Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishda muhokama qilingan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotida taʼkidlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha vakil Feruza Eshmatovaning maʼlum qilishicha, ombudsman faoliyatida asosiy eʼtibor O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy strategiyasini tasdqilash to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan Milliy strategiya va uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”da hamda 2021 yil 10 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilab berilgan maqsad va vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan.
Hisobotda qayd etilishicha, 2021 yilda Vakil nomiga jami 18738 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu raqam 2020 yilda 14975 tani tashkil etgan edi. Murojaatlarning 1321 tasiga ularning mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, huquqiy maslahat va tavsiyalar berilgan. Murojaatlarni tegishliligi bo‘yicha ko‘rib chiqish va hal etish yuzasidan davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga hamda boshqa tashkilotlarga 6160 ta xat yuborilgan. Vakil tomonidan parlament nazorati subyekti sifatida 11257 ta murojaat ish yurituviga olinib, ularning 2517 tasi ijobiy hal etilgan. Shuning bilan birga, murojaatlarga tegishli tartibda javob berilmagani uchun takroran yuborilgan murojaatlar miqdori oshgan va bu 2020 yilda 2329 tani tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yilda 4655 taga yetgan.
O‘tgan yilda Ombudsman kotibiyati xodimlari 108 marotaba sudlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan. Vaholanki, 2020 yilda bu raqam atigi 32 tani tashkil etgan edi. Shuning bilan birga, fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy huquq va erkinliklarini hamda adolatli mehnat sharoitlariga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish borasidagi faoliyatga asosiy eʼtibor qaratilgan. Jumladan, 2020 yilda Vakilga fuqarolarning mehnat huquqlarini taʼminlash yuzasidan 1058 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 632 tasi ishdan asossiz bo‘shatilgani, 248 tasi mehnat haqi va boshqa to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq berilmagani, 138 tasi ish beruvchining harakatlaridan hamda 40 tasi mehnatni cheklash va majburiy mehnatga jalb etish, maʼlumotlarni olishni cheklash haqida bo‘lib, ularni bartaraf etish yuzasidan vakolat doirasida tegishli choralar ko‘rilgan.
Muhokama jarayonida fraksiya aʼzolari Ombudsman hisoboti yuzasidan fikr-mulohaza, takliflarini bildirdilar.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng deputatlar Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakilining 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini tasdiqladilar.