Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Samarqanddagi 38-son manzil-koloniyasida qanday kamchiliklar aniqlandi?
Joriy yilning 24 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Diyor Xusanov va “Yuksalish” umummilliy harakat Samarqand viloyat bo‘linmasi bosh mutaxassisi Dilnur Aʼzamovlar Samarqand shaxridagi 38-sonli manzil-koloniyasida bo‘lib, u yerda saqlanayotgan mahkumlarning sharoitlari bilan tanishdi.

Uchinchi mintaqaviy hudud 38-son manzil-koloniyasi erkak mahkumalarni saqlash uchun mo‘ljallangan. 24 mart holatiga koloniyada 390 nafar mahkum jazo muddatini o‘tamoqda. Mahkumlarning 359 nafari mehnatga layoqatli va 323 nafari ishga jalb etilgan. Mehnatga jalb etilgan mahkumlar g‘isht ishlab chiqarish va shisha butilkalarni yuvib tozalab berish bilan shug‘ullanishadi. Mahkumlarning o‘rtacha ish xaqqi bir oyda 960 ming so‘mni tashkil etadi.

Manzil-koloniya yashash sahnida mahkumlar uchun tibbiyot bo‘limi mavjud. Tibbiyot bo‘limida ambulator va statsionar sharoitda mahkumlarni davolashga mo‘ljallangan. O‘rganish davomida tibbiyot bo‘limda 8 nafar mahkum davolanayotgani va u yerda 23 turdagi birinchi yordam uchun mo‘ljallangan dori-darmonlar mavjud ekanligi aniqlandi.

Mahkumlarni madaniy dam olishlari uchun alohida 50 nafar shaxsga mo‘ljallangan dam olish xonasi mavjud bo‘lib, ushbu xona televizor bilan taʼminlangan. Shuningdek, koloniyada alohida kutubxona bor. Bugungi kunda kutubxonada 1350 ta kitob mavjud.

Мahkumlarga olib kelingan mahsulotlaridan taom tayyorlashlari uchun 1 ta katta oshxona mavjud bo‘lib, u o‘choq, gaz, elektr energiya bilan taʼminlangan. Lekin, ushbu oshxonadagi stollar ustidagi yopinchiqlar dasturxonlarini barchasi yaroqsiz holatda ekanligi uchun ularning barchasini yangilash bo‘yicha tavsiya berildi.

Mahkumlarning yuvinish xonalari yangidan qurilgan. Yuvinish xonalaridagi dush (leyka)lardan birini suvi ochib ko‘rilganda issiq suv kelmaganligi aniqlandi hamda ushbu holatni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Tashrif davomida uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari ham ko‘zdan kechirildi. Uzoq muddatli uchrashuv xonalari soni jami 3 ta bo‘lib, 390 nafar mahkumlar uchun xonalar soni kamlik qilishi maʼlum bo‘ldi. Bu esa ularning oila aʼzolari bilan uchrashishlarida navbatlar vujudga kelishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, qisqa muddatli urashuv uchun ajratilgan maxsus joylarni ham zamon talablari asosida taʼmirlash yuzasidan zaruriy tavsiyalar berildi.

Shuningdek, tashrif davomida, Mintaqaviy vakil ishtirokida muassasada saqlanayotgan 2 nafar mahkumning olgan intizomiy jazosini muddatidan oldin rag‘batlantirish tariqasida olib tashlash masalasi muhokama qilindi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiya ID-kartasi - O‘zbekiston Respublikasi hududida egasining shaxsini va O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini tasdiqlaydigan, ID-karta egasining shaxsiy biografik va biometrik maʼlumotlari kiritilgan elektron tashuvchi qurilmaga ega bo‘lgan hujjat  8 nafar mahkumlarga rasmiylashtirib berildi.

Tashrif davomida koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar bilan jamoaviy va yakkama-yakka  uchrashuvlar o‘tkazildi.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati