Davra suhbatida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy Markazi direktori, akademik Akmal Saidov, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Pyer fon Arks, Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova, Bolalar Ombudsmani Aliya Yunusova, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Yuridik klinika, “Kamalak” bolalar tashkiloti, Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi, Nodavlat notijorat tashkilotlar, YEXHT tuzilmalari, xalqaro tashkilot vakillari eshtirok etdi.
Tadbirda qayd etilishicha, “2021-2022 yillarda O‘zbekistonda YEXHT loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi (Yo‘l xaritasi)” doirasida hamkorlikda bir qancha amaliy ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
“Bolalar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishga ko‘maklashish” loyihasi shulardan biri bo‘lib, uning asosiy maqsadi bolalar va yoshlar o‘rtasida salbiy hodisalar va huquqbuzarliklarning profilaktikasi, bolalar va yoshlarda kuchli ijtimoiy shaxsni shakllantirish va xavf omillariga bardosh bera oladigan hayotiy pozitsiyani shakllantirishga ko‘maklashishdan iboratdir.
Davra suhbati ishtirokchilari taʼkidlashdiki, bolalar va yoshlarni salbiy hodisalar va huquqbuzarliklarga nisbatan munosabatini o‘zgartirish hamda ularning xatti-harakatlari uchun shaxsiy javobgarligini shakllantirish muhim. Profilaktika markazida yoshlar va Voyaga yetmaganlarning shaxsiyati, ularning taʼlim olishi, oilaviy muhiti, bo‘sh vaqti, shu jumladan ular bilan bog‘liq mikroijtimoiy muhit bo‘lishi kerak.
Bolalar va yoshlarni salbiy hodisalar va huquqbuzarliklardan samarali profilaktika qilishda o‘smirlar va bolalar hayoti uchun maxsus axborot va madaniy makonni shakllantirish, yoshlar siyosati mutaxassislari va jamoatchilik uchun axborot-tahliliy materiallar, amaliy tavsiyalar (plakatlar, kalendarlar, bukletlar) nashr etish, yoshlar auditoriyasiga jamiyat tomonidan rag‘batlantirilayotgan xulq-atvor shakllari va yosh shaxsni rivojlantirish imkoniyatlari to‘g‘risida maʼlumot uzatish, yoshlar o‘zlarining yoshga bog‘liq motivlari va ehtiyojlarini (muloqot, o‘zini o‘zi tasdiqlash, o‘zini-o‘zi anglash zarurati) amalga oshirishi mumkin bo‘lgan dasturlarni ishlab chiqish, o‘smirlar va bolalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari, qiyin hayotiy vaziyatlarda yordam olish usullari to‘g‘risidagi barqaror jamoatchilik fikri shakllantirish zarur.
Davra suhbati seminar shaklida davom ettirildi. Unda xalqaro va milliy ekspertlar “Voyaga yetmaganlar terrorizmda gumonlanuvchilar sifatida, jamoat xavfsizligiga yondashuv, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy odil sudlov masalalari, reintegratsiya va har doim bolaning manfaatlarini ko‘zlab harakat qilish”, “Qurolli mojoro hududlardan qaytgan bolalarning reintegratsiyasi”, “Voyaga yetmaganlar odil sudlovi, bolalar va yoshlar o‘rtasida zo‘ravonlik ekstremizmining oldini olish”, “Bolalar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishda davlat tashkilotlari va biznes hamjamiyatlari hamkorligi”, “COVID-19 pandemiyasi davrida Voyaga yetmaganlar huquqlarini taʼminlash, bolalar va yoshlar uchun onlayn xavflar”, “YEXHT hududida yoshlar o‘rtasida tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash”, “Bolalar va yoshlarni internet tarmog‘i orqali jinoiy harakatlarga jalb etilishining oldini olish maqsadida yoshlarning media axborot savodxonligini oshirish” mavzulari bo‘yicha tajriba almashildi.