Dastlab murojaat mualliflari bilan holi tarzda suhbatlashildi. Ulardan biri Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan ayblanib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinib, 4-son tergov hibsxonasida 2022 yil yanvar oyining 21 kunidan buyon saqlanayotganini maʼlum qildi. Uning qayd etishicha, yurak kasalligidan uzoq yillardan buyon davolanib kelgan. Qamoqqa olingandan keyin sog‘ligi yomonlashib, RSHTYOIM Buxoro filialining kardio reanimatsiya (jonlantirish) bo‘limida davolangan. So‘ngra yana hibsxonasiga yuborilgan va hibsxonaning tibbiy bo‘limida davolanmoqda. Murojaatchi hibsxona tibbiy bo‘limida unga zarur ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam berish imkoniyati to‘liq bo‘lmaganligi sababli, ahvoli yaxshilanmayotganligini va shifokorlar ham uning sog‘ligidan xavotirda ekanligini bildirdi. Mahbus mintaqaviy vakildan unga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasini yengilrog‘iga almashtirishda va malakali tibbiy yordam olib, ixtisoslashtirilgan kasalxonada davolanishida amaliy yordam so‘radi.
Mintaqaviy vakil Abira Huseynova murojaatchiga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasini tayinlashni so‘rab murojaat qildi. Ekspertiza natijasiga ko‘ra, murojaatchining vajlari ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, qabul davomida mahbuslardan apellyatsiya sudi majlislarida mintaqaviy vakilning kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi, sudlarda advokat ishtirokini taʼminlashda amaliy yordam ko‘rsatilishi va boshqa masalalarda murojaatlar kelib tushdi va ular mintaqaviy vakil nazoratiga olindi.
Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati