiyatining masʼul xodimlari tomonidan o‘rganilmoqda.
Joriy yilning o‘n bir oyida Ombudsmanga harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotganlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan 2058 ta murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaatlarning 50 foizga yaqini “Ombujsman qutisi” va Sayyor qabullar orqali qabul qilingan.
Murojaatlarning 574 tasida sud hukmidan, 536 tasida surishtiruv va dastlabki tergov harakatlari davomida qabul qilingan qarorlardan shikoyat qilingan bo‘lsa, 250 tasi sud hukmini yengillashtirish, 121 tasi oila aʼzolariga ko‘mak berish, 117 tasi tibbiy yordam ko‘rsatish, 116 tasi Ombudsman bilan uchrashish, 78 tasi boshqa muassasaga o‘tkazish va 151 tasi boshqa masalalarda yo‘llangan.
Surishtiruv va dastlabki tergov harakatlarining borishidan kelib tushgan shikoyatlar yuzasidan Ombudsmanning xatiga asosan Bosh prokuratura tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi 25 ta qaror barvaqt qabul qilinganligi aniqlandi va ular bekor qilinib, qo‘shimcha surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish belgilandi. 16 ta holatda xodimlarning xatti-harakatlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi taʼminlangan.
Tayinlangan jazoni yoki ehtiyot chorasini yengillashtirish yuzasidan kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha Ombudsman xatiga asosan 10 ta murojaat yuzasidan tegishli sudlar tomonidan tayinlangan jazolar qonunchilikka muvofiq yengillashtirilgan va ehtiyot choralar o‘zgartirilgan.
Shuningdek, mahkumlar tomonidan oilasiga ko‘mak ko‘rsatish masalasida kelib tushgan murojaatlar yuzasidan tegishli hokimliklar tomonidan Ombudsmanning xatiga asosan 11 nafar mahkumning oila aʼzolariga ijtimoiy-moddiy ko‘mak ko‘rsatilgan hamda 13 nafar mahkum istisno tariqasida yashash joyiga yaqin bo‘lgan hududdagi jazoni ijro etish koloniyasiga ko‘chirilgan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati