Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman huzuridagi Milliy preventiv mexanizm faoliyati yanada kuchaytirildi
Inson huquqlarini taʼminlash, qiynoqlarga qarshi kurashish masalalasi juda keng hamda doimiy izlanish va o‘rganishni talab qilgani uchun ham dunyo hamjamiyati ushbu illatga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirish, xalqaro miqyosda bajarilishi majburiy bo‘lgan normalarni ishlab chiqish yo‘lidan bormoqda.

Maʼlumki, ozodlikda bo‘lgan insonlarga nisbatan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalardagi shaxslarning huquq va manfaatlarini taʼminlash biroz murakkab bo‘lgan jarayon. Chunki, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarda bo‘layotgan hodisalar doim ham jamoatchilik nazoratida bo‘lavermaydi.

Shuning uchun ham 2002 yil 18 dekabrda BMT Bosh Assambleyasining 57/199-rezolyutsiyasi bilan Qiynoqlar hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi Konvensiyaga doir Fakultativ protokoli bilan milliy preventiv mexanizm (MPM) tashkil etilishi nazarda tutilgan.

Milliy preventiv mexanizm – qiynoqning har qanday ko‘rinishlarining oldini olish maqsadida mustaqil xalqaro va milliy organlarning ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar saqlanadigan joylarga muntazam tashriflar tizimini yaratishdir.

Mamlakatimizda 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida qiynoqlarga qarshi kurashish borasida muhim qadam qo‘yildi. 2019 yilda ilg‘or xalqaro tajribalarga asoslanib, ombudsman huzurida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm yo‘lga qo‘yildi va tegishli qonun hujjatlari bilan mustahkamlandi. Unga muvofiq Vakil qamoqda saqlash joylariga muntazam kirib turish orqali qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rishi belgilab berildi.

Hozirda qulog‘imizga tez-tez chalinayotgan “jamoatchilik nazorati” termini so‘nggi yillarda hattoki harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylargacha yetib keldi. Chunki, Ombudsman huzurida tuzilgan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha faoliyatiga ko‘maklashuvchi ekspert guruhi tarkibiga nodavlat notijorat vakillari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ham kiritildi.

Ekspert guruhi tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga, yaʼni maʼmuriy qamoqqa olingan, jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqqa olingan, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazolarga hukm qilingan, majburiy davolash muassasalariga monitoring tashriflari amalga oshirilmoqda.

Shu kunga qadar 2019 yilda 46 marotaba, 2020 yilda 71 marotaba, 2021-yilda esa 128 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. Natijada qiynoqqa solish holatlarining oldini olish bo‘yicha Parlament va jamoatchilik nazorati o‘rnatilishiga erishildi.

Shuningdek, MPM doirasida mahkumlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan kelib tushayogan murojaatlar soni ham yil sayin ortib, Ombudsman institutiga bo‘lgan ishonch yana-da ortdi. Raqamlar statistikasiga ko‘ra, 2017 yilgi murojaatlar 565 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2020 yilga qadar bu ko‘rsatgich 1 563 taga yetdi. 2021 yilning 11 oyida esa mahkumlar va ularning yaqin qarindoshlaridan 2 058 ta murojaat qabul qilingan.

Islohotlarning mantiqiy davomi sifatida Davlat rahbarining 2021-yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori bilan qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtirish, qiynoqqa solish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarning tezkor va xolisona ko‘rib chiqilishi hamda aybdor shaxslarning muqarrar javobgarlikka tortilishi mexanizmini takomillashtirish, qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilishini hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini taʼminlash, qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish faoliyatiga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish kabi masalalar ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi va Ombudsman huzuridagi MPM faoliyati yana-da takomillashtirildi. Jumladan, Ombudsman huzuridagi ekspert guruhi negizida Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari tashkil etildi. Ular zimmasiga qiynoqqa solish holatlarini aniqlash hamda ularni tezkor bartaraf etish bo‘yicha talabnomalarni tegishli davlat organiga taqdim qilish, qiynoqqa solish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish, qiynoqqa solish holatlarini ekspertlik baholash masalalari bo‘yicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish kabi vazifalar yuklatildi.

Qolaversa, Ombudsman ekspertlik guruhi negizidagi Jamoatchilik guruhlari tarkibiga Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz ekspertlari, tibbiyot xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini jalb qilishi belgilandi. Bunda ularning monitoring tashriflarini amalga oshirish uchun kasbiy malakasi va amaliy bilimlarga ega bo‘lishini hamda gender tengligi taʼminlanishi hisobga olinadi.

Qayd etish lozimki, monitoring jarayonlariga ommaviy axborot vositalarining ham jalb qilinishi inson huquqlarini taʼminlash borasidagi davlat siyosatining yopiq muassasalarga ham yetib borganini aholiga ko‘rsatish, ushbu obyektlardagi shart-sharoitlarning xalqaro standartlarga moslashayotganini ko‘rsatish imkonini berdi.

Joriy yilda Ombudsman boshchiligida amalga oshirilgan monitoring tashriflarini yoritgan ommaviy axborot vositalari vakilari mahkumlarning yashash, ovqatlanish, mehnat qilish, tibbiy xizmatdan foydalanish kabi sharoitlari bilan tanishish barobarida mahkum va mahbuslar bilan shaxsan muloqot qildilar.

O‘tgan davr mobaynida Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tahliliy maʼlumotlar tayyorlanib, mutasaddi vazirlik va idoralarga yuborildi va ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mamlakatda olib borilayotgan islohotlar qiynoqlarni aniqlash va ularning oldini olish tizimini xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtirishga va ularni muvaffaqiyatli amalga oshirishga xizmat qiladi.

Temurbek XAYITOV

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyatining bo‘limi boshlig‘i