Tadbirda ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalariga bolalarni joylashtirishning oldini olish masalasi hamda ular oilalari va hamjamiyatlariga tegishli ravishda reintegratsiyasi sohasidagi natijalar sarhisob qilindi.
Xususan Respublika o‘quv-tarbiya muassasalaridan chiqarilgan bolalarning reintegratsiyasi bilan bog‘liq muammolari muhokama qilindi. Qayd etilganidek, yopiq muassasalardan qaytgach, ko‘plab o‘spirinlar bunday muassasalarga joylashtirilishiga sabab bo‘lib, hali ham yechim topmagan ijtimoiy muammolarga duch keladi.
Ular ota-onalar, boshqa oila aʼzolari, maktab va hamjamiyatlar tomonidan qabul qilinmasligi mumkin. Shu sababli yopiq muassasalardan qaytgan bolalar uchun reintegratsiya xizmatlari, xususan, oilalarni qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini yaxshilash o‘ta muhimdir.
Shuningdek ozodlikdan mahrum qilish faqat eng so‘nggi chora sifatida imkon qadar qisqa vaqt davomida qo‘llanilishi va xalqaro standartlarga muvofiq istisno holatlari bilan cheklanishi lozimligi ishtirokchilar tomonidan taʼkidlandi.
Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridagi bolalar ahvolini baholash ularning aksariyati qiyin hayotiy sharoitdagi oilalardan ekanligini ko‘rsatadi. Bunday oilalarning asosiy muammolari moddiy qiyinchiliklar, spirtli ichimliklar va psixoaktiv moddalarni isteʼmol qilish, doimiy ish bilan bandlikning yo‘qligi, oila aʼzolar o‘rtasida jiddiy ruhiy kasalliklar bilan bog‘liq.
Yig‘ilishda taʼkidlanganidek, agar diqqatni qiyin ahvoldagi oilalarni erta aniqlashga qaratilsa, ular bilan profilaktika ishlari olib borilsa, mahalla va maktablarda ishlar yana-da kuchaytirilsa, bolalar himoyasi va ularning farovonligi oshadi. Bu, o‘z navbatida qiz va o‘g‘il bolalarning oilasidan zaruratsiz ajratishni va bolalarni ixtisoslashgan muassasalarga joylashtirishni kamaytirishga xizmat qiladi.
Bolalarning eng yaxshi manfaatlarini ko‘zlagan samarali reintegratsiya hamjamiyat darajasidagi profilaktika va qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini ishlab chiqish va ularni joriy etishni talab qiladi. Barcha bolalar, jumladan qonun bilan ziddiyatdagi bolalarni oilalaridan ajratish va internat muassasalariga joylashtirishning oldini olish uchun erta aniqlash, yo‘naltirish va kompleks ijtimoiy xizmatlarni taqdim etish shular jumlasiga kiradi. Bolalar, ota-onalar, oilalar va hamjamiyatlarni reintegratsiyaga tayyorlashda ularga hamroh bo‘ladigan o‘qitilgan ijtimoiy sohaga oid kadrlar bo‘lishi ahamiyatlidir deya qayd etildi yig‘ilishda.
Tadbirda normativ-huquqiy baza va tarmoqlararo hamkorlikni takomillashtirish, tegishli mutaxassislarning salohiyatini oshirib, hamjamiyat darajasida oilani qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini kuchaytirish, zararli gender normalarini bartaraf etish bo‘yicha ishlarni davom ettirish, huquqbuzarlik bilan bog‘liq xatarlarning oldini olish bo‘yicha monitoring va samaradorlikni baholash ishlarini hujjatlashtirish va boshqa tavsiyalar ishlab chiqildi.
Manbaa: senat.uz