Mintaqaviy vakil dastlab mahkumlarning uzoq muddatli uchrashuvlarga kelgan oila aʼzolari bilan suhbatlashdi. Uchrashuvda muassasadagi shart-sharoitlardan va muassasa xodimlarining muomalasidan mamnunliklarini bildirishdi.
Monitoring tashrifi davomida Manzil-koloniyadagi uzoq muddatli uchrashuv xonalari 3 ta ekanligi, bu mavjud mahkumlar soniga nisbatan ancha kamligi ayon bo‘ldi. Mintaqaviy vakilning bu eʼtiroziga koloniya rahbari uzoq muddatli uchrashuvlar uchun yana 8 ta xona qurilishi boshlanganligini, qurilish joriy yilning ikkinchi choragi yakuniga qadar tamomlanishini maʼlum qildi.
Manzil-koloniyadagi oshxona va oziq-ovqat mahsulotlari saqlanayotgan xonalar ham mintaqaviy vakil eʼtiboridan chetda qolmadi. Oshxonada ovqatlanish uchun yaxshi sharoit yaratilgani, bugungi kunda qo‘shimcha xonalar qurilayotganligi hamda oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashda belgilangan talablarga qatʼiy amal qilinayotganligi maʼlum bo‘ldi.
Mahkumlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish, dori-vositalari taʼminoti bilan bog‘liq kamchiliklar aniqlanmadi.
Mahkumlar bilan o‘tkazilgan jamoaviy suhbatdan so‘ng mintaqaviy vakil bilan holi uchrashishni so‘ragan mahkumlar qabul qilindi. Ulardan biri Qashqadaryo viloyatida doimiy ro‘yxatda turishini, oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lganligi, onasi kasalligi va uyidagilarni uchrashuvga kelib turishi uchun uni Qashqadaryo viloyatidagi Manzil-koloniyalardan biriga o‘tkazilishida amaliy yordam berilishini so‘radi.
Oila aʼzolari Qirg‘iziston Respublikasida yashovchi mahkum ham oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lganligi sababli uni Toshkent viloyatidagi Manzil-koloniyalardan biriga o‘tkazilishida yordam so‘radi.
Shundan so‘ng koloniya xodimlari bilan 2021 yil 10 sentyabrda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyati hamda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda qiynoqqa solish hamda boshqa g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalaning oldini olish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Shu bilan bir qatorda, mintaqaviy vakil mahkumlarni rag‘batlantirish masalalari belgilangan mezonlarga muvofiqligini ko‘rib chiqish uchun muassasada tuzilgan komissiya yig‘ilishida ham ishtirok etdi. Unda muassasada saqlanayotgan 5 nafar mahkumni rag‘batlantirish masalasi muhokama qilindi. Ushbu mahkumlarining xulq-atvori belgilangan mezonlarga muvofiqligi yuzasidan hujjatlar o‘rganilib, mahkumlar bilan suhbatlar o‘tkazilib, oilasidagi sharoitlar va ularga munosabati hamda ozodlikka chiqqanidan so‘ng ijtimoiy foydali mehnat bilan taʼminlanishi, mehnatga bo‘lgan ijobiy fikrlari, sodir etgan jinoyatiga munosabati yuzasidan suhbatlar yakunida rag‘batlantirish bo‘yicha taklif jamoatchilik vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Mintaqaviy vakil tomonidan rag‘batlantirilgan mahbuslarga shaxsiy rivojlanishga oid kitoblar sovg‘a qilindi. Shuningdek, muassasa kutubxonasiga badiiy adabiyotlar berildi.
Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati